Yosh avlodning “aql mashʼala”larini yoqmogʻimiz lozim
Foto: Arxiv surat
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodovning “Xalq soʻzi” gazetasining shu yilgi 11-aprel sonida bosilgan “Millat uchun hayot-mamot masalasi” maqolasi jamiyatimizda katta qiziqish uygʻotdi. Boisi unda jamiyat va davlat taraqqiyoti negizida faqat va faqat taʼlim-tarbiya asosiy oʻrinda turishi juda oʻrinli tarzda asoslab berilgan.
Darhaqiqat, bu yangi Oʻzbekiston poydevorini bunyod etayotgan bir paytda juda dolzarb masala sanaladi.
Jamiyatda yoshlar taʼlim-tarbiyasi har doim kunning birinchi darajali mavzularidan biri boʻlib kelgan. Dunyoning rivojlangan davlatlaridagi jamiyat va davlat taraqqiyoti masalasiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, yoshlar taʼlim-tarbiyasi asosiy oʻrinda turadi. Maqolada keltirilgan jahonning taniqli yozuvchi vao limlarining bu boradagi qarashlari insonni yanada chuqurroq mushohada qilishga undaydi.
Maqolada muallifning yozishicha: “Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, uchinchi Renessansni bunyod qilish, erkin va farovon jamiyat qurish yoʻlida belgilab olgan ulkan maqsadlarga qanchalik tez erishishimiz millatning bilim va tafakkuri, salohiyatiga bogʻliq”.
Xalqimiz azaldan ilmli, maʼrifatli kishilarni qadrlagan, ilm ahlini har tomonlama qoʻllab-quvvatlagan. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev barcha maʼruzalarida ilm-fan, innovatsiya, shijoat va tashabbuskorlik xususida takror va takror taʼkidlaydi.
Darvoqe, taʼlim-tarbiya uzluksiz jarayon boʻlib, ushbu jarayonda hech qachon tanaffus boʻlmaydi. Va shu oʻrinda taʼlim va tarbiya yuksak masʼuliyat talab etadigan jarayondir. Shuning uchun ham taʼlim va tarbiya ijtimoiy islohotlar zanjiridagi eng muhim halqa hisoblanadi.
Professor Rustam Xolmurodov taʼlim tizimining chin maʼnodagi jonkuyari, sohaning dargʻalaridan desam yanglishmayman. Ayniqsa, oliy taʼlimda oʻz oʻrniga ega olim. Muallif maqolada bilimsizlikka qarshi qanday kurash olib borish kerak, degan savolni qoʻyadi va unga quyidagicha javob qaytaradi: “Albatta, sifatli taʼlim berish, millatning mudrab yotgan dahosini uygʻotish bilan. Demak, yosh avlodning “aql mashʼala”larini bugun yoqmogʻimiz lozim. U jamiyatda insonning butun umr ilm olish uchun barcha sharoitni yaratib berish, maʼrifatli davlat siyosatini yuritish, bola ongu shuuriga goʻdakligidanoq ziyo olib kirish yordamida amalga oshiriladi”.
Bugun dunyoda globallashuv jarayoni tezlashmoqda. Dunyo xalqlari, davlatlar oʻrtasida oʻzaro aloqalar kuchaymoqda. Mamlakatimiz ham bundan yiroqda emas. Turli millatlarga xos boʻlgan qadriyatlar yoshlarimiz hayotiga ham taʼsir koʻrsatmoqda. Bunday paytda yoshlarimiz aqlan teran mushohada yurita olishlari lozim. Buning uchun esa chuqur bilim va salohiyat, mustahkam tarbiya zarur. Bu borada esa jamiyatimizning har bir fuqarosidan yuksak masʼuliyat talab etiladi.
Taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy qismini, albatta, oliy taʼlim tizimidagi islohotlar tashkil etadi. Bu borada, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi mazkur sohadagi yangi islohotlar uchun debocha boʻldi. Yangi-yangi oliy oʻquv yurtlari, dunyodagi yetakchi universitetlarning filiallari tashkil etilmoqda. Soʻnngi 6 yil ichida davlat oliy taʼlim muassasalari soni 200 tadan oshdi. Oliy taʼlimga qamrovning koʻlami yildan yilga ortmoqda. Demakki, taʼlim sohasidagi islohotlar ham bugungi kunda oʻzining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Shunday ekan, davlatimizning bu yuksak ishonchini oqlash, munosib javob qaytarish taʼlim tizimidagi barcha pedagoglarning ham burchi, ham ulugʻ vazifasi sanaladi.
Professor Rustam Xolmurodov maqolada taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, uni milliy gʻoya darajasigacha olib chiqish orqali mamlakat va millatni yuksak taraqqiyotga erishishini taʼminlash borasida oʻzining juda oʻrinli fikrlarini ilgari surgan. Butun umrini ilmga baxshida etgan bu insonning fikrlarini qadrlayman va toʻla qoʻllab-quvvatlayman.
Baxrom ABDULLAYEV,
Urganch davlat universiteti rektori,
fizika-matematika fanlari doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring