Yangi sportchilar uchun umid yoxud Deyna Uayt va Turki Al ash-Sheyxning yangi boks ligasida qancha gonorar toʻlanadi?

Deyna Uayt va Turki Al ash-Sheyxning TKO boks loyihasi atrofidagi mish-mishlar sport olamida katta muhokamalarga sabab boʻlmoqda. “Boxing Scene” nashri tomonidan eʼlon qilingan xabarga koʻra, bu loyiha doirasida taklif qilinayotgan maosh tizimi yosh va hali nom qozonmagan bokschilar uchun jozibador, ammo Jervonta Devis yoki Saul “Kanelo” Alvares kabi yulduzlar uchun unchalik maqbul emas.
Nashr maʼlumotiga koʻra, TKO bilan shartnoma imzolagan bokschilar quyidagicha toʻlov tizimiga duch keladi: reytingga kirmagan bokschilar 10 raundlik jang uchun 20 ming dollar, reytingda 5–10-oʻrinlarda turganlar 50 ming dollar, 3–4-oʻrinlar uchun 125 ming dollar oladi. Chempionlik uchun jang qiluvchilar 375 ming dollar, chempionlikni himoya qiluvchilar esa 750 ming dollar gonorar olishi koʻzda tutilgan.
Shartnoma shartlariga koʻra, bokschilar ilk janglaridan keyin uch yillik muddat davomida TKO bilan eksklyuziv shartnomaga ega boʻladilar. Bu davrda ularning oʻyin huquqlari, tashqi koʻrinishidan foydalanish huquqlari (masalan, videooʻyinlar uchun) TKO tasarrufida boʻladi. Tashkilotchilar bokschilarga “Performanse Institute” va boshqa zamonaviy tayyorgarlik markazlarida mashgʻulotlar oʻtkazish imkonini ham berishadi.
Albatta, bu toʻlov tizimi yulduz bokschilarni oʻziga jalb etolmasligi mumkin. Shu boisdan, TKO boks ligasi rasmiy starti 2026-yilga rejalashtirilgan va shu vaqtgacha tashkilot iqtidorli sportchilarni qidirib topib, ularning imijini yaratishga urinadi. Shuningdek, bokschilarni ommaga tanitish uchun ijtimoiy tarmoqlardagi influyenserlar bilan hamkorlik qilinadi.
“Boxing Scene” nashrida keltirilgan yana bir muhim bandga koʻra, har bir bokschiga besh oyda bir marta jangda qatnashish imkoni yaratiladi, birinchi yil davomida esa toʻrtta jang taklif etilishi rejalashtirilgan. Bu orqali tashkilot bokschilarni faol saqlab qolishni va ularning mashhurligini oshirishni koʻzlamoqda.
Shuningdek, TKO musobaqalarining asosiy janglarida ishtirok etuvchi bokschilar bilan gonorar yoki daromad ulushi boʻyicha alohida kelishuv tuziladi. Bu shuni anglatadiki, TKO yoki UFC hali toʻliq pay-per-view modelidan voz kechmagan. Bu tizim eng yaxshi sportchilar uchun yuqoridagi tariflardan koʻra katta daromad olish imkonini beradi.
Agar TKO bokschini uchinchi tomon tadbirlarida, masalan, Riyod mavsumi tadbirlarida qatnashtirsa, u holda sportchi kompaniya olgan toʻlovning 90 foizini olish huquqiga ega boʻladi. Bu yondashuv yulduz bokschilar uchun emas, balki imkon kutayotgan koʻplab yosh sportchilar uchun katta eshik boʻlishi mumkin.
Turki Al ash-Sheyx bu haqdagi xabarlarni “haqiqatga mos emas” deya rad etgan boʻlsa-da, aynan qaysi jihat notoʻgʻri ekani aniq emas. Shunday boʻlsa-da, bu model bokschilikda yangi yoʻnalishni boshlab berishi va TKO boksga yangicha qiyofa berishi mumkinligi bilan diqqatga sazovor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring