Yangiyer shahrida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirildi

Joriy yil boshida davlatimiz rahbari raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida Yangiyer shahrida un-qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha vazifalar belgilangan edi. Ushbu topshiriq ijrosi doirasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida oziq-ovqat klasteri koʻrinishidagi «Yoshlar sanoat texnoparki» tashkil etildi.
Mazkur loyiha doirasida jami 1 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etilib, pechenye, un-qandolat va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Bu hali hammasi emas. Hududdagi «Energetika texnoparki» Xitoyning nufuzli kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilib, ushbu loyiha uchun jami 5 mln. AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb etildi. Ishlab chiqarish uskunalari toʻliq toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya sifatida kiritilib, Oʻzbekiston hamda MDH davlatlarida innovatsion energiya manbalariga ortib borayotgan talabni qondirish maqsadida yillik 12 mlrd. 500 mln. soʻmlik litiy ionli batareya (Li-ion)lar ishlab chiqarib eksport qilinadi. Shuningdek, texnoparkda portativ quvvatlovchi qurilmalar, elektrovelosiped, skuter, samokat va portativ elektr asboblari uchun akkumulyatorlar hamda energiya saqlash qurilmalari kabi keng turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
— Texnoparklar filial talabalarining 170 nafarini doimiy ish bilan taʼminlaydi, — deydi Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tashkil etish shuʼbasi boshligʻi, bojxona xizmati mayori Rustam Normamatov. Bu esa ehtiyojmand talabalarning 30 foizini ijtimoiy himoya qilish va moddiy ahvolini barqarorlashtirish imkonini beradi. Ayni paytda energetika texnoparkiga filialning «Elektr energetikasi», «Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish», «Texnologik mashinalar va jihozlar» kabi taʼlim yoʻnalishlarining 10 nafar bitiruvchi talabalari ishga qabul qilindi. Talabalar oyiga boshlangʻich 300 AQSH dollari miqdorida maosh olishmoqda. Kelgusida yilda ushbu texnoparklarga ishga qabul qilinadigan talabalar soni yanada ortadi.
Darvoqe, texnoparklar 6 ta taʼlim yoʻnalishida tahsil olayotgan 1400 ga yaqin talabalarga real ishlab chiqarish sharoitida amaliy tajribaga ega boʻlish imkonini beradi. Taʼlim yoʻnalishlarining 20 dan ortiq ixtisoslik fanlari boʻyicha tegishli ayrim amaliy mashgʻulot darslari texnoparklar bazasida tashkil etiladi. Oʻquv yili davomida 200 dan ortiq amaliy mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Professor-oʻqituvchilar faoliyatida oʻquv yuklamasi 10-15 foiz hajmining kamaytirilishiga erishiladi, bu esa ularning asosiy eʼtiborini sifatli oʻquv va ilmiy faoliyatga qaratish imkonini beradi.
Sanoat texnoparki ishini oʻrganish va tahlil qilish jarayonida talabalar tadbirkorlik va biznes koʻnikmalarini shakllantirish, ilgʻor ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar olib borish, shaxsiy biznesni ochish va biznes-rejalar ishlab chiqish koʻnikmalari, bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish masalalari boʻyicha ijtimoiy-iqtisodiy tushuncha va amaliy bilimlarni shakllantirish, startap loyihalarini ishlab chiqib amaliyotga tatbiq etish, real ishlab chiqarish loyihalarida ishtirok etish va amaliyot oʻtash kabi koʻnikmalarga ega boʻlishadi.
Shuningdek, texnoparklar negizida 15 ta magistrlik dissertatsiyalari, sakkizta PhD va bitta DcS ilmiy tadqiqotlari ustida ish olib borilmoqda. Bu esa filial ilmiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Umuman olganda, texnoparklarning ochilishi nafaqat mintaqada innovatsion ishlab chiqarish va energetika texnologiyalarini rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochadi, balki viloyatning iqtisodiy oʻsishi va rivojlanishga ulkan hissa qoʻshadi.
Rahim SHERQULOV, «Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 8-iyundan chiqindidan qarzdorlar elektr uchun toʻlov qilolmaydi
- AQSHda jurnalist qiz Trampning yuziga mikrofon bilan urib yubordi (+video)
- Endi taʼlim granti talabalarning oʻzlashtirishiga qarab har yili qayta taqsimlanadi
- Oʻzbekistonda Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlanadi
- “Qamchiq” dovonida fuqarolarga yordam koʻrsatilmoqda. Qoʻshimcha poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilgan
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti QS reytingida TOP–500 talikdan joy oldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring