"Yonayotgan yurak"

13:15 22 Sentyabr 2020 Madaniyat
2351 0

“Xalq soʻzi” gazetasi yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tahririyat rasmiy veb-sayti Madaniyat rukni ostida «Yosh ijodkorlar gurungi» ni tashkil etdi. Unda yosh shoir, nosir va tarjimonlarning ijodiy ishlari eʼlon qilib boriladi. Marhamat, oʻqing, bahra oling.

Navbatdagi ijodkor yosh tarjimon, nosir va jurnalist Nodirabegim Ibrohimova – 1989-yil Fargʻona viloyati, Oltiariq tumanida tugʻilgan. 2011-yil Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. Qisqa hikoyalari Rossiya, AQSH, Hindiston, Turkiya turli nashrlarida bir necha bor eʼlon qilingan. Yozuvchilar uyushmasining 2016-yilgi “Isteʼdod maktabi” VIII yosh ijodkorlar seminari nasr yoʻnalishi ishtirokchisi. Ijod fondi tomonidan 2017-yilda “Yoningdagi baxt” hikoyalar toʻplami 10 ming nusxada chop etilgan. Shuningdek, “Jodugar yoxud ming yillik hayot” va “Zulm va muhabbat” nomli mualliflik qissalari, “Dunyodagi eng baxtli odam”, “Toʻy sovgʻasi”, “Hayotning besh tortigʻi” nomli tarjimalar toʻplami nashr etilgan. 2018-yilda chop etilgan “Mitti hikoyalar: kecha va bugun” nomli kitobning toʻplovchisi va soʻzi boshchisi. 2018-yilda «Amarantus» adabiy agentligi tomonidan oʻtkazilgan tanlovda oʻzbek tilidan ingliz tiliga oʻgirilgan “Eng yaxshi tarjima” nominatsiyasida 1-oʻrinni egallagan. 2017-yil noyabr oyida Shvetsiya davlatida oʻtkazilgan “Yevropa ochiq adabiyot festivali va kitob forumi”da finalchilar qatoridan joy olgan. Shu yil soʻnggida Yoshlar ittifoqi mukofotining nasr yoʻnalishi boʻyicha “Yilning eng yaxshi yosh ijodkori” yoʻnalishida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. 
***
Yonayotgan yurak

Oddiy va zerikarli kunlarning birida diqqinafas ofisga Malika kirib keldi. Uning yelkalarini yopib turgan kamalakrang harir sharf, qulogʻiga qistirib olgan nastarin, labidan qoʻngan nim tabassum tushkunlik ruhidagi kulrang xonada mayin shabboda kabi yeldi. Bu hissiyotni kimdir sezdi, kimdir payqamadi. Koʻksiga urilgan bahoriy epkinni his qilgan Bahodir beixtiyor oʻrnidan turdi. Ayolning yonida direktor oʻrinbosari koʻringach, boshqalar ham majburan oʻrinlaridan turishdi.

— Malikaxon endi sizlar bilan ishlaydi. Bilmaganlarini oʻrgatinglar, — xodimlarga qaratilgan tund qiyofa ayolga oʻgirilgach tubdan oʻzgardi: jilmayib unga tavallo qildi: — Yuqoridagi mana shu joy sizga, u kuni kecha deraza yoniga hozirlangan buyumlar: yangi kompyuter oʻrnatilgan stol va qulay kresloga imo qildi. — Nima muammo boʻlsa, darhol menga ayting.

Direktor oʻrinbosarining ayollarga mulozamat qiladigan odati yoʻq edi. Bu esa Bahodirning qiziqishini orttirdi. Malika oʻz joyiga dadil borib oʻtirdi va barchaga zimdan qarab chiqdi. Balki uni yuqoridan yuborishgandir, oʻziga ishonganiga qaraganda yaxshi mutaxassis boʻlsa kerak, xayol qildi Bahodir. Ammo uni kuzatarkan, kun davomida biror ishga qoʻl urmaganini payqadi, oʻzining stolida qalashib yotgan hujjatlarga qararkan, bugun ham yarim kechgacha ofisda qolib ketishini oʻylab uf tortdi. Yangi xodim esa soat 18 boʻlishi bilan xonani tark etdi. Xonadagi ikki ayol yengil nafas olgandek, bir-biriga maʼnoli qaradi.

Malika ikkinchi kundan jonlandi. Ishga darrov kirishib ketdi, chindan ham, hisob kitob, hujjatlar bilan ishlash boʻyicha hech qanday koʻnikmaga ega emasdi. Avvaliga ikki ayoldan yordam soʻradi, ammo hech nimani tushunmadi. Bahodir ayollar oddiy savollarga atayin murakkab javob qaytarishayotganini sezdi. Malika shundan soʻng Bahodirga murojaat qildi.

Qoʻlidagi papkani ochib, uning stoliga qoʻydi:

— Oʻlay agar hech nimani tushunmayapman,  —dedi oʻz ustidan kulib.  —Qancha hisoblasam ham raqamlar mos tushmayapti.

— Buning siri oddiy,  —Bahodirga ham uning quvnoq kayfiyati yuqdi. Ammo ikki ayol ularni zimdan kuzatib turganini koʻrib, gʻashi keldi. Soʻng Malikaga yaqinroq turib sekin dedi:

— Hozir tushlik boshlanadi, batafsil tushuntirib beraman.

Malika mamnun boʻlgancha joyiga qaytdi. Tushlik vaqti xonadan barcha chiqib ketgach, Bahodir stulini koʻtarib uning yoniga oʻtirdi.

— Bir gal tushlikdan kechsangiz, barini oʻrganib olasiz.

— Bunisini oʻylamang, sumkamda blinchiklar bor, agar tushuntira olsangiz sizni ham mehmon qilaman.

Bahodir blinchiklar bunga arziydi, deb kuldi. U bu sovuq xonada oxirgi marta qachon kulganini eslolmasdi, ammo endi har kuni kulish uchun sabab borligini hozir his qildi. Bir necha kun tushlik shu tarzda — Malika keltirgan mazali yeguliklar bilan oʻtdi. Bahodir hatto u pishirgan narsalardan soʻng endi tamaddixonaga qaytib kirmasam kerak deb oʻylardi. Malikani hech nimani tushunmaydi, deb adashishgandi, u bir haftaga qolmay boshqalar kabi risoladagidek ishlay boshladi. Endi u ham Bahodirdek qoʻli qoʻliga tegmay kompyuter chiqillatar, hujjatlarni hijjalab tekshirar, hisob-kitob qilar, ish koʻp boʻlsa-da soat 18 boʻlishi bilan sumkachasini koʻtarib xayr degancha shoshib chiqib ketardi. Bahodir esa kechgacha ishlashdan nolimasdi, sababi uyda kutadigan hech kimi yoʻq edi. Malikani kutishsa kerak. Bahodir buni taxmin qilardi, ammo soʻramasdi.

Bir kuni tushlikdan ortgan 20 daqiqa vaqtini anhorda sayr qilib oʻtkazishga odatlangan Bahodirga Malika sherik boʻldi. Uning qoʻlida bitmagan hujjatlar bor edi.

— Boʻsh vaqtingizni oʻgʻirlay, dedim. Men bunaqa narsalarni tushunmayman, - imo qildi raqamlar toʻlib toshgan qogʻozga. — Kitoblar boʻlsa boshqa gap edi. Dostoyevskiy, Markes, Kafka... istagan asarlarga uzundan uzoq taqriz yozib berardim.

Malika bir on maʼyuslashdi. Bahodirning esa koʻzlari porladi:

— Kitob oʻqishni men ham yaxshi koʻraman. Telbani ham, Evrilishni ham, Yolgʻizlikni ham sevib oʻqiganman. Masalan, siz hasharotga aylangan Gregor bilan yashashingizga toʻgʻri kelganda nima qilardingiz? Uning oila aʼzolari kabi yoʻl tutgan boʻlarmidingiz?

Malika jonlandi, qogʻozlarni koʻrishni istamagani uchun teskari tarafini ushladi. Soʻng mamnuniyat bilan jilmaydi:

— O, Zamza... Men shundoq ham hasharot bilan yashayman. Faqat u Gregorga sira oʻxshamaydi.

Bahodirning hayronligini koʻrib mavzuni burdi.

— Yaqinda Anna Kareninani oʻqib tugatdim. Oʻzingiz-chi, ayolning qarorini oqlarmidingiz?

— Bu juda nozik savol.

— Siz javob bera olmaysiz. Chunki erkak kishisiz, Annani tushunmaysiz, -xoʻrsindi Malika.

— Koʻngil — ayol va erkakka ajralmaydi. Inson insonni tushunishi kerak. Men xonamizdagi anovi ikki xotinni tushunmasligim mumkin, ammo Annani juda yaxshi tushunaman, his qilaman.

Malika kulib yubordi. Anhor boʻylab sayr uzoqlarga choʻzildi. Suhbat qizgʻin kechar, adabiyot olami ularni real dunyodan bir lahza uzib qoʻygandi. Ammo Bahodir soatiga shoshib qaradi:

— Ishga kechikyapmiz, taksi tutaman, shekilli.

Lekin Malika taksiga oʻtirmadi.

— Siz ketavering. Ishga borgim kelmayapti.

Ayol shunday degancha yoʻlida davom etdi. Bahodir uning ortidan borgisi keldi. Lekin masʼuliyat va allaqanday hadik bunga yoʻl qoʻymadi. U ishga qaytdi. Kechgacha ishlasa-da, koʻz oʻngidagi raqamlar oʻrniga ezgʻilanayotgan Zamza, oʻzini poyezd tagiga tashlagan Anna va... jilmayib turgan Malika jonlanaverdi.

Tushlik vaqtidagi anhorgi sayr, adabiy suhbatlar Malikaning mazali yeguliklari bilan maroqli oʻtardiki, Bahodir tongda koʻzlarini ocharkan, bugungi tushlik vaqtini intiqib kutayotganini his qilardi. Kunning eng baxtli lahzasi har kuni soat 13 dan 14 gacha davom etardi.

— Baʼzan oʻzimni Oneginga oʻxshataman, -sayr payti Bahodir yana koʻnglini ochdi. - Meni sevgan qizlar koʻp boʻlgan, ammo birortasini yoqtirolmadim. Shuni xunini toʻlamasaydim, deb qoʻrqaman.

— Insonni majburan sevib boʻlmaydi, bu sizga bogʻliq boʻlmagan tuygʻu, —Malika oʻylanib qoldi.  —Qiziq... sevgi chindan bormikin oʻzi?

— Bor-bor, yoʻqsa, shuncha asarlar yaratilmasdi.

— Baʼzan kitobga kirib yashagim keladi, Bahodir. U yerda baxtliroq boʻlsa kerak odamlar.

— Men hozir baxtliman, Malika...

Malika uning koʻzlariga bir zum tikilib qoldiyu, ketishim kerak, deb taksiga qoʻl koʻtardi. Bahodir yana uning ketishini jim kuzatib qoldi.

Keyingi kunlar Malikaning ish borasida shashti past edi, Bahodir tushunmagan narsalaringiz boʻlsa soʻrayvering, deb bir necha bor taklif qildi. Bir kuni tushlikda uni yolgʻiz uchratdi va yonidan joy oldi. Odatda, Malika tamaddixonaga kirmasdi.

— Bugun ul bul pishirmadingizmi?

— Pishirayotgandim... kuyib ketdi.

— Xayolingiz parishonga oʻxshaydi, ish qiynab qoʻydimi?

— Bari tushunarli, faqat judaaa zerikarliii, — dedi Malika choʻzib.

— Siz juda yaxshi eplayapsiz, bu ketishda mendan ham oʻzib ketasiz, —koʻnglini koʻtardi Bahodir.

— Bundan nima naf?

— Yuqori lavozim, yaxshi maosh degandek... Bu yerda raqobat kuchli, sezgan boʻlsangiz.

Malika Bahodirga ajablanib qaradi:

— Koʻtarilib-koʻtarilib erimning oʻrnini egallaymanmi?

Bahodir ham ajablandi:

— Eringiz?

— Bilasiz, deb oʻylovdim. Direktoringiz — mening turmush oʻrtogʻim boʻladi.

Malika tosh qotgan Bahodirga qarab beparvo kuldi, soʻng jiddiy tortdi. Bahodirdan sas sado chiqmagach, stoldan turib nari ketdi va anhor boʻyidagi oʻrindiqqa choʻkib kitob oʻqishga tutindi. Bahodir esa bu paytda keksa, shoʻrtumshuq va koʻrsa asabi qoʻziydigan bir odamni – direktorni, yaʼni Malikaning erini koʻz oldiga keltirar, hech qachon uni ayol bilan yonma yon, jonma-jon tasavvur qilolmasdi. Tamaddixona derazasidan u Malikani koʻrib turar; nozik barmoqlari kitobni varaqlayotganini, silliq sochlarini shabboda uchirayotganini tomosha qilarkan, bu barmoqlarga kaft bosayotgan, sochlarini silayotgan dagʻal qoʻllarni koʻz oldiga keltirdiyu, titrab ketdi.

Bahodir Malikani koʻrsa-da, koʻrmaganga ola boshladi. Soʻzlarini eshitsayam qisqa javob qaytarar, yana tezda oʻz ishiga shoʻngʻirdi. Malika buni sezdi. Bahodir uni oʻtmishi, qarori uchun ayblar, sira hazm qilolmasdi. Adabiyotga oshufta koʻngil, shuningdek, boylikka ham oʻch ekanini tan olishni istamasdi. Muhabbat haqda esa gap boʻlishi mumkin emas. Yoʻq, Malika va janob direktorning orasida sof sevgi haqda umuman tasavvur qilolmaydi.

Kunlar yana zerikarli, tussiz va hissiz boʻla boshladi.

Bahodir direktorni kam koʻrgan. Firmani oʻrinbosar boshqarar, qariya esa onda-sonda koʻrinish berardi. U haqda deyarli bilmaydi. Lekin ich ichidan jini suymasdi. Odamning koʻzlari koʻp narsani sotib qoʻyadi: direktorning nigohlari sovuq va berahm koʻrinar, nazarida oʻsib borayotgan summa raqamlaridan boshqasini bilmasdi.

Endi Bahodir Malikani koʻrsa, direktor ham koʻz oldiga kelaverardi. Shuning uchun unga qaramaslikka tirishar, Malika ham avvalgidek quvnoq emasdi. Xonadagi oʻlik sukunat odamni ezib yuborardi.

Bir kuni Malika har doimgidek soat 18 boʻlishi bilan xonani tark etmadi. Barcha hamkasblar birin-ketin uylariga ravona boʻlishdi. Bahodir har doim ofisni oxirida tark etardi. Bugun unga Malika sherik boʻldi. Stolida Bahodirnikidan ham koʻproq hujjatlar qalashib yotar, ayol ulardan koʻz uzmay raqamlarni solishtirardi.

Ikki soat shu alfozda ishlashdi.

— Inson insonni tushunishi kerak, degandingiz,  —nihoyat, Malika soʻz boshladi. 

— Albatta, tushunaman. Masalan, siz hozir uyingizga borishingiz kerak. Kechiksangiz, muammo chiqishi aniq.

— Mendan xavotir olmang. Uyda hech kim kutgani yoʻq. Xuddi siz kabi.

Bahodir hujjatlardan uzilib, Malikaga termuldi.

— Siz... siz juda ajoyibsiz, Malika. Ammo...

— Bilaman. Eslatish shart emas,  —Malika koʻzlarini kulrang devorga, yogʻoch javonga, tuvakdagi gullarga tikdi. Ammo yigitga qaramadi.

— Toʻgʻri, hayotingizga aralashishga haqqim yoʻq. Shu vaqtgacha birovlarning oilasiga tumshuq suqmaganman. Baribir! Baribir bunday boʻlmasligi kerak edi. Men sizni... yuksak koʻrardim, juda yuksak.

— Kim ekanimni bilganingizdan soʻng past kimsaga aylandim, toʻgʻrimi?

Bahodir oʻrnidan turib derazani ochdi. Koʻksiga salqin havo urilgach, yengil tortdi.

— Bu mening qarorim, birov uni muhokama qilishini istamayman, —Malika ham oʻrnidan turib oʻziga qahva damladi.

— Unda nega bu yerda, men bilan qoldingiz?  —Bahodir sigaret tutatdi.

— Qarorimni tan olishingizni va yana doʻstimga aylanishingizni istayman,  —Malika ham deraza yoniga keldi.

— Doʻst...  —Bahodir kuldi.

— Nimasi kulgili?  — Malika achchiqlandi. — Istamasangiz kerakmas!

Shunday deya ketishga chogʻlandi, ammo Bahodir uning bilagidan mahkam tutib qoldi.

— Senga oʻsha qari tullakdan boshqa odam yoʻqmidi? Qanday yashash mumkin u bilan?! Koʻzlaringga zebu zari goʻzal koʻrindimi? Ammo unutma, boylik ham chiroyli yuzing kabi bevafodir, hammasi oʻtkinchi! Ammo qalb... qalbdagi chin tuygʻularning qadri baland! Sen buni tushunmaysan, Malika, shohona hayotingda kitoblarga koʻmilib yashasang-da, hayotda chin sevgi nimaligini bilmay oʻlib ketasan.

Malika koʻzlari katta-katta boʻlgancha, oʻziga kiprik qoqmay qarab turgan Bahodirdan oʻzini xoli qilishga urindi, bu besamar ketgach, narigi qoʻlidagi qahvani alam bilan uning ustiga toʻkib yubordi. Bahodir ax dedida, qoʻllari boʻshashdi. Malika eshik tomon chopib bordi, ammo tutqichga qoʻl uzatmadi. Ortiga oʻgirildi: Bahodir egnidagi koʻylakni shoshib yecharkan, oʻng yelkasiga toʻkilgan qahvani nimada artishni bilmay, stolga alanglardi. Malika deraza yoniga qaytdi. Tortmasidan qoʻl sochiq olib unga uzatdi.

— Kuymadimi?

— Qaynoq emasdi, —Bahodir yelkasini artdi.

Malika shosha-pisha uning qoʻlidagi koʻylakni oldi va deraza raxiga ildi.

— Tezda qurib qoladi.

Bir muddat jim qolishdi.

— Kechirasan.

— Uzr.

Ikkisining gapi baravar chiqdi. Bahodir ayni paytda qarshisida haqiqiy Malikani koʻrardi: mehrga, himoyaga muhtoj, koʻngli siniq, ezgin, ammo qalbida umid yoniq. Uni quchgisi, doim yoningda boʻlishni istayman, degisi, koʻzlari tubiga uzoq termilgisi keldi. Bu istak butun vujudini alangalatdi va ayol taraf bir qadam tashladi, vaholanki, ularni bir qadamgina ajratib turardi, xolos.

Malika darhol ortga tislandi:

— Keragi yoʻq, Bahodir. Siz... men hayotda duch kelgan eng ajoyib insonsiz. Sizni unutmayman.

Malika ketdi.

Bahodir oʻziga kelgach, ertadan yana unga doʻst boʻlaman, faqat doʻst, deb qaror qildi. Lekin doʻstlik ham nasib qilmadi. Malika ofisga qaytib kelmadi. Surishtirsa, boʻshab ketibdi. Bahodir uni uzoq vaqt qumsadi, izlamaslik, yoniga bormaslik uchun yana-da koʻproq ishlash, hujjatlar olamida yashashga tirishardi. Lekin qachon direktorni uchratar ekan, bari boshqatdan boshlanardi. Yana Malikaning xotirasi qiynar, to chalgʻib iztiroblar yengillamaguncha qoʻli ishga bormasdi.

Oxir oqibat u ham ishdan boʻshashga qaror qildi. Umuman, hisob kitobdan uzoqlashdi, boshqa sohaga oʻtib ketdi. Malikaning xayollaridan ham shu tariqa uzoqlashdi.

Bir kuni esa gazetada sobiq direktorining vafot etgani haqdagi kichik xabarni oʻqidi. Qalbida qarama qarshi tuygʻular kurasha boshladi. Lekin bu paytda qaror qilib boʻlmasdi: uning yaqinda toʻyi boʻlayotgandi. Olislarda qolib ketgan Malikani esa sarobdek, bir tushdek qabul qilishga oʻzini koʻndirgandi. Ammo hozir uni juda koʻrgisi keldi, qandaydir umid bilan u bilan doim sayr qilgan anhor boʻyiga yoʻl oldi. Ancha kezindi. Nazarida, Malika ham kamalakrang sharfi bilan yelkasini oʻragancha, yerdagi xazonlarni bir-bir bosib u tomon keladigandek edi. Bahodir har oʻtgan ketgandan Malikani izladi, shom tushgach majbur taksi tutdi. Bir vaqtlar Malika ham shu yerdan taksiga oʻtirib ketib qolganida ortidan borishim, uning manzilgohini bilishim kerak edi, deb oʻyladi.

Bahodir Malikani oradan bir necha oy oʻtgach koʻrdi. Malikaning oʻzi uni izlab keldi.

Dam olish kuni sekin taqillagan eshikni ochgan Bahodir qarshisidagi ayolni koʻrib yuragi xapriqib ketdi. Malika salom berdi. Uning koʻrinishi yaxshi emasdi. 

— Kechiring, bezovta qildim. Lekin... sizga juda aytgim keldi. Aytmasam boʻlmasdi.

— Eshitdim... Rahmatiga olsin,  —Bahodir nima deyishni ham bilmasdi.

— Yoʻq, buni emas. Bilasizmi, bir vaqtlar akam uning qoʻlida ishlardi, — Malika davom etdi.  —Qingʻir ishlari fosh boʻlganda, direktor uni qamoqdan asrab qolgan. Akam halol inson edi, yagona boquvchimiz, oʻshanda onam ogʻir xasta edi, qoʻlimiz esa kalta. Uni ayblamayman. Shukur, onam hozir salomat. Direktorning yaxshiligi albatta, tekinga emasdi. Men unga turmushga chiqdim. Shu bilan hammasi iziga tushib ketdi.

Bahodir unga achinib qaradi:

— Ammo sen...

— Menda ham sizni uchratmaguncha bari joyida edi. Keyin ruhim agʻdar toʻntar boʻldi... Bir yilki, yuragim yonib yashadi. Endi baridan xalos boʻldim. Sizni koʻrdim, qarorimga izoh berdim. Biram xotirjam tortdimki...

Bahodirning yuragi toshdi. Malika sari talpindi, ammo ichkaridan chiqqan — kengroq atlas koʻylak kiygan yangi kelinchak iymanib soʻz qotdi:

— Kim ekan, dadasi?

Malika seskangandek boʻldi. Oʻzini darhol qoʻlga olib, ortga tislandi.

— Manzilda adashibman, — dedi kelinchakdan uzr soʻrab. — Bir doʻstimni izlagandim. Omon boʻlinglar.

Malika zinadan tezda tushib ketdi. Bahodir uning ortidan hech nima deya olmadi. Uning bilagidan ushlagan kelinchak ichkariga imo qilardi:

— Yuraqoling, tushlik tayyor...

Tushliklar, pichirladi Bahodir. Hayotimni oʻzgartirgan tushliklar.



Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?