Yaqin besh yilda uch asosiy vazifaga diqqatni jamlash taqozo qilinadi

21:19 06 Yanvar 2022 Jamiyat
1266 0

Davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekistonning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisidagi” Farmoni loyihasi, avvalo, mamlakatimizda yaqin kelajakda amalga oshirilajak islohotlarning tub maqsadlari va ustuvor yoʻnalishlarini, mazkur maqsad hamda yoʻnalishlarning belgilanishiga asos boʻlayotgan omillarni anglab olish imkonini beradi.

Hujjatdan koʻrinib turibdiki, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining pirovard maqsadi xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirish bilan bogʻliq. Bu esa yaqin besh yilda uch asosiy vazifaga diqqatni jamlashni taqozo qiladi.

Xususan, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilmasdan va tadbirkorlikni jadal rivojlantirmasdan, inson huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlamasdan, faol fuqarolik jamiyatini shakllantirmasdan turib, jamiyat aʼzolari turmushining farovonligini oshirib boʻlmaydi. Strategik maqsad va vazifalarning bunday mazmunda belgilanayotgani bejiz emas. Farmon loyihasida ular jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni hamda mamlakatimiz bosib oʻtgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda aniqlangani alohida taʼkidlanadi.

Darhaqiqat, jahon hamjamiyati bugun murakkab va ziddiyatlarga toʻla davrni boshdan kechirmoqda. Jumladan, barcha mintaqalardagi iqtisodiy jarayonlar jadallashmoqda, keskinlashmoqda, iqtisodiy raqobat tobora jiddiy tus olyapti. Mamlakatlardagi ijtimoiy hayotda transformatsion jarayonlar sodir boʻlmoqda. Dunyo geosiyosiy maydonidagi konfiguratsiya mutlaqo oʻzgacha mazmun va shakl kasb etayotir. Hatto millat va elatlarning maʼnaviy-madaniy hayoti ham tub oʻzgarishlarga duchor boʻlmoqda.

Bunday vaziyatda mamlakat taraqqiyotiga erishish, xalq farovonligini yuksaltirish uchun eng avvalo, iqtisodiyotning uzluksiz va barqaror rivojini taʼminlash, uning raqobatbardoshligi va tahdidbardoshligini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarini takomillashtirish, jamiyatda qonun va huquq ustuvorligini qaror toptirish taqozo qilinadi.

 Qoʻyilgan strategik maqsad va vazifalar mamlakatimiz bosib oʻtgan taraqqiyot natijalari bilan ham uygʻundir. Masalaning mohiyati shundaki, oʻtgan davrda davlat rahbarining rahnamoligi va tashabbusi bilan jamiyat hayotining turli sohalarida nihoyatda samarali islohotlar amalga oshirildi. Mazkur islohotlar mamlakat iqtisodiy qudratining oshishiga, ijtimoiy barqarorligining mustahkamlanishiga, siyosiy nufuzining oshishiga, maʼnaviy makonining yangilanishiga olib keldi.

Endilikda Oʻzbekistonda yangi marralarni egallash, fuqarolar turmushi darajasini yuksaltirish uchun barcha ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlar yuzaga kelib boʻldi. Taraqqiyot strategiyasining xalqimiz turmush farovonligini oshirish bilan bogʻliq maqsadi ana shu imkoniyatlardan kelib chiqib belgilanmoqda. Taraqqiyot strategiyasining barcha ustuvor yoʻnalishlari, ular miqyosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan choralar strategiya maqsad va vazifalariga uygʻun holda belgilangani, yaqin besh yilda koʻlami keng va ijtimoiy ahamiyati salmoqli boʻlgan mexanizmlarni roʻyobga chiqarish koʻzda tutilganini alohida taʼkidlab oʻtmoq lozim.

 Bu chora va mexanizmlar Oʻzbekistonda xalqparvar davlat barpo etish, adolat va qonun ustuvorligini qaror toptirish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, ijtimoiy siyosat adolatparvarligini yuksaltirish, maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash, mamlakat xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Masalan, Taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror oʻsishiga erishish, raqamli iqtisodiyotni drayver sohaga aylantirish, investitsiya muhitini yaxshilash, moliyaviy resurslarni koʻpaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuksaltirish, eksport salohiyatini oshirish choralari koʻzda tutilgan. Bunday choralar 2030-yilga borib aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadni 4 ming AQSH dollaridan oshirishga zamin yaratadi.

 Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot kadrlar masalasiga borib taqalishi barchamizga yaxshi maʼlum. Salohiyatli, oʻz kasbini puxta oʻzlashtirgan kadrlargina mamlakat iqtisodiy yuksalishini taʼminlay oladi. Shuni nazarda tutgan holda Taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyot sohalarini malakali kadrlar bilan taʼminlash imkonini beradigan uzluksiz taʼlim tizimini shakllantirish va modernizatsiya qilish masalalariga alohida eʼtibor berilgan.

 Yaqin kelajakda mamlakatimizda maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasini 80 foizga yetkazish, uning sifatini takomillashtirish, milliy maktablarni koʻpaytirish va zamonaviylashtirish, oʻrta maxsus taʼlimning zamonaviy tizimini vujudga keltirish, oliy taʼlimni xalqaro andozalarga moslashtirish choralari koʻriladi. Ezgu maqsad uni roʻyobga chiqarishga zamin hozirlaydigan ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaratishni talab etadi. Aynan shuning uchun ham Taraqqiyot strategiyasi maqsad va vazifalari “Inson qadri uchun” tamoyiliga boʻysundirilgan. Bu tamoyilni hayotga tatbiq etish uchun esa Taraqqiyot strategiyasi doirasida mahallaning faol modelini joriy etish, uni aholi muammolarini hal qilish uchun zarur resurslar bilan taʼminlash nazarda tutilgan.

Farmon loyihasining eʼtiborga loyiq yana bir jihati shundaki, uning bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligini tahlil qilib borish mexanizmi joriy qilinmoqda. Xususan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq ravishda qayta tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Mazkur markazni yaqin kelajakda Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarning bajarilishi tahlil qilinadigan, tizimli muammolar umumlashtiriladigan, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqiladigan muloqot maydoniga aylantirish rejalashtirilgan.

 Ayni paytda viloyatlarda mazkur markaz filiallari tashkil etilsa, fuqarolarning Taraqqiyot strategiyasi doirasida ishlab chiqilgan “yoʻl xarita”lari muhokamasidagi ishtiroki faollashgan boʻlar edi. Shuningdek, Taraqqiyot strategiyasi maqsad va vazifalari, ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan tizimli maʼrifiy tadbirlarning yoʻlga qoʻyilishi jamiyat aʼzolarini ularni roʻyobga chiqarishga safarbar qilish imkoniyatini oshiradi.

Umuman olganda, Farmon qabul qilinishi bilan mamlakat oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga — Yangi Oʻzbekistonni barpo etish va uchinchi Renessans poydevorini yaratish davriga qadam qoʻyadi. Bu davr mamlakatda inson qadr-qimmatini ulugʻlash, uning manfaatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish, farovon turmushini taʼminlash davri boʻladi.

Albatta, qoʻyilgan salmoqli maqsad va vazifalar ijrosi yurtimiz taqdiriga befarq boʻlmagan barcha fuqaroning, ayniqsa, ziyolilarning faol ishtirokini talab etadi. Jamiyat aʼzolarining hamjihatlikdagi fidokorona mehnatigina koʻzlangan marralarga yetish imkonini beradi.

Dilmurod NABIYEV, Qarshi davlat universiteti rektori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?