Yashiksozlikdan baraka topayotgan mahalla
Tegirmonboshi bugun Mingbuloq tumanidagi iqtisodiy jihatdan baquvvat, aholi turmush farovonligi ortgan ibratli mahallalardan biri. Bu hududda tadbirkorlik rivoji yashiksozlik drayver sohaga aylantirilgani bilan bogʻliq. Keyingi yillarda mahallada mazkur yumush bilan shugʻullanuvchi subyektlar 200 tadan oshdi. Har birida 6 tadan 10 nafargacha doimiy mehnat qiluvchi yigitlar bor. 1000 nafardan ziyod mavsumiy yollanma ishchi ularga yelkadosh.
Albatta, ezgulikning yoʻli ham, qoʻli ham uzun. Mahalla fuqarolar yigʻini raisi Tursunboy Oʻsarovning oʻziga xos tajribasi, koʻpchilik bilan muvaffaqiyatli ishlay olishi tufayli butun jamoatchilik uning atrofida hamjihat. Ayniqsa, oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishda koʻmagidan foydalanganlar xursand. Negaki, yashiksozlikni mahkam tutib, halol rizq topishyapti, roʻzgʻorni bekamu koʻst yuritishyapti.
Oqsoqolning taʼkidlashicha, mahalladosh ishbilarmonlar tomonidan yasalayotgan yashiklarga hamisha talab yetarli. Ularni shu yerda oʻstirilayotgan Kaliforniya navli tez oʻsar terakni qayta ishlab tayyorlashadi. Bunday taxtalar vazni yengil, ishlovga qulay. Yashiklarga meva-sabzavotlarni qadoqlash ham, transportga yuklash va manzilga yetkazish ham oson.
Yashiksozlikdan olinayotgan daromadlar soha bilan shugʻullanayotgan kishilarning oilalariga baraka kirityapti, turmush farovonligini oshirishga sarflanyapti. Mavjud 540 ta xonadonda istiqomat qilayotgan 745 ta oila va 2730 nafar kishining qorni toʻq, usti but. Uy-joylari havas qilgudek. Zamonaviy uy-roʻzgʻor buyumlariga toʻla. Xonadonlarda 800 tadan ziyod turli yengil avtomobillar bor.
“Sadoqat” koʻchasidagi xonadonda yashovchi Abduvali Gʻoyipovning oila aʼzolari 6 nafar, bu yerda 18 kishi yogʻochni qayta ishlash bilan mashgʻulligiga guvoh boʻldik. Yarmi ayollar, ular kichik-kichik yogʻoch boʻlaklarni maxsus moslama ustida mitti mixchalar bilan birlashtirib, yashiklar yasashyapti.
— Astoydil harakat qilsangiz, kunlik daromadni 500 ming soʻmgacha chiqarishingiz mumkin, — deydi yashiksoz Shokirjon Abdullayev. — Chunki, qancha tez harakat qilsangiz, shuncha koʻp haq olasiz. Bu musofir yurt yoki olis joylarga borib rizq qidirgandan ming chandon yaxshiroq.
Bitta stanogi bor oila besh-oʻntalab qoʻni-qoʻshnisini yoniga tortyapti. Daromad har kuni oʻrtacha 250-300 ming soʻmdan oshadi. Masalan, Karomatxon Sadirova oʻgʻli Xudoyberdi bilan ana shunday faoliyatni yoʻlga qoʻyish orqali 5 ayol, 5 nafar erkakni ishli qildi. Bu oilaning bir oylik topgani 12-15 million soʻmga yetyapti. Yana bir yosh tadbirkor Behzod Hoshimov esa kredit mablagʻi hisobiga xonadoniga yogʻochni qayta ishlash uskunasini oʻrnatib, oʻzini va yana bir necha kishining bandligini taʼminladi. Uning mebelsozlarga yongʻoq daraxtidan xomashyo yetkazib berayotganligi ayni muddao boʻlmoqda. Kundalik topayotgani boshqa hamkasblarinikiga nisbatan ikki baravaridan ziyod.
Ishbilarmonlik kishini hamisha oldinga yetaklaydi. Qoʻliga moʻmay pul tushgan fuqarolar yashiksozlik bilangina kifoyalanib qolishmayapti. Aytaylik, Abdusalim Karimov yana bir yoʻnalish – issiqxona xoʻjaligini ham yoʻlga qoʻydi. Xonadonidagi 7 sotixli yopiq dalaning bir qarich yeri ham boʻsh turmaydi. Qish boʻyi ismaloq va koʻkat, erta bahordan pomidor va bodring mahalla ahlining dasturxonini bezaydi. Xaridorlar oʻzlari kelib, mahsulotni uydan olib ketishadi. Bu yilgi mavsumda bodringning oʻzidan 7 million soʻm mablagʻ topishgan boʻlsa, pomidordan 11 million soʻmga ishlashdi. Issiqxonada hali hosil serob. Oila hamyoniga yashikchilikdan tushayotgan mablagʻ ham qoʻshilib, yanada baraka kirayotganidan hammalari xursand.
Oilaviy biznes kafolatli daromad manbaiga aylangani Toʻychiboy Mamadaliyev, Faridaxon Karimova hamda boshqalarning xonadonida ham shundoqqina koʻzga tashlanadi. Shu yoʻl bilan aholi orasida kambagʻallikni qisqartirishga, boqimandalik kayfiyatiga barham berishga erishilyapti.
Aytish lozimki, tadbirkorlik rivoji mahallani obodonlashtirish, ishbilarmonlik borasida yangidan-yangi imkoniyatlarga yoʻl ochyapti. Fuqarolar yigʻini binosi joylashgan hududda harakati boshlangan guzar qurilishi ulardan biri. Bu yerda 10-12 xonadan iborat ustaxonalar joy oladi va kam taʼminlangan oila farzandlari boʻlgan hunarmand yoshlarga bepul beriladi. Bu ular uchun bir umrlik taʼminot manbai boʻlib qoladi, ham mahalla ahli uchun sartaroshxona, oziq-ovqat doʻkoni, poyabzal taʼmirlash ustaxonasi, tikuvchilik, kompyuter xizmati kabi xizmat koʻrsatish nuqtalari paydo boʻladi.
Yashikchilikni tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida mahalla hududida ayni yoʻnalishga ixtisoslashgan maydon tashkil qilish boʻyicha ishlar ham boshlab yuborilgan. Xususan, 10 gektar yerda barpo etilayotgan Yoshlar kichik sanoat zonasida yashikchi tadbirkorlarga anchagina joy ajratiladi. Bu yerga Gurtepa qishlogʻida joylashgan boshqa mahallalardagi yogʻochni qayta ishlash yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan 60 nafardan ortiq tadbirkorlarni ham joylashtirish orqali 1000 tadan ziyod yangi ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.
Ahillik, bamaslahat ish yuritish mahallaning ravnaqini jadallashtirishda katta ahamiyat kasb etayotganligini alohida taʼkidlash joiz. Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi tomonidan mustaqilligimizning 33-yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan 33 ta loyiha tanlovida “Mahalla bogʻi” tashkil etish yoʻnalishi boʻyicha Tegirmonboshiga 1-oʻrin berildi. Uch marta “Tashabbusli byudjet” loyihasida gʻoliblikka erishilgani hisobiga hududda infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha miqyosda ishlar qilindi. Yaqinda toʻrtinchi bor shunday imtiyoz qoʻlga kiritildi. “Sadoqat”, “Yosh kuch” va “Bogʻ” koʻchalarida umumiy qiymati 1 milliard 279,5 million soʻm mablagʻ hisobidan asfaltlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Aytgancha, yil boshida mahallada kam taʼminlangan deb toifalangan oilalar soni 12 ta edi. Bugun toʻrtta qoldi. Yaqin kunlarda ularni ham ushbu toifadan chiqarish harakati boryapti. Qonunbuzarliklar, ajralishlar va notinch xonadonlar yoʻq hisobi. Bularning barchasi mahalla-koʻyning oqibatliligi, mehnatsevarligi, shunday dorilamon zamonda shukronalik sifatida baraka boshiga aylanganida dalolat beradi.
Qosimjon AKBAROV,
“Mingbuloq” gazetasi muharriri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring