Yolgʻon qoʻngʻiroqlardan “bemor” boʻlayotgan “Tez yordam”...

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ayni paytda Fargʻona viloyatida 4 million nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Oʻtgan yil mobaynida bu hududdan “Tez tibbiy yordam” xizmatiga 1 million 200 mingdan koʻproq chaqiruv boʻlgan.
Gapning ochigʻi, talab va ehtiyoj kattaligi sababli soha xodimlari hamisha tigʻiz ish rejimida, zoʻriqishlar bilan ishlaydi. Ammo shunga qaramay baʼzi hollarda “103” xizmati shifokorlarining chaqirilgan manzilga kechikib borishi uchrab turadi. Xoʻsh, nega shunday boʻladi?
Maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda Respublika tez tibbiy yordam markazi Fargʻona viloyati filiali avtoparkida 70 ta “Volkswagen Caddy”, 31 ta “Hyundai”, 11 ta “Nissan”, 3 ta “Toyota”, 192 ta “Damas” avtomashinalari bor. Bu avtomashinalar viloyatdagi 307 ta tibbiy brigadalarga xizmat koʻrsatib kelmoqda.
Demak, asta-sekin tez tibbiy yordam xizmatida foydalanishda nisbatan noqulayroq boʻlgan “Damas” rusumli avtomobillardan butunlay voz kechiladi. Bunday avtomashinalar yaqin vaqt ichida zaxiraga olinadi va favqulodda holatlardagina xizmatga jalb etilishi mumkin.
Xizmat koʻrsatish sifati va koʻlami yaxshilanib borayotgani natijasida hozirgi kunda viloyatda tez tibbiy yordamning manzilga kechikishi 10-12 foizdan 1-2 foizgacha kamaydi. Yaqin yillargacha chaqiriqlarga yetib borish vaqti oʻrtacha 25-30 daqiqa boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda atigi 8-12 daqiqani tashkil etadi.
— Baʼzan hamyurtlarimiz tomonidan “Shuncha avtomashina berildi-yu, lekin bunday qulay va tezkor xizmat hamisha ham sezilmaydi?” degan eʼtirozlarni eshitib qolamiz, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi Fargʻona filiali rahbari oʻrinbosari Azamatjon Abdurahmonov. —Haqiqatan ham nega shunday? Toʻgʻri, oxirgi yillarda tizimga koʻplab ixtisoslashgan, zamonaviy avtomashinalar berildi. Faqat unutmaslik kerakki, ular asosan eskirgan, nosoz avtomashinalarga almashtirildi.
Tibbiy brigadalar soni esa oʻzgarishsiz qoldi. Amaldagi belgilangan meʼyorlarga koʻra, maʼlum bir hudud aholisi soniga qarab, yaʼni har 13 ming aholiga bitta tibbiy brigada shakllantiriladi. Yangi tibbiy brigadalar esa yil yakunida yangilangan statistikadagi aholi soniga qarab tashkil etiladi.
Shuni unutmaslik kerakki, “Tez tibbiy yordam mashinasi kelyaptimi?” degan har bir qayta qoʻngʻiroq shunday xizmatga ehtiyoj sezayotgan boshqa hamyurtlarimiz kutishiga, tez tibbiy yordam kechikishiga sabab boʻlishi mumkin. Shu oʻrinda soha bilan bogʻliq yana bir muhim masala — endi qoʻngʻiroqlar tez tibbiy yordam yagona “103” qisqa raqami orqali qabul qilinmoqda. Endilikda birgina “103” raqamini terish orqali bir zumda tez tibbiy yordam operatoriga ulanish imkoniyati mavjud. U esa bemor haqidagi maʼlumot va manzilni olgan zahoti uni tez tibbiy yordam brigadalariga uzatuvchi taqsimlovchiga uzatadi.
Taqsimlovchi Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻi asosida maʼlumotlarni 5 xil toifaga ajratib, (yaʼni binafsha rang hayotga tahdid soladigan kasallik yoki jarohat, qizil rang – shoshilinch, sariq rang – tezkor, yashil rang – tezkorligi pastroq va koʻk rang – tezkor boʻlmagan kasalliklarga ajratilgan holatda) tegishliligi boʻyicha (boʻsh boʻlgan va eng yaqin) tez tibbiy yordam brigadalariga uzatadi. Tibbiy brigadalar ushbu xabarni qabul qilgan paytidayoq zudlik bilan bemor tomon harakatlanadi.
Endi tasavvur qiling: soat 20:00 dan 23:00 ga qadar bir hududda taxminan 30 nafar operator ishlasa, kunning oʻsha vaqtida birdaniga 40 nafar hamyurtimiz qoʻngʻiroq qilsa, 10 nafari kutish rejimida turishga majbur boʻladi. Oʻtkazilgan tahlillarga qaraganda, oʻsha 40 nafar insonning oʻrtacha 20 nafari qayta qoʻngʻiroq qilib, “Mening 10 daqiqa oldin bergan chaqiruvim nima boʻldi? Tez yordam mashinasi kelyaptimi?” deya qayta qoʻngʻiroq qiladi. Baʼzida hamyurtlardan hech qanday sababsiz haqorat, doʻq-poʻpisalar ham eshitiladi. Operator uning murojaatiga aniqlik kiritib bergunicha yana qancha birinchi marotaba qoʻngʻiroq qilayotganlar kutish rejimida turishga majbur boʻlmoqda.
— Tan olish zarur, oʻtgan yili chaqiruvlarning 3 ming 100 tasiga xodimlarimiz tomonidan kechikib borish holatlari kuzatildi, — deydi “Callmarkaz” masʼul xodimi Dilorom Sharopova. — Bunga yolgʻon chaqiruvlar va hamyurtlarimiz tomonidan “103” raqamiga har xil arzimagan sabablar bilan ham qoʻngʻiroq qilish asosiy sababdir. Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili markazimizga 250 ga yaqin yolgʻon chaqiruvlar kelib tushgan. Shuningdek, tez tibbiy yordam xodimlari manzilga yetib borganda chaqiruvlarni rad etish holatlari ham koʻp boʻlgan. Birgina 2024-yili viloyatda 7 mingga yaqin ana shunday holatlar kuzatildi.
Tez yordam brigadasi manzilga oʻz vaqtida yetib borolmaganiga yolgʻon chaqiruvlar va shoshilinch boʻlmagan holatlardagi murojaatlar sabab boʻlsa, yoʻllarda haydovchilarning “Tez yordam” mashinalariga yoʻl bermasligi bemorning holatini yanada ogʻirlashtiradi.
— Qariyb 20-yildan buyon markazda haydovchilik qilaman, —deydi Azizbek Karimov. — Koʻp hollarda ogʻir bemor olib ketayotganimizda haydovchilar tez tibbiy yordam mashinasiga yoʻl bermaydi. Mahallalar va yoʻllarga oʻzboshimchalik bilan sunʼiy toʻsiqlar, temir va betonlar oʻrnatilishi, qolaversa, tor yoʻlaklarga avtomashinalarni qoʻyib ketish holatlari bizga juda katta qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Natijada chaqiriq manzillariga vaqtida yetib borolmaymiz yoki bemorni tibbiyot maskaniga shoshilinch tarzda yetkazishda asabbuzarliklar boʻladi.
Yaqinda yoʻl-transport hodisasi natijasida ogʻir jarohat olgan bemorni shoshilinch tarzda shifoxonaga olib ketayotib, tirband yoʻlda haydovchilar yoʻl bermagani uchun tez harakatlana olmay qoldik. Shifokorlar huzuriga oʻz vaqtida yetib borolmaganimiz uchun bemor koʻp qon yoʻqotishidan yoʻlda vafot etdi.
Afsuski, oʻtgan yili viloyatda “Tez yordam” xizmatiga kelib tushgan 250 ga yaqin yolgʻon chaqiriqning eng koʻpi – 90 tasi Fargʻona shahri hissasiga toʻgʻri keladi. Keyingi oʻrinni Qoʻqon shahri egalladi – 69 ta yolgʻon chaqiriq. Shuningdek, oʻtgan yil davomida “Tez yordam”ga Quvasoy shahridan 13 ta, Beshariq tumanidan 10 ta, Oltiariq tumanidan 10 ta hamda Yozyovon tumanidan 7 ta yolgʻon chaqiriq kelib tushgan.
Bu borada soha masʼullarining kuyunchaklik bilan taʼkidlashicha, qonunchilikda bunday holatlar uchun jiddiy jazo chorasi koʻzda tutilmagan. Buning natijasida ayrim hamyurtlar yolgʻon chaqiriqni koʻngilxushlik ishiga aylantirib olgan. Baʼzilarning bunday tuturiqsiz xatti-harakatining badalini aybsiz aybdorlar toʻlashiga toʻgʻri kelayotgani esa juda ham achinarlidir.
Bunisi endi kulfat, bunisi endi fojia...
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring