“Yoriq” mahallasidagi yorugʻ xonadon

17:58 23 Oktyabr 2025 Jamiyat
274 0

Quyosh yurtimizda yilning 310 kunida ham charaqlaydi. Madhiyamiz ham “serquyosh” degan soʻz bilan boshlanadi. Nega tayyor quyosh nurini uvol qilishimiz kerak? Axir, 310 kunlik quyosh nuri juda katta miqdorda quyosh energiyasi degani-ku. Muhimi, beminnat.

Oʻrta Chirchiqdagi “Yoriq” mahallasi Sharifjon Uzoqov koʻchasida joylashgan 48-uyda yashovchi Shahboz Sotiboldiyev quyosh paneli oʻrnatuvchi xususiy korxonada elektrik boʻlib ishlaydi. U mazkur korxonada ish boshlagach, shu yilning avgustida oʻz xonadoniga quyosh paneli oʻrnatdi. Oilada olti jon yashaydi. Uyda ikkita televizor, bitta muzlatgich, mikrotoʻlqinli pech va boshqa maishiy jihozlar bor. Bularning barchasi elektr energiyasi evaziga ishlaydi, albatta. Darvoqe, jon boshiga oʻrtacha bittadan zamonaviy telefon hisobda borligini ham unutmaslik kerak. Hali yoritish va boshqa maqsadlar uchun sarflanadigan energiya bu hisobga qoʻshilmadi. Alalxusus, bir oyda oʻrtacha 250-300 kVt elektr energiyasi sarflanar, shuncha kVt energiya uchun haq toʻlanadi.

– Yoz kunlari har sutkada 10 soatgacha, qish mavsumida esa 8 soatgacha quyosh nur sochadi. Bu oilamizning bir kunlik elektr energiyasi sarfi uchun bir necha baravar koʻp quvvat manbai deganidir, – deydi Shahboz Sotiboldiyev. – Shuning hisob-kitobini olgan holda xonadonimizga soatiga 3 kVt energiya ishlab chiqaruvchi quyosh panelini oʻrnatdik.

Xonadon sohibi uchun ushbu quyosh panelini oʻrnatish umumiy hisobda 18 million soʻm xarajat talab qildi. Quyosh paneli oʻrnatilib, tuman elektr tarmoqlari korxonasida roʻyxatdan oʻtkazilgach, Shahboz Sotiboldiyev avgust va sentyabr oylarida elektr energiyasi uchun toʻlovni umuman amalga oshirmadi. Bundan keyin ham chiroq uchun toʻlov qilishi dargumon. Chunki buning uchun ehtiyoj qolmagandi. Endilikda chirogʻi oʻchmaydigan mazkur xonadon egasi elektr energiyasini markaziy taʼminotga topshirmoqda. Buning hisobiga xonadon hisobdonida mablagʻ toʻplanib bormoqda.

2023-yilda respublikamizda aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellari oʻrnatilishini ragʻbatlantirish boʻyicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirila boshlangandi. Mazkur dastur asosida mamlakatimizda 36,6 mingta aholi xonadonlarida umumiy quvvati 182,1 mVt boʻlgan quyosh panellarini oʻrnatildi.

Mamlakatimizning quyosh energiyasi salohiyati yiliga 51 milliard tonna neft ekvivalentiga, shamol energiyasi salohiyati yiliga 360 million tonna neft ekvivalentiga, gidroenergiya salohiyati 1,8 million tonna neft ekvivalentiga tengligi inobatga olinsa, eng tejamkor energiya manbasi quyosh nuriligi ayon boʻladi.

– “Yoriq” mahallasidagi 13 ta xonadon va mahalla idorasiga quyosh paneli oʻrnatilgan, – deydi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Rustam Hoshimov. – Bu xonadonlar misolida yoriqliklar “Quyoshli xonadon” dasturi odamlarning nafaqat uylariga, balki koʻngillariga ham yorugʻlik olib kirayotganining amaliy ifodasiga guvoh boʻlmoqda. Mahalladagi hokim yordamchisi Doniyor Ayazov saʼy-harakati bilan hududimizda quyoshli xonadonlar koʻpayishi kutilmoqda.

Aytgancha, Shahboz Sotiboldiyev yaqinda quyosh paneli uchun maxsus akkumulyator xarid qilmoqchi. Shunda quyosh paneli orqali olingan elektr energiyasini jamgʻarib borish imkoniga ega boʻladi. Buning uchun yurtimizda imkoniyat va sharoit mavjud.

Otabek ISROILOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер