Yosh oʻzbek olimalarining kitobi dunyoning yetti tilida nashr etildi

01:14 21 Oktyabr 2023 Jamiyat
238 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda yurtimizda taʼlim tizimining barcha boʻgʻinida hayotbaxsh islohotlar amalga oshirilib, barkamol avlod orzusi yoʻlida salmoqli yutuqlarga erishilmoqda. Bunda jahonning nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, oʻzaro tajriba almashish, ilmiy ishlarni birgalikda bajarish, innovatsion gʻoyalarni hayotga tatbiq qilish boʻyicha barcha shart-sharoit yaratilayotgani muhim ahamiyat kasb etayotir.

Ana shunday islohotlarning samarasi mamlakatimizda teran bilim va dunyoqarashga ega, zamonaviy axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirgan raqobatdosh mutaxassislar safi tobora kengayib borayotganida oʻz ifodasini topayotir. Shu bilan bir qatorda, oliy taʼlim muassasalarining reyting koʻrsatkichlari, professor-oʻqituvchilar va yosh olimlarimizning ilmiy salohiyati yuksalmoqda. Oʻz navbatida, Oʻzbekistonning bu boradagi yutuqlari xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan ijobiy baholanayotgani, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, ilm-fan sohasida ulkan natijalarni qoʻlga kiritayotgan yosh olimlar safi kengayib borayotgani yanada quvonarlidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi doktoranti (Dss), iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Dilnavoz Abdiyeva va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Marketing kafedrasi dotsenti v.b., iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Diyora Usmonova ham iqtisodiyot sohasida ilmiy izlanishlar olib borib, yutuqlari nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham tan olinayotgan isteʼdodli yosh olimalarimizdan hisoblanadi.

Yaqinda bu yosh olimalarimizning “Tikuv-trikotaj mahsulotlari eksportida marketing tadqiqotlari” deb nomlangan monografiyasi Buyuk Britaniyaning nufuzli “Globe Edit” akademik nashriyoti tomonidan dunyoning yetti tilida nashr etildi. Eslatib oʻtamiz, mazkur nashriyot oʻz mahsulotlarini xalqaro matbaa bozorida 80 mingta kitob savdo shoxobchasi hamda 3 mingdan ortiq internet-doʻkonlarda taqdim qiladi.

Oʻquv-qoʻllanmada bugungi kunda mazkur sohada iqtisodiyot ilmining muhim yoʻnalishlari sirasiga kiruvchi marketing, menejment, raqamli iqtisodiyot, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllash, mehnat resurslari va mutaxassislar salohiyatidan unumli foydalanish borasida mualliflarning ilmiy-amaliy tajribalariga asoslangan fikrlari berilgan.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizning yaqin istiqbolga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi, “Raqamli iqtisodiyot — 2030” strategiyasi, qolaversa, iqtisodiyot tarmoqlarini zamonaviy mezonlar asosida modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, ilm-fan yutuqlari, innovatsiya gʻoyalarini amaliyotga keng tatbiq etishga qaratilgan izchil saʼy-harakatlar doirasida barcha muhim yoʻnalishni isloh etish koʻzda tutilgan. Bu esa, oʻz navbatida, milliy va xalqaro tajribani oʻzaro integratsiya qilish, nazariya va amaliyot sohasidagi bilimlarni uygʻunlashtirishni taqozo etadi. Oʻsh olimalarimizning ushbu oʻquv-qoʻllanmasi ana shunday ezgu maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Monografiya “Eksport faoliyatida marketing konsepsiyasining ilmiy-nazariy asoslari”, “Tikuv-trikotaj mahsulotlari eksportida marketing faoliyati tahlili” va “Marketing yondashuvi asosida tikuv-trikotaj mahsulotlari eksporti samaradorligini oshirishning asosiy yoʻnalishlari” nomli uch yirik bobdan iborat. Ularda tikuv-trikotaj mahsulotlari eksportida yurtimizda va xorijda kechayotgan iqtisodiy jarayonlar, ilm-fanda urfga kirayotgan tendensiyalar, ilmiy ishlanmalar teran nigoh bilan ochib berilgan. Sir emaski, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar jarayonida toʻqimachilik sanoati va uning tarkibidagi tikuv-trikotaj tarmogʻini rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, monografiyada mazkur tarmoqda islohotlarni samarali amalga oshirishda hududiy paxta-toʻqimachilik klasterlarini tashkil etish, xalqaro sifat standartlariga mos mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda ularni eksport qilishda marketing tadqiqotlarini olib borish, bozorlarni segmentlash orqali ulardan istiqbollilarini tanlash muhimligi ilmiy asoslangan. Olimalarimizning oʻquv-qoʻllanmasida tikuv-trikotaj mahsulotlari eksportida marketing strategiyasini ishlab chiqish, uning samaradorligini oshirish boʻyicha ilmiy izlanishlarning natijalari va xulosalari oʻz ifodasini topgan. Yana bir eʼtiborli jihati, aniq tahlillar va shu asosda kelib chiqqan xulosalar kitobning nafaqat ushbu sohada taʼlim olayotgan yoshlar, balki mazkur tarmoqda faoliyat olib borayotgan mutaxassis va kadrlar uchun ham ahamiyatini oshiradi.

Ishonamizki, yosh olimalarimizning mazkur kitobidan talabalar, professor-oʻqituvchilar, iqtisodiyot tarmoqlarida faoliyat olib boruvchi mutaxassislar hamda shu sohaga qiziquvchilar muhim qoʻllanma sifatida foydalanadi. Istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va ilmiy ishlar jarayonida unda keltirilgan fikrlar, amaliy taklif va tavsiyalar qoʻl keladi. Ayni chogʻda yosh olimalarimizning bu yutugʻi tinimsiz mehnat hamda aniq maqsad yoʻlida doimo izlanishda boʻlgan tengdoshlariga ibrat namunasi hamdir.
Shahnoza ERGASHXODJAYEVA,
TDIU Marketing kafedrasi mudiri,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?