Yosh shaxmatchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyildi

19:34 11 Yanvar 2023 Sport
1165 0

Foto: Халқ сўзи

Yoshlar ishlari agentligining “Kitob olami” majmuasida “Yosh shaxmatchilarni qoʻllab-quvvatlash” mavzusidagi matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Anjuman avvalida oʻzbek shaxmati sarhisobi yuzasidan videorolik namoyish etildi. Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev soʻzga chiqib, BMB TRADE GROUP kompaniyasi bilan hamkorlikning ahamiyati, yoshlar oʻrtasida intellektual oʻyinlarni rivojlantirish, yoshlarning shaxmatga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, yosh shaxmatchilarga oʻz ustida ishlashlari uchun shart-sharoitlar yaratish, ularni qoʻllab-quvvatlash borasida toʻxtalib oʻtdi.

— Mazkur anjumanda Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, BMB TRADE GROUP rahbariyati ishtirokida yurtimizning yosh, iqtidorli shaxmatchilari — Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Umida Omonova, shaxmat boʻyicha jahon chempioni Humoyun Bekmurodovlarga bosh homiy biriktirildi. — dedi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev. — Bu hamkorlik va qoʻllab-quvvatlash zamirida yosh shaxmatchilarimizga boʻlgan yuksak ishonch yotibdi. Oʻylaymizki, ular bu ishonchni albatta oqlashadi.

Tadbir davomida BMB TRADE GROUP kompaniyasi Kuzatuv Kengashi raisi Bekzod Mamatqulovning Oʻzbekistonda yosh shaxmatchilarga homiylik koʻrsatish va ularni doimiy qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi maʼruzasi oʻqib eshittirildi.

Anjuman yakunida OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?