Yangi Oʻzbekistonning yangi marralari uchun barchamiz masʼulmiz
Mamlakatimiz uchun 2025-yil barcha sohada muvaffaqiyatli yakunlandi. Davlatimiz rahbari boshchiligida Oʻzbekiston 2026-yilga juda katta rejalar bilan qadam qoʻydi. Xususan, Prezidentimiz Murojaatnomasida belgilangan 6 ta ustuvor vazifa Vatanimiz va xalqimiz farovonligini nazarda tutgani bilan yuksak ahamiyatga ega.
Murojaatnomada belgilangan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqqan holda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini yangidan qabul qilishda deputatlar oʻz takliflari bilan faol qatnashmoqda.
Murojaatnoma — davlatning ichki va tashqi siyosati, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va institutsiyaviy islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydigan asosiy siyosiy va strategik hujjat. U Qonunchilik palatasining qonunchilik faoliyati uchun qoʻllanma boʻlib xizmat qilsa, parlament fraksiyalariga oʻz elektorati manfaatlarini va mafkuraviy munosabatlarini aks ettiruvchi pozitsiyasini shakllantirish uchun asos hisoblanadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Murojaatnoma formatini anʼanaviy ravishda siyosiy tizimni mustahkamlash, elita va jamiyatni strategik maqsadlar atrofida safarbar qilish vositasi sifatida ishlatgan. Shu bilan birga, Qonunchilik palatasidagi har bir fraksiya Murojaatnomani oʻzining siyosiy oʻziga xosligi prizmasi orqali izohlaydi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, oʻzining Yangi yil tabrigida ham xalqimizning qalbidagi eng ezgu gʻoyalar bilan mujassam boʻlgan ulkan maqsadlarni taʼkidlab oʻtdi. Jumladan, Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida minglab mahallalar infratuzilmasi yaxshilanadi, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasi olib kiriladi. Ekologiyani yaxshilash, “yashil” energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻriladi.
Yil boshida Prezidentimiz yana ikkita muhim yoʻnalish boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida ham, tashqi siyosatni faollashtirishga bagʻishlangan videoselektorda ham oʻta muhim masalalar — xavfsizlik, tashqi aloqalar, ayniqsa, iqtisodiyotni rivojlantirish bilan bogʻliq chora-tadbirlar belgilandi.
Yaqin kunlarda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturi ham qabul qilinadi.
Yuqoridagi barcha ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalarning rivoji, aholi farovonligini yuksaltirish uchun belgilangan katta rejalarni amalga oshirish, albatta, parlament, Qonunchilik palatasi zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi.
Deputatlik korpusi davlatimiz rahbarining barcha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlagan holda islohotlar va yangilanishlarning mustahkam huquqiy asoslarini yaratadi, amalga oshirilayotgan ishlarda samarali parlament nazoratini taʼminlaydi. Islohotlarning mazmun-mohiyati va natijadorligini aholiga taʼsirchan yetkazadi, saylovchilarning takliflarini qonunlarda aks ettiradi.
Parlament — islohotlarning faol ishtirokchisi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining oʻtgan davrdagi faoliyati, asosan, Prezidentimizning 2024-yil 18 — 20-noyabrda boʻlib oʻtgan parlament palatalari majlislaridagi dasturiy nutqlarida ilgari surilgan 8 ta ustuvor vazifani, shuningdek, davlat dasturidagi maqsadlarni amalga oshirishga qaratildi.
Oʻtgan davrda qoʻmitalar faoliyati maqbullashtirilib, olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarga mos ravishda yoʻlga qoʻyildi. Quyi palatadagi mavjud 12 ta qoʻmita faoliyati oʻrniga 10 ta yangilangan qoʻmita tashkil etildi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlar bilan faol muloqot qilish, ularning huquq va manfaatlarini parlament darajasida ifodalash maqsadida parlament tarixida ilk bor Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qoʻmitasi tuzildi. Yoshlarga oid davlat siyosatining izchilligini taʼminlash, yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasi tashkil etildi.
Yoʻnalish va mazmuni jihatdan bir-biriga yaqin boʻlgan qoʻmitalar birlashtirilib, 2 ta qoʻmita — Mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi hamda Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tuzildi. Shu davrda qoʻmitalarning fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqoti yanada kuchaydi. Jumladan, qoʻmitalar huzurida yetakchi mutaxassislar, ekspertlar, olimlar, amaliyotchilar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat tarkibda 10 ta Jamoatchilik kengashi tuzildi.
Qoʻmitalarning ilmiy-tadqiqot muassasalari, tahlil markazlari bilan 69 ta hamkorlik memorandumi imzolandi va birgalikdagi rejalar tasdiqlandi. Qonunchilik palatasi va hukumat oʻrtasidagi hamkorlikning yangicha tizimi yoʻlga qoʻyilib, vazirlik va idoralarda rahbar oʻrinbosarlari qoʻmitalar bilan doimiy hamkorlik uchun masʼul qilindi.
Qoʻmitalar tuman va shahar darajasida soʻrov va talabni kuchaytirdi, ijro hokimiyati quyi boʻgʻinigacha tushdi hamda joylardagi muammolarni doimiy oʻrganib borishga ustuvor ahamiyat qaratib, 155 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazdi. Qonunlarning ijro etilishi holati hududlarga chiqqan holda oʻrganildi va ularning yakunlari qoʻmitalarning sayyor yigʻilishlarida keng jamoatchilik va soha vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
Quyi palata faoliyatida jamoatchilik ishtiroki yanada kuchaytirildi. Xususan, Jamoaviy tashabbuslar boʻyicha komissiya, Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish masalalari boʻyicha komissiya va Qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uygʻunlashtirish boʻyicha komissiya tuzilib, faollik bilan ish olib bormoqda.
Jumladan, Qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uygʻunlashtirish boʻyicha komissiya Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishi borasidagi barcha tadbirlarda faol qatnashmoqda. Komissiya aʼzolari tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalarining JST talablariga muvofiqligi doimiy ravishda oʻrganib borilmoqda.
Palataga kiritilgan 17 ta qonun loyihasi JST talablariga muvofiqligi huquqiy ekspertizadan oʻtkazildi. Nufuzli xalqaro va mahalliy darajadagi konferensiyalarda komissiya vakillari qatnashib, oʻz taklif va mulohazalarini bildirmoqda.
Qonunchilik palatasining 20-yanvar kuni boʻlib oʻtgan yalpi majlisida milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralarini qoʻllash boʻyicha bitimiga muvofiqlashtirish hamda fitosanitar zararsizlantirish faoliyatini litsenziyalashga doir qonun loyihalari qabul qilindi. Mazkur hujjatlar JST talablariga milliy qonunchiligimizni muvofiqlashtirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
Xalqchil qonunlar — barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya qonun ijodkorligi faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi. Bosh qomusimizga asosan Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan yangi institutlar amaliyotga tatbiq etildi.
Oʻtgan davrda qonun ijodkorligi jarayoni jamiyatimizdagi dolzarb muammolar yechimiga, xalqimizning ogʻirini yengil qilishga qaratildi. 2025 — 2029-yillarga moʻljallangan qonun ijodkorligi dasturi tasdiqlandi. Ushbu dastur doirasida 40 ta qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Qonun loyihasini parlamentga kiritishda uning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi va jamoatchilik muhokamasi natijalarini taqdim etishga doir talablar belgilandi. Qonun loyihalarini koʻrib chiqishning barcha bosqichlari, hujjat aylanishi toʻliq raqamlashtirildi.
Taʼkidlash joizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq, qonunchilik takliflarini kiritish institutining joriy etilishi fuqarolarning qonun ijodkorligi jarayonidagi ishtiroki yanada kengayishiga va qonunlarning amaliyotdagi taʼsir kuchi ortishiga xizmat qilmoqda. Hisobot davrida Oliy Majlis Senati va Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman) tomonidan 6 ta qonunchilikka taklif quyi palataga kiritildi.
Xalq vakillari oʻzining qonunchilik tashabbusi huquqidan unumli foydalandi. Deputatlar tomonidan saylovchilarning takliflari va dolzarb masalalar yechimi aks etgan 22 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, quyi palataga kiritildi. Bu tashabbuskor subyektlar tomonidan kiritilgan loyihalarning 13 foizini tashkil etdi.
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlar soni avvalgi yillardagiga qaraganda birmuncha koʻpaydi. Masalan, 2024-yilda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan qonunlar soni 110 tani tashkil etgan boʻlsa, bu raqam hisobot davrida 133 taga yetdi.
Oʻtgan davrda butun bir sohani tartibga soluvchi qator yaxlit qonunlar qabul qilindi. Suv kodeksi, “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”, “Ijtimoiy ish toʻgʻrisida”, “Oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisida”, “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”, “Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisida”, “Qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablar belgilanishi munosabati bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidan.
Hisobot davrida Qonunchilik palatasi tomonidan davlat va jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega boʻlgan, xalqimiz farovonligini oshirishga, aholiga qoʻshimcha yengilliklar yaratishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan qator muhim qonunlar qabul qilindi. Jumladan, “Yer uchastkalaridan foydalanish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan madaniy hordiq maskanlari hududini qisqartirish, xususiylashtirish hamda bunday obyektlar hududida bino-inshoot qurilishi qatʼiy taqiqlandi.
“Aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan aholiga videokonferensaloqa rejimida oʻtkaziladigan sud majlislarida mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda masofadan turib ishtirok etish imkoniyati yaratildi.
Umuman olganda, norma ijodkorligi faoliyatida fuqarolarning qonuniy huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga, xalqimizga qoʻshimcha qulayliklar va yengilliklar yaratishga, aholining ijtimoiy va moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga, qisqacha aytganda, xalqimiz manfaatlarini taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratildi. Bu esa davlatimiz rahbarining quyi palata majlisidagi nutqida “Qonun qabul qilindimi, u albatta ishlashi kerak va odamlar hayotida sezilarli oʻzgarish boʻlishi lozim” degan fikrlari hayotda oʻz ifodasini topayotganidan dalolatdir.
Oʻtgan davrda siyosiy partiyalar fraksiyalarining qonun ijodkorligi sohasidagi talabchanligi ortdi. Fraksiyalararo raqobat kuchaydi. Fraksiyalar qonun loyihalarida oʻz nuqtayi nazarlarini, qatʼiy yondashuvlarini namoyon etmoqda. Masalan, OʻzLiDeP va “Milliy tiklanish” DP fraksiyalari tomonidan “Taraqqiyot bloki” tuzildi, shuningdek, XDP fraksiyasi oʻzini parlamentdagi muxolifat fraksiya deb eʼlon qildi. Bu fraksiyalar faoliyatida fikrlar xilmaxilligini taʼminlashga, xalq manfaatlariga mos qonunlar ishlab chiqilishiga xizmat qilmoqda.
Fraksiyalar qatʼiy pozitsiyasi bilan 2 ta qonun loyihasi tashabbuskor subyektga, 12 ta qonun loyihasi quyi palataning masʼul qoʻmitalariga qaytarildi. Fraksiyalar oʻz partiyalarining Saylovoldi dasturlarini amalga oshirishga faol kirishdi. Xususan, sayilgoh, xiyobon, bogʻ va daraxtzorlar muhofazasini kuchaytirishga, homilador ayollarning mehnat huquqlarini kafolatli taʼminlashga, yer uchastkalaridan samarali foydalanishga, NNTni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qator qonun loyihalari ishlab chiqilib, quyi palataga kiritildi.
Aytish joizki, keyingi yillarda parlamentda koʻplab hayotiy zarur qonunlarning qabul qilinishi amaliyotda tezda oʻzining ijobiy natijasini bermoqda. Xususan, koʻpchilik kutayotgan va millionlab oilalarning hayotiga daxldor boʻlgan “Dala chetlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi uzoq yillar mobaynida odamlarni qiynab kelgan yerdan foydalanish borasidagi dolzarb muammolarni huquqiy jihatdan hal etishga zamin yaratdi.
Xalq vakillari saylov okruglarida
Prezidentimiz kambagʻallik darajasiga tushib qolgan odamlarning ongini oʻzgartirish, ularda ertangi kunga ishonch va kelajakka intilishni qoʻllab-quvvatlaydigan siyosiy kuch, albatta, avvalo, deputatlar boʻlishi zarurligini taʼkidlagan edi.
Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, agar yangi saylangan deputatlarimiz oʻz okruglarida mana shu ishlarni amalga oshirsa, ular xalq ishonchini oqlashga va hurmatini qozonishga erisha oladi. Prezidentimizning ushbu tashabbusi juda muhim. Qonunchilik palatasi faoliyatida mazkur masala ustuvordir.
Shundan kelib chiqib, oʻtgan davrda deputatlarning saylov okruglaridagi ishlari samaradorligi yanada oshirildi. Saylovchilar bilan muloqotning yangicha tizimi yoʻlga qoʻyilib, yagona saylov okrugi boʻyicha siyosiy partiyalar roʻyxati asosida Qonunchilik palatasiga saylangan 75 nafar deputatning hududlardagi faoliyatini tashkil etish Konsepsiyasi tasdiqlandi. Unga koʻra, proporsional tizim asosida saylangan deputatlar hududlarga masʼul qilinib, ularning saylovchilar bilan muloqoti yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish yoʻnalishida qator oʻrganishlar oʻtkazildi hamda fuqarolar va soha vakillari bilan ochiq muloqotlar qilinib, keng targʻibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Oliy Majlis palatalari tomonidan “Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari uchun tavsiyalar” ishlab chiqilib, mahalliy Kengashlarga yetkazildi.
Mahalliy Kengashlar tomonidan yer soligʻi va ijara toʻlovlari uchun belgilangan minimal qiymatlarga koeffitsiyentlarni belgilash boʻyicha joylarda olib borilayotgan ishlar holati chuqur oʻrganilib, tahlil qilindi. Bu boʻyicha quyi palata va mahalliy Kengashlar deputatlari, soha vakillari ishtirokida 40 dan ziyod tadbirlar oʻtkazildi, respublikaning har bir hududida jami 14 ta seminar tashkil etildi.
Koʻrib chiqilgan yilda mahallagacha tushib, aholi bilan yuzma-yuz suhbat qilish tizimi kengaytirildi. Fermer xoʻjaliklari, tadbirkorlik subyektlari, kamida 5 ta ijtimoiy soha obyektiga borib, ochiq muloqot oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Qonunchilik palatasiga murojaat yoʻllagan fuqarolarni esa saylov okruglarida qabul qilishga oʻtildi.
Qonunchilik palatasining Fuqarolar qabulxonasida deputatlarning saylovchilarni videokonferensaloqa rejimida qabul qilish imkoniyati yaratildi.
Deputatlar har oyning oxirgi haftasida — jami 10-marta saylov okruglarida boʻldi. 12 mingdan ortiq aholi xonadonlariga borib, 8,1 mingta ijtimoiy soha obyekti, 6,5 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari, 5 mingdan koʻp mahallalar faoliyati bilan tanishdi. 17,3 mingdan ziyod fuqarolar qabullari tashkil etilib, 10,2 mingdan ortiq uchrashuvlar oʻtkazildi. Ularda 242 mingdan ziyod odamlar qamrab olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish — ustuvor vazifa
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashning kengaytirilgan yigʻilishida davlat rahbari tomonidan qoʻyilgan vazifalar doirasida Qonunchilik palatasi tomonidan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, har bir qoʻmita, siyosiy partiyalar fraksiyalari, komissiyalar kesimida amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar aniq belgilab olingan edi.
Oʻtgan davrda bu borada keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, qonunlarda korrupsiyaga imkon beruvchi normalarni aniqlash va bartaraf etish, bu borada taʼsirchan parlament nazoratini taʼminlashga qaratilgan Qonunchilik palatasi Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Deputatlar korpusi korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoyatchilikni jilovlash borasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda faol ishtirok etishdi. Mamlakatimizning barcha hududida mahallalarga tushib, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar, muhim soha va tarmoqlarda maʼmuriy-byurokratik toʻsiqlar va korrupsiyaviy omillar hamda “qizil” toifadagi mahallalarda jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini chuqur oʻrganish, mavjud muammolarni parlament muhokamasiga olib chiqishga ustuvor ahamiyat berildi.
Belgilangan vazifalar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida quyi palata Kengashining 2 ta qarori qabul qilinib, chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Parlament aʼzolari, huquq-tartibot organlari, tegishli masʼullardan iborat ishchi guruhlari tuzildi. Barcha hududlarda 14 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazildi.
Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi tomonidan byudjetdan eng koʻp mablagʻ oluvchi qator vazirliklar va idoralar (Maktabgacha va maktab taʼlimi, Sogʻliqni saqlash, Suv xoʻjaligi vazirliklari, Kadastr agentligi), shuningdek, tijorat banklarida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish ishlari boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazildi.
Bundan tashqari, deputatlar saylov okruglarida oʻtkazilgan uchrashuvlarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazdi.
Oʻtgan yilda ushbu yoʻnalishda qator parlament nazorati tadbirlari ham oʻtkazildi. Xususan, “hukumat soati” doirasida sogʻliqni saqlash, sport, transport, qishloq xoʻjaligi va adliya vazirlarining, “parlament eshituvi”da esa Adliya, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklarining, qoʻmitalarda mutasaddi rahbarlarning 37 marotaba eshituvlari tashkil etildi. Shuningdek, Qonunchilik palatasi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining milliy maʼruzasi eshitildi.
Maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha mahalliy Kengashlarda 197 ta muloqot va 19 ta sessiya oʻtkazildi. Joylardagi oʻrganishlar hamda aholi bilan muloqotlar davomida aniqlangan muammolarni huquqiy jihatdan hal etish, qonunchilikni yanada takomillashtirish yuzasidan 19 ta qonun loyihasi hamda 50 ga yaqin takliflar ishlab chiqildi.
Olib borilgan oʻrganishlar, oʻtkazilgan parlament nazorati tadbirlari muammolarni parlament muhokamasiga olib chiqish hamda ularga huquqiy, tashkiliy va amaliy yechimlar topishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Vakolatlar kengayib, nazorat funksiyasi kuchaydi
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha Qonunchilik palatasiga aniq vakolatlar belgilangani deputatlar korpusi faoliyatiga yangicha mazmun-mohiyat olib kirdi.
Oʻtgan davrda keng koʻlamli, sifatli parlament nazorati tizimiga oʻtilib, fraksiyalar va qoʻmitalar tashabbusi bilan 11 ta “parlament eshituvi”, 9 ta “hukumat soati” oʻtkazildi. Mansabdor shaxslarga esa 15 ta parlament va 169 ta deputat soʻrovi yuborildi.
Davlatimiz rahbarining Qonunchilik palatasiga ekologiya, oziq-ovqat xavfsizligi, sanoat, xizmat koʻrsatish, investitsiya, eksport, migratsiya kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratish boʻyicha bergan koʻrsatmalaridan kelib chiqib, parlament nazorati tadbirlarida ushbu sohalarda aholini oʻylantirib kelayotgan dolzarb masalalar koʻtarildi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha parlament nazoratini taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratildi. Xususan, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hukumat aʼzolariga 4 ta parlament soʻrovi joʻnatildi.
Quyi palatadagi masʼul Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasida davlat organlari rahbarlarining 10 marotaba axboroti eshitildi. Shuningdek, “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi kabi 3 ta qonunning ijro qilinishi holati nazorat-tahlil tartibida oʻrganildi. Natijada qoʻmita tomonidan joylarda oʻtkazilgan oʻrganishlar, soha vakillari bilan boʻlib oʻtgan muloqot hamda nazorat-tahlil tadbirlari davomida aniqlangan muammolarning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida 9 ta qonun loyihasi va takliflar ishlab chiqildi.
Hisobot yilida deputatlar tomonidan 200 dan ziyod ekoreydlarda qatnashildi. “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonun ijrosi Toshkent shahri va Surxondaryoda oʻrganildi. 139 ta obyektda atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish boʻyicha targʻibot tadbirlari oʻtkazilib, 3,1 ming nafardan ortiq fuqarolar qamrab olindi. Atmosfera havosiga zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha qonunchilikka takliflar ishlab chiqildi.
Aytish joizki, oʻtgan davrda Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish mexanizmlari yanada kuchaytirildi va joylarda aholi farovonligini oshirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqishda parlamentning faol ishtiroki taʼminlandi. Byudjet tizimini va byudjet jarayonini takomillashtirish, xususan, Davlat byudjetining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot turlarini kengaytirish maqsadida “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va qabul qilindi.
Qonunga muvofiq, hukumatning Davlat byudjetiga doir barcha hisobotlari Qonunchilik palatasiga faqat Byudjet kodeksida belgilangan audit xulosasi bilan birgalikda kiritilishi belgilandi. Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobotlar Hisob palatasining tezkor xulosasi bilan birga kiritilishi nazarda tutildi.
Bundan tashqari, hududlarning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini Qonunchilik palatasiga kiritish va koʻrib chiqish amaliyoti joriy etildi. Shuningdek, quyi palata deputatlarining tegishli mahalliy Kengashlar tomonidan investitsiya loyihalarini koʻrib chiqish jarayonlarida ishtirok etishi belgilandi. Davlat byudjeti ijrosiga doir hisobotlar atroflicha muhokama qilindi.
Prezidentimizning tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan qaroriga muvofiq, 2026-yil yanvardan boshlab deputatlar har yili tashabbusli byudjet jarayonlari doirasida oʻz saylov okruglarida gʻolib boʻlmagan loyihalar orasidan aholining kundalik hayotiga hamda hududni rivojlantirishga bevosita taʼsir koʻrsatadigan ikkita loyihani tanlashi va ular “Ochiq byudjet” axborot portali orqali avtomatik ravishda gʻolib topilishi hamda respublika byudjeti hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qoʻyildi. Bu amaliyot mahalliy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va fuqarolar ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Parlament diplomatiyasi geografiyasi kengaymoqda
Parlament diplomatiyasining oʻziga xos jihati shundaki, u rasmiy davlat pozitsiyasi bilan birga, jamiyat manfaatlari, siyosiy plyuralizm va demokratik qadriyatlarni ham xalqaro maydonga olib chiqadi. Parlament diplomatiyasining geografiyasi kengayishi davlatlar uchun qator strategik imkoniyatlarni yaratadi. Chunki parlament diplomatiyasi orqali milliy manfaatlarni xalqaro maydonda tizimli va uzoq muddatli tarzda ilgari surish imkoniyati kengayadi.
Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda parlament diplomatiyasi va parlamentlararo aloqalar tashqi siyosatimizning muhim muloqot vositalaridan biriga aylandi. Parlament diplomatiyasi geografiyasi kengayib, Qonunchilik palatasining xalqaro hamkorlik aloqalari “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga mos ravishda sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi. Prezidentimizning faol tashqi siyosati Qonunchilik palatasining xalqaro aloqalarini rivojlantirishda muhim omil boʻlmoqda. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, ochiq, pragmatik, puxta oʻylangan va tashabbuskor tashqi siyosatimiz natijasida Oʻzbekiston global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib bormoqda.
Mamlakatimizda parlament diplomatiyasi ham yangi mazmun va ruh bilan rivojlanyapti. Bu borada barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Natijada parlament diplomatiyasi konsepsiyasi doirasida xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar bilan koʻp qirrali hamda samarali aloqalar sifat bosqichiga chiqmoqda.
Quyi palataning parlamentlararo hamkorlik aloqalari izchil rivojlanmoqda. Oʻtgan davrda palatada 103 ta chet el delegatsiyasi, jumladan, 23 nafar parlament rahbari qabul qilindi. Deputatlar 58 ta xalqaro va parlamentlararo tadbirda ishtirok etdi.
Yangi tarkibda shakllangan Qonunchilik palatasida xorijiy davlatlar parlamentlari bilan Oliy Majlisning 56 ta parlamentlararo guruhi tashkil qilindi. Shuningdek, xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish, parlamentlararo guruhlarning imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida Oliy Majlis bilan Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi oʻrtasida hamda Oliy Majlisning Xitoy Xalq Respublikasi Butunxitoy Xalq Vakillari Kengashi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyalar tuzildi.
Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yuqori saviyada tashkil etildi. Prezidentimizning mazkur nufuzli tadbirdagi ishtiroki va tarixiy nutqi parlamentlar ishini rivojlantirish, oʻzaro hamkorlikni kengaytirishda yangi istiqbollarni ochdi. Eng muhimi, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oʻtkazilgan mazkur nufuzli sammit mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obroʻsini yanada oshirib, Oʻzbekistonning tashabbuskor tashqi siyosatining yana bir yorqin namunasini ifodaladi.
Ochiqlik va shaffoflik — bosh mezon
Qonunchilik palatasi faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish borasida oʻtgan yilda yangi tizim asosida ish tashkil qilindi. Prezidentimizning 2024-yil noyabr oyida Oliy Majlis palatalaridagi nutqlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining keng qirrali faoliyatini, xususan, qonun ijodkorligi, parlament nazorati va saylovchilar bilan ishlash yoʻnalishlarini birdek keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha yangi, zamonaviy mediauslublar joriy qilinmoqda.
Yigirmaga yaqin yangi loyihalar orqali qabul qilinayotgan qonunlar xalqchil va taʼsirchan uslubda ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borilmoqda. Ayniqsa, keng auditoriyaga ega boʻlgan internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda palata faoliyatini oddiy va ommabop shakl va mazmunda targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Qonunchilik palatasining rasmiy axborot resurslarini takomillashtirish, ularga murojaat qiluvchilar safini kengaytirish choralari koʻrilmoqda. Yangi yildan Qonunchilik palatasining yalpi majlislarini palataning rasmiy veb-sayti orqali jonli efirga uzatish boshlandi.
Shu kunlarda barcha fraksiya va qoʻmitalar oʻtgan yildagi faoliyati yakunlari va joriy yildagi rejalarini “ochiq parlament” formatida interfaol va kreativ uslubda, jurnalistlarning qizgʻin savollari asnosida oʻtkazilayotgan ochiq muloqotlar orqali eʼlon qilmoqda.
Shu oyning oxirida Qonunchilik palatasi ham xuddi shunday ochiqlik va shaffoflik bilan oʻtgan yildagi faoliyati va joriy yildagi ustuvor vazifalarini ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida boʻlib oʻtadigan muloqotda maʼlum qiladi. Muxtasar aytganda, palata ochiqlik, shaffoflik va keng jamoatchilik bilan doimiy muloqotlar prinsipini toʻliq qoʻllab-quvvatlab, bu borada zamonaviy tajriba va texnologiyalarni muntazam joriy etib boradi.
Istiqboldagi rejalar
Qonunchilik palatasi 2026-yil uchun ustuvor vazifalarni belgilab olmoqda. Bu vazifalarda, avvalo, Murojaatnomada, shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan qator yigʻilishlarda ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning huquqiy asoslarini yaratish tizimi aks etgan.
Xususan, Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasi, Mudofaa doktrinasi, Milliy xavfsizlik konsepsiyasi, Fuqarolik kodeksi loyihasi, “Uy-joy va boshqa koʻchmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish toʻgʻrisida”, “Hunarmandchilik faoliyati toʻgʻrisida”, “Sanoat zonalari toʻgʻrisida”, “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”, “Biologik xavfsizlik toʻgʻrisida”, “Sunʼiy intellekt toʻgʻrisida”, “Diplomatik xizmat toʻgʻrisida”gi kabi qonun loyihalari boʻyicha takliflar tayyorlanadi. Natijada mamlakatda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga, qonun ijodkorligi jarayonining sifatini yanada oshirishga, jamiyat hayotidagi dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan xalqchil qonunlarni qabul qilishga erishiladi.
Shuningdek, xalq vakillarining qonunchilik tashabbusi huquqidan unumli foydalanish boʻyicha tashabbuskorligini yanada oshirish choralari koʻriladi. Deputatlar tomonidan qator qonun loyihalari, jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi toʻgʻrisida”, “Atrof-muhit monitoringi toʻgʻrisida”, “Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisida”, “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi, shuningdek, davlat kafolati ostida tashqi qarz olish masalasini koʻrib chiqish va maʼqullashni parlament vakolatiga oʻtkazish boʻyicha qonun loyihalari ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, Investitsiya kodeksi loyihasi, “Muqobil investitsiya jamgʻarmalari toʻgʻrisida”, “Kapital bozori toʻgʻrisida”gi qonunlar loyihalari, shuningdek, davlat xaridlarida tovarlar, ishlar va xizmatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish mumkin boʻlgan holatlarni faqat qonunda belgilash, fuqarolarning daromadlari va aktivlaridan erkin foydalanishi uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratish yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqiladi. “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Qonun qayta koʻrilib, u yanada takomillashtiriladi.
Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilishda qoʻmitalar rolini yanada kuchaytirish, bunda qoʻmitalarda har chorakda birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning byudjet mablagʻlaridan foydalanishi bilan bogʻliq maqsadli indikatorlari, Davlat byudjeti daromadlari prognozining bajarilishi yuzasidan vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitib borishga katta eʼtibor qaratiladi. Joylarda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha olib borilayotgan ishlar hamda “qizil” toifadagi mahallalarda jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini oʻrganish, jamoatchilik orasida tushuntirish ishlarini olib borish, barcha mahalliy Kengashlarga borib, muloqotlar oʻtkazish, korrupsiyaning oldini olish yoʻnalishidagi huquqiy asoslarni yanada mustahkamlash boʻyicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotini eshitish borasidagi ishlar tizimli ravishda davom ettiriladi.
Eng muhimi, saylovlarda saylovchilarga berilgan vaʼdalarning bajarilishini taʼminlash maqsadida alohida reja-jadval asosida fraksiyalar rahbarlarining elektorat bilan muloqoti izchil davom ettiriladi. Qoʻmitalarning esa oʻzlari masʼulligida qabul qilingan qonunlarning joylarda ijro etilishi holatini nazorat-tahlil tartibida oʻrganish borasidagi faolligi yanada kuchaytiriladi.
Prezidentimiz tashabbusi va xalqimiz xohish-irodasi bilan belgilab olingan Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirishning yangi strategik maqsadlari parlamentdan, xususan, Qonunchilik palatasidan ham chuqur masʼuliyat bilan ishlash, barcha sohalar taraqqiyotining va inson manfaatlarining mustahkam huquqiy asoslarini yaratishni talab qilmoqda. Mana shu talabdan kelib chiqib deputatlar korpusi yuksak marralarni koʻzlayotgan islohotlarning tom maʼnodagi tashabbuskori, faol ishtirokchisi boʻlish uchun bor salohiyatini ishga solgani holda oʻz faoliyatini takomillashtirib boradi.
Nuriddin ISMOILOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring