Yangi O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalari

22:35 11 Noyabr 2024 Jamiyat
236 0

Foto: Yunus Bo‘riyev, Haqberdi Asqarov / «Xalq so‘zi»

O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida 11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va uning hududiy kengashlari, tarmoq kasaba uyushmalari respublika kengashlari, tasarrufdagi tashkilotlar rahbarlari, faxriylar, hamkor vazirlik va idoralar, xalqaro kasaba uyushmalari birlashmalari, xorijiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlangan tantanali bayram tadbirini yosh iste’dodlar ijrosidagi Vatan, tinchlik va xalqlar do‘stligini madh etuvchi kompozisiya davom ettirdi.

Tantanali tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan inson manfaatlarini ta’minlash yo‘lida o‘tgan 7-8 yil davomida jamiyat hayotining barcha jabhasida birdek olib borilayotgan keng ko‘lamli va tizimli islohotlar hamda yangilanishlar, ularning salmoqli natijalari alohida ta’kidlandi.

Xususan, o‘tgan qisqa vaqt ichida xalqimiz turmush darajasi va farovonligini oshirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekiston nufuzini dunyo miqyosida yuqori pog‘onaga ko‘tarish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilib, salmoqli natijalarga erishilgani, ushbu yutuqlar jamiyatimiz hayoti va xalqimiz turmushidagi ijobiy o‘zgarishlarda namoyon bo‘layotgani, qisqa aytganda, yangi O‘zbekiston fuqarolari yangicha dunyoqarash ila hayot kechirayotgani qayd etildi.

Haqiqatan ham, yurtimizda inson qadri yo‘lida amalga oshirilayotgan ulkan va tizimli ishlar davlatimiz va jamiyatimizni taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga olib chiqdi. Yangi O‘zbekistonning bu boradagi yutuqlari bugun xalqaro miqyosda ham tan olinib, yuksak e’tirofga sazovor bo‘layotir. O‘zgarishlar va yangilanishlar, aholining turli toifalari, ayniqsa, xotin-qizlar hamda yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida O‘zbekiston aholisining ijtimoiy-siyosiy faolligi, tashabbuskorligi ortib, yangi marralar sari olg‘a intilyapti.

Tadbirda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik uchun yaratilgan keng imkoniyatlar natijasida mamlakatimiz kasaba uyushmalari faoliyati yangi rivojlanish bosqichiga kirdi.

Bugun xalq tashkilotiga aylangan kasaba uyushmalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Ish beruvchilar konfederatsiyasi o‘rtasida imzolangan bosh jamoa kelishuvi, amaldagi 102 ta tarmoq kelishuvi hamda 118 mingga yaqin jamoa shartnomalari orqali mehnatkashlar va ular oila a’zolarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoyalash bo‘yicha jamoatchilik nazoratini olib borish kabi ishlarni bajarib kelayotir.

Kasaba uyushmalari inspektorlari tomonidan o‘tgan 9 oy davomida 3095 ta tashkilotda jamoatchilik nazorati amalga oshirildi. Kelib tushgan 4020 ta murojaatni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra jami 62 ming 656 nafar shaxsning huquqlari tiklanib, xodimlar foydasiga qariyb 61,5 mlrd. so‘m mablag‘ undirib berilishiga erishildi. Nodavlat sektordagi xodimlarning ham jamoa shartnomalaridagi imtiyoz va kafolatlardan foydalanishini ta’minlash maqsadida ularni kasaba uyushmalariga jalb etish borasida amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida birgina  2024 yilning 9 oyi davomida kichik biznes sub’yektlari hamda xususiy sektorda faoliyat ko‘rsatayotgan 13 mingga yaqin korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan qariyb 323 ming nafar xodim kasaba uyushma a’zoligiga o‘tkazildi.

Kasaba uyushmalarining xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish yo‘nalishidagi ishlari ham sifat va miqdor jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan o‘tgan yili Surxondaryo viloyatida zamonaviy “Sangardak” sanatoriysi barpo etilib, foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, joriy yilda Xorazm viloyatida xalqaro standartlarga mos bo‘lgan 200 o‘rinli “Xonqa” sanatoriysi qurilib, mehnatkashlar ixtiyoriga topshirildi. Bu kabi bunyodkorlik ishlari natijasida 2017 yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi sanatoriy  va dam olish uylarida mavjud 5257 ta o‘rin soni bugunga kelib 7 mingtaga yetkazildi.  Va ularda joriy yilning shu buguniga qadar 160 ming nafardan ziyod aholi sog‘lomlashtirildi. 190 ta stasionar turdagi oromgohda esa qariyb 162,5 ming nafar bolalar dam oldirildi.

Tantanali tadbirda Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirish yo‘nalishidagi ishlarda faol ishtirok etayotgan, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishga hamda kasaba uyushmalari faoliyati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Ehtirom” nishoni bilan taqdirlandi. Sovrindorlarga ushbu nishon va pul mukofotlari berildi.

Shuningdek, ko‘p yillik samarali mehnati bilan sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish, shuningdek, kasaba uyushmalarining nufuzini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yurtdoshlarimiz hamda xalqaro hamkorlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi laureati” mukofotining joriy yilgi sovrindorlariga ushbu mukofot tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir yakunida bayram konsert dasturi namoyish etildi.

Foto: Yunus Bo‘riyev, Haqberdi Asqarov / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер