Yangi qovun navlari yaratildi

14:54 23 Iyul 2025 Jamiyat
182 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasida uchta yangi qovun navi yaratildi.

— Xorazm qovunlari oʻziga xos mazasi, taʼmi bilan boshqa hududlarda yetishtirilgan poliz ekinlaridan ajralib turadi, — deydi Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasi rahbari Sanʼat Qalandarov. – Buning asosiy sabablaridan biri almashlab ekish va sugʻorish texnologiyasi hisoblanadi. Odatda, Xorazmda qovun Amudaryo boʻyidagi yerlarga ekiladi va sugʻorilmasdan, yer ostidan nam olib pishib yetilgani bois mazasi juda shirin boʻladi. Urganch davlat universiteti qovunchilik boʻlimi olimlari bilan hamkorlikda yaratilgan “Iftixor”, “Gandimyon”, “Kumush” navlari ham voha tuproq iqlim sharoitiga mos boʻlib, eksportbop hisoblanadi.

Tajriba stansiyasida 40 gektar maydonda 127 xil navdagi qovun yetishtiriladi. Ushbu navlar yoʻqolib ketmasligi uchun har yil ularning urugʻlari genofondga olinadi. Koʻp yillik ilmiy izlanishlar mahsuli boʻlgan yangi navlar 8-10-avgust kunlari Xivada oʻtkaziladigan anʼanaviy xalqaro “Qovun sayli” festivalida namoyish etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?