“Yashil makon”: statistika emas, sifat muhim boʻlishi kerak

12:50 15 Aprel 2025 Jamiyat
99 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda ekologik barqarorlikni taʼminlash, ona tabiat sofligi va oʻsimliklar olamini asrash eng muhim hayotiy haqiqatga aylangani hech kimga sir emas. Sayyoramizda kuzatilayotgan turli tabiiy ofatlar ham inson va tabiat taqdiri oʻzaro uygʻun ekanligidan yaqqol dalolat bermoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bundan toʻrt yil oldin hayotga tatbiq etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili bahor va kuz faslida daraxt koʻchatlari, gul nihollari ekish yaxshi anʼana sifatida tobora keng quloch yozib borayotgani barchamizni behad quvontiradi.

Aytish joiz, mamlakatimizda har yili 200 million tup daraxt va buta ekilib, yashillik miqyosini 2030-yilgacha 30 foizga yetkazish belgilangan. Shu maʼnoda, “yashil taraqqiyot” strategiyasi mamlakatimizning ustuvor yoʻnalishlari sirasiga kiradi. Bu borada “Atrof-muhitni asrash va «yashil” iqtisodiyot yili» sifatida eʼlon qilingan joriy yilda ham keng koʻlamli saʼy-harakatlar olib borilayotgani eʼtiborga loyiq.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining rasmiy saytidagi yashilmakon.eco – “Yashil makon” daraxtlar hisobini yuritish yagona elektron platformasi maʼlumotiga qaraganda, Fargʻona viloyatida 2024-yilning bahorgi va kuzgi mavsumida 16 million tup yangi koʻchatlar ekildi. 2025-yil bahorida esa 10,5 million tupdan ortiq koʻchatlar ekilishiga erishildi. Hozirda yagona platformaga kiritish ishlari davom etayotgani sababli bu raqam yanada oshadi.

“Mening bogʻim” loyihasi boʻyicha oʻnlab tashabbuslarni amalga oshirish choralari koʻrilayotgan boʻlsa, viloyatdagi yirik sanoat korxonalari hududida 405 ming tupga yaqin manzarali daraxtlar ekildi. Shuningdek, chiqindi poligonlarida “yashil belbogʻ”lar yaratish maqsadida 27,5 ming tup yangi nihollar oʻtqazildi.

Shu bilan birga, joriy yilning kuzida yana 6,5 million tup nihol oʻtqazish rejalashtirilgan. Umuman olganda, mazkur platformada berilgan hisobotlarga koʻra, umummilliy loyiha doirasida 2022-yildan buyon Fargʻona viloyatida 65 million tupga yaqin koʻchatlar ekilishi taʼminlandi.

Albatta, bu raqamlar ortida katta mehnat, tashabbus, viloyat ahlining yaratuvchanlik va bunyodkorlik salohiyati namoyon boʻladi. Darhaqiqat, viloyatdagi barcha yoʻllar, qarovsiz va tashlandiq yerlar, koʻchalar va dalalar cheti, korxona va muassasalar hududlari yildan yilga obod boʻlib, yashillikka burkanib borayotgani quvonarli. Natijada shahar-tumanlar, mahallalar, aholi xonadonlari va mehnat jamoalarida koʻkalamzorlashtirilgan yashil maydonlar kengaydi. Eng muhimi va asosiysi, hamyurtlarimizning tabiatga munosabati, ekologik madaniyati yuksalib bormoqda.

Ammo bu jarayonda koʻzga tashlanayotgan muammolar ham yoʻq emas. Prezidentimiz rahbarligi oʻtgan yilning 29-mart va 21-oktyabr kunlari oʻtkazilgan “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlar sarhisobi boʻyicha videoselektor yigʻilishida kamchiliklar roʻy-rost aytildi. Xususan, daraxt ekishni ommalashtirish boʻyicha tashabbus va targʻibot yetishmayotgani, bu ishga ilm-fan yutuqlari asosida yangicha yondashuvlarni joriy etishdagi nuqsonlar taʼkidlab oʻtilgan edi.

— Haqiqatan ham bunday kamchiliklar borligidan aslo koʻz yumib boʻlmaydi, — deydi Fargʻona viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi shoʻba boshligʻi Jamshid Alisherov. — Misol uchun, birgina oʻtgan yilning oʻzida yangi ekilgan daraxt koʻchatlarining qurib qolish holati boʻyicha 60 nafardan ziyod masʼullarga maʼmuriy chora koʻrildi.

Bu yil bunday holatlar takrorlanmasligi uchun mavsum oldidan viloyat boʻylab amaliy seminarlar tashkil etilib, ilmiy-uslubiy qoʻllanmalar tarqatildi. Mahalliy iqlim sharoitiga mos, suvsizlikka chidamli daraxt koʻchatlari ekish borasida tushuntirish-targʻibot ishlari olib borildi. Ayni paytda yangi nihollar parvarishi, qarovsizlikdan qurib qolishining oldini olish boʻyicha muntazam ravishda oʻrganish ishlari davom etmoqda.

Yashirishga ne hojat, hali-hamon koʻchat ekish va parvarishlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyish, loqaydlik, sifat emas, quruq statistika va raqamlar ortidan quvish holatlari uchrab turibdi. Shu sababli katta avtomagistral yoʻllari chetiga betartib va hafsalasizlik bilan ekilgan, keyin oʻz holiga tashlab qoʻyilgan, sugʻorish tizimi yaxshi yoʻlga qoʻyilmaganligi uchun qurib qolgan nihollarni uchratish mumkin. Yashil maydonlar yaratilgan ayrim hududlar obodonchiligiga eʼtibor yoʻqligi uchun yosh nihollar yaproq yozishga ulgurmay soʻlib qoladi. Yangi nihollar atrofidagi chiqindi va axlat uyumlari yashillik olamining boʻgʻzidan boʻgʻayotganga oʻxshaydi.

Oʻrganishlar jarayonida Buvayda, Furqat, Fargʻona tumani, Fargʻona shahrining mahallalari hududidan oʻtgan avtomobil yoʻllari chetidagi bir necha joylarda ana shunday koʻngilsiz holatga guvoh boʻldik. Aslida viloyat boʻylab koʻzdan, taʼbir joiz boʻlsa, koʻngildan panada qolayotgan bu kabi manzillar roʻyxatini yana uzoq davom ettirish mumkin.

Muxtasar aytganda, “Yashil makon” umummilliy loyihasi xalqimizning sogʻlom hayoti, tabiat musaffoligi, yurtimizning yashil boʻstonlari kengayishi uchun amaliyotga joriy etilgan. Demak, barchamizning taqdirimizga daxldor ushbu masalada faqat mahalliy hokimlik yoki ekologiya sohasi masʼullari emas, keng jamoatchilik, mahalla nuroniylari va yoshlar, har birimiz jarayondagi burch hamda masʼuliyatimizni teran his etishimiz zarur.

Zero, daraxtlarning shunchaki hisobot uchun ekilgani emas, koʻkargani hisob va foydali. Bugun yaxshi niyat, umid bilan ona zaminga qadalgan har bir nihol koʻkka boʻy choʻzishi uchun barchamiz masʼul ekanligimizni unutmaylik...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер