Unutilmas saboqlar va bugungi islohotlar — ziyolilar nigohida

09:24 30 Sentyabr 2025 Siyosat
150 0

Insoniyat rivoji, millat ravnaqi, maʼnaviy yuksalish ilm-u maʼrifatning yuqori choʻqqiga yetganidan dalolat. Sababi, ilm-u irfon oʻsha millat, xalq, davlat va jamiyat tamaddunining yuksak darajasini belgilovchi muhim mezondir. Yuksak tamaddunga ega elning ildizi maʼrifat chashmasiga toʻyingan boʻladi. Oʻzbek xalqi ana shunday maʼrifat suvidan oziq olgan ildizi baquvvat, tarixda bir nechta Renessans davrini boshlab bergan va dunyo tamadduniga koʻplab allomalarni yetishtirgan millatdir.

“Alamim bor…” sarlavhali maqolada eʼtirof etilgan fikrlar har bir inson ong-u shuuriga taʼsir etmasdan qolmaydi. Maqola oʻquvchini oʻtmish, bugun va kelajak haqida chuqur mushohadaga chorlaydi. Bir qarashda, sarlavhadan maqola gina-kuduratdan iboratdek tuyulsa-da, aslida unda xalqimiz yutuqlari va imkoniyatlarini qadrlash, ulardan oqilona foydalanish masalalari bong urilgan. Birgina armon — bu millatning, Vatanning qadr-qimmatini joyiga qoʻyish, toptalgan, baʼzan oyoqosti boʻlgan shon-u shavkatimizni ulugʻlash... Bu alam Vatan va kelajak uchun kuyunish, xalqimizning tarixiy saboqlari va bugungi yutuqlarini taqqoslab, ertangi kun uchun xulosa chiqarishga daʼvatdir.

Kelajak uchun muhim mezon

Muallif taʼkidlaganidek, oʻtmishga qaytish gina yoki malomat uchun emas, balki saboq olish, xatolardan xulosa chiqarish uchundir. Tarixdan koʻramiz: temuriylar davrida ilm-fan, adabiyot, sanʼat yuksaldi, Ulugʻbek rasadxonasi Sharq ilmiy uygʻonishining ramziga aylandi.

Jadidlar davrida xalqni jaholatdan chiqarish, maʼrifat sari yetaklash uchun jon fido qilgan maʼrifatparvarlar maydonga chiqdi. Mustaqillik yillarida esa Oʻzbekiston oʻz milliy yoʻlini tanlab, yangi davr sari dadil qadam tashladi. Demak, bugun bizning vazifamiz — tarixning yorugʻ sahifalaridan kuch olib, kelajak sari masʼuliyat bilan borishdir.

Markaziy Osiyo xalqlari qadimdan boy madaniyat va ulugʻ tarixga ega. Buni eramizdan avvalgi davrlardayoq zaminimizda ixtiro qilingan baqtriya, soʻgʻd, xorazm va oʻrxun yozuvlari ham isbotlab turadi.

Miloddan avvalgi II asrdan boshlab XV asrgacha ustuvor ahamiyat kasb etgan Buyuk Ipak yoʻli ham aynan mana shu hududning turli shaharlaridan oʻtgan. Bu esa oʻlkamizni nafaqat savdo-sotiq, balki ilm-fan va madaniyatning ham markaziga aylantirdi. Tinchlik-totuvlik, doʻstona muloqot hamda sivilizatsiyalararo hamkorlik esa ilk davlatchilikning shakllanishi va rivojlanishiga mustahkam zamin boʻldi.

Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy nomidagi xalqaro markazlar xalqimiz maʼnaviy-maʼrifiy yuksalishining yangi davrini boshlab bermoqda. Islom olamidagi bunday yirik ilmiy-tadqiqot markazlarida ilgʻor talabalar tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlar yangi bosqichga chiqishiga ishonamiz. Shubhasiz, bu maskanlar uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan dargohlar hisoblanadi.

Sharq qadimdan ilm-fan, sanʼat va adabiyot beshigi boʻlib kelgan. Islom sivilizatsiyasining oltin davrida astronomiyada Abu Rayhon Beruniy, tibbiyotda Ibn Sino, falsafada Forobiy, matematikada Xorazmiy va hadis, fiqh, shariat ilmlari boʻyicha ulamolar, buyuk allomalar kamol topdi. Ular nafaqat Sharq, balki butun insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshdilar. Ularning asarlari ikki buyuk Uygʻonish davrining asosini tashkil etdi, ilm-fan esa yangi bosqichga koʻtarildi.

Sharq va Gʻarbni uygʻunlashtirgan bu ilmiy meros bugun ham jahon tamaddunining ajralmas qismiga aylangan. Xususan, matematika, tibbiyot, falsafa, adabiyot kabi fanlarda yaratilgan asarlar hali-hanuz insoniyatni hayratga solmoqda.

Ajdodlarimizdan meros qolgan donishmandlik anʼanalariga suyanib, Oʻzbekiston bugun yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻymoqda. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda turli millat hamda din vakillari oʻrtasida hurmat va birdamlikni mustahkamlash, tinchlik hamda totuvlikni taʼminlash yoʻlida olib borilayotgan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanmoqda. Sharqdan chiqqan mutafakkirlarning asarlari esa bugun yosh avlod uchun bilim va tarbiya manbai boʻlib xizmat qilmoqda. Mahmud Zamaxshariy misolida koʻrsak boʻladiki, inson irodasi hamda bilimga chanqoqlik oldida hech qanday toʻsiq bardavom emas.

Bugun Oʻzbekiston xalqaro maydonda tobora faol boʻlib bormoqda. Ekspokoʻrgazmalarda milliy pavilyonimiz jahon hamjamiyatini hayratga solmoqda, yoshlarimiz nufuzli xalqaro tanlovlarda Qolib chiqyapti, chet ellik olimlar bilan hamkorlik kuchaymoqda, yangi ilmiy markazlar, zamonaviy universitetlar ochilayotir.

Globallashuv va milliy qadriyatlar muvozanati

Bugun globallashuv jarayoni shiddat bilan kechmoqda. Internet, axborot oqimi, yangi texnologiyalar — bularning barchasi bir tomondan imkoniyat, ikkinchi tomondan xavfdir. Agar biz yoshlar ongini maʼnaviy immunitet bilan mustahkamlamasak, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylamasak, tarixiy saboqlarni ongiga singdirib bormasak, ertaga ulardan ayrilishimiz mumkin.

Siyosatshunosning maqolasida ham shunga urgʻu beriladi: milliy adabiyot, teatr, musiqa, xalq ogʻzaki ijodi, sanʼat — bular nafaqat meros, balki millatning yashash tamalidir. Bu borada masʼuliyatli munosabat har bir ziyoli va har bir fuqaroning vazifasi boʻlishi zarur. Bu masʼuliyat, talabchanlik, millat taqdiriga befarq boʻlmaslikdir. Agar imkoniyatlardan foydalanilmasa, xalqning salohiyati toʻliq ishga solinmasa, bu haqli ravishda “alam” uygʻotadi.

Muallif “Alamim bor” maqolasida xalqimizga uch muhim haqiqatni eslatib oʻtadi.

Bular:

— tarixdan saboq olish — yutuqlar vaxatolardan xulosa chiqarish;

— bugunning imkoniyatlarini qadrlash — erishilgan natijalarni barqaror qilish va boyitish;

— kelajak uchun masʼuliyat — yoshlar, milliy qadriyatlar, ilm-fan va madaniyatni asrab-avaylash hamda rivojlantirish.

Zero, bugungi quvonchlarimiz kelajakka poydevor boʻlishi uchun har birimizda ham shunday “alam” — yurt, millat va kelajak taqdiriga qaygʻurish hissi boʻlishi zarur.

Sherzod MUSTAFOQULOV,

Xalqaro Nordik universiteti rektori,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер