Yashil shahar turizm markaziga aylanadi

12:05 26 Iyun 2024 Jamiyat
221 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Shahrisabz tumanining Miraki qoʻrgʻonchasiga kelgan kishi bu yerning tabiat goʻzalliklaridan hayratga tushadi.

Ikki tomondan Hisor togʻ tizmasining purviqor qoyalari bilan oʻralgan bu goʻshaning tepa qismida “Hisorak” suv ombori joylashgan. Mahallaning bir yonida shu suv ombordan boshlanajak “Oqdaryo” daryosi hayqirib oqsa, bir yonda sokinlikni xoʻsh koʻradigan “Qoradaryo” mavjlanadi. Mirakida oʻnlab buloqlar, ariq va kanallar bor. Bu yerga qachon kelmang, daryo va jilgʻalarning shovqini, suvning salqin shabadasi dilingizni yayratadi.

Hududning betakror tabiati doim sayyohlarni oʻziga maftun etib kelgan. Ayniqsa, issiq yoz oylari bu yer yanada gavjum boʻladi. Ammo shu vaqtgacha hududda turizm xizmatlari tizimli yoʻlga qoʻyilmagan. Dam olishga kelganlar ikki daryo boʻylari, aholi tomonidan qurilgan qoʻlbola “dacha”larda biroz hordiq chiqarib ketishardi.

Soʻnggi yillarda hududda turizm infratuzilmasini shakllantirish hamda sayyohlik jozibasini oshirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, soʻnggi ikki yil ichida mahalladagi ichki yoʻllar taʼmirlanib, aksariyat qismiga asfalt qoplama yotqizildi. Avval qattiq rejimda qoʻriqlanadigan “Hisorak” suv ombori turistlar uchun ochilib, u yerda 2 ta 20 oʻrinli katerda sayohat xizmati tashkil etildi.

— Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining 2023-yil 28-noyabrdagi tegishli qarori bilan Shahrisabz tumanida “Shahrisabz turistik markazi” tashkil etildi, — deydi Qashqadaryo viloyati turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamenti rahbari Muhammadxon Abdulxairov. — Shu markazda 240 gektar yer maydonida xalqaro ekspertlarni jalb qilib, masterreja ishlab chiqilgan. Uning doirasida 117 million dollarlik 48 ta mehmonxona, mehmon uylari va aholi dam olish maskanlari qurilishi rejalashtirilgan. Natijada 1,7 mingta yangi ish oʻrinlari yaratilishi moʻljallangan. Shundan hozirda birinchi bosqichda 22 gektar maydonlar auksion savdolariga chiqarilgan. Ushbu yer maydonlarini tadbirkorlar Prezident qarori bilan belgilangan imtiyozlar asosida 10 yil muddatga toʻlash sharti bilan olmoqda. Shundan hozir 60 million dollarlik 1100 oʻrinli ikkita mehmonxona, 3 ta xostel, ikkita restoran va savdo koʻngilochar kompleksi qurilishi boshlandi. Yana 15 million dollarlik 10 ta qurilish loyihasi boshlanish arafasida.

Taʼkidlash joiz, joriy yilning 3-iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini koʻpaytirish chora-tadbirlari muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishida Shahrisabz tumanida turizm klasteri tashkil qilish hamda Hisorak – Gʻelon va Hisorak – Sarchashma yoʻlini kengaytirib taʼmirlash, “Chiroqchi—Shoʻrquduq” avtomobil yoʻlini taʼmirlash orqali Samarqanddan Shahrisabzga qatnov vaqti qisqartirish boʻyicha ham topshiriqlar berilgan edi. Ayni paytda bu borada ham ishlar boshlab yuborilgan.

Shuningdek, rossiyalik investorlar tomonidan Shahrisabz tumanining Gʻelon qishlogʻida “Togʻ changʻi kompleksi” barpo etilmoqda. Bu ham Miraki, Gʻelon hamda Sarchashma qishloqlarining oʻzaro uzviylikda, yaxlit sayyohlik majmuasiga aylanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bir soʻz bilan aytganda, Mirakida amalga oshirilayotgan loyihalar hududning doimo sayyohlar bilan gavjum boʻlishi, pirovardida, iqtisodiy salohiyati yuksalib, minglab yangi ish oʻrinlari yaratilishiga zamin hozirlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?