Yarim asrlik tarixga ega maktab yoshlariga qulaylik yaratildi

15:11 21 Yanvar 2026 Jamiyat
327 0

Faoliyat boshlaganiga yarim asr toʻlgan 8 – son musiqa va sanʼat maktabi uchun 2026-yilning dastlabki oyi oʻzgacha ruhda kechmoqda. Negaki, Vobkent tumanidagi mazkur dargohga zamonaviy qulayliklarga ega qoʻshimcha bino qurilib foydalanishga topshirildi.

-Madaniyat va sanʼat sohasida yosh isteʼdodlarni izlab topish, qoʻllab – quvvatlash, ular qobiliyatini yuzaga chiqarish borasida jamoamiz katta tajribaga ega,- deydi maktab direktori Alisher Nasullayev. - Yarim asr davomida bu yerdan koʻplab iqtidor egalari yetishib chiqdi. Ular boy madaniy merosimizni asrab – avaylash, sanʼat jozibasidan xalqimizni bahramand etishda kamarbasta boʻldi. Bizga shunday zamonaviy qoʻshimcha binoning qurilib foydalanishga topshirilishi esa yosh isteʼdodlarga davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik ifodasidir. Bu kabi yumushlarda Prezidentimizning 2022-yil 2-fevraldagi “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora – tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori dasturilamal vazifasini oʻtamoqda.

100 oʻringa moʻljallangan bino “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ajratilgan 1,5 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ evaziga barpo etildi. Shuningdek, tuman hokimligi tashabbusi bilan maktab moddiy – texnikasini mustahkamlash uchun 70 million soʻm mablagʻ xarj qilindi. Ayni damda maktabda madaniyat va sanʼatga mehr qoʻygan 274 oʻquvchi tahsil olmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?