Yolgʻiz qariyalarga “Inson” markazlarida tibbiy xizmat koʻrsatiladi

11:44 01 Dekabr 2023 Jamiyat
106 0

Vazirlar Mahkamasining “Aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini taʼminlash hamda davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini koʻrsatishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan belgilanishicha:

oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar “Inson” ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish markazlari tomonidan tasdiqlangan jadval asosida bir yilda kamida bir marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi;

ijtimoiy xodimlarga fuqarolardan kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash boʻyicha arizalarni qabul qilish vakolati beriladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolaga, shuningdek, davolash muassasasining xulosasiga koʻra oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan qariyalarga qarab turishning haqiqiy holatlari ijtimoiy xodimlar tomonidan bir yilda bir marotaba oʻrganiladi. Bunda tahlil qilish maʼlumotlari “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida aks ettirib boriladi.

2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan oʻtkaziladigan “Eng faol ijtimoiy xodim” koʻrik tanlovining hududiy bosqichida gʻolib boʻlgan ijtimoiy xodimlar davlat oliy taʼlim muassasalariga “Ijtimoiy ish” mutaxassisligi boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.

2024-yil 1-iyuldan boshlab moddiy yordam va boshqa ijtimoiy xizmatlarni hisobga olishning yagona tizimi ishga tushiriladi. Har bir fuqaro (oila) uchun ijtimoiy toʻlovlar va imtiyozlar, shu jumladan, subsidiyalar, xizmatlar va yordamlar “Ijtimoiy himoya” ATda roʻyxatga olinadi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan:

2023-yil 1-noyabrdan boshlab tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish markazlarida ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan shaxslar uchun psixologik yordam koʻrsatish tizimi joriy etiladi;

2023-yil 15-noyabrga qadar Agentlikning tizimiga kiradigan tashkilotlarga tegishli bino va inshootlarga ijtimoiy himoya yoʻnalishidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini, zaruratga koʻra, tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish choralari koʻriladi;

2023-yil 1-dekabrga qadar tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan oʻtkazish natijasiga koʻra nogironligi boʻlgan shaxs uchun sogʻligʻining holatiga koʻra mumkin boʻlgan mehnat faoliyati turlari va mehnat sharoitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etiladi;

2024-yil 1-yanvarga qadar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining murojaatlarini tezkor koʻrib chiqishga moʻljallangan “Ishonch telefoni” raqami ishga tushiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?