Shovqin ichidagi daʼvatkor ovoz

16:21 24 Fevral 2026 Jamiyat
503 0

Yangi Oʻzbekiston — bu davrimiz shiddatining inʼikosi. Jamiyat, odamlar, butun mamlakat shundoqqina koʻz oʻngimizda yangicha qiyofa kasb etmoqda. Siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, davlat boshqaruvi tizimini qamrab olgan islohotlar shunchalik jadallashib ketdiki, ularning koʻlami va teranligini anglab olish doim ham oson emas. Milliy iqtisodiyotning barqaror dinamikasi, ijtimoiy koʻmak mexanizmlarining takomillashuvi, biznes, taʼlim va fan rivoji uchun yaratilayotgan yangidan-yangi imkoniyatlar — bularning barchasi kundalik hayotimizdagi voqeliklar.

Shu asnoda mamlakatimizning xalqaro maydondagi obroʻsi ham ortib bormoqda. Oʻzbekistonda biror-bir muhim xalqaro tadbir — u iqtisodiy anjuman boʻladimi, yuqori darajadagi mintaqaviy uchrashuv yoki global konferensiyami — oʻtkazilishi haqida xabar eʼlon qilinsa, bunga bugun hech kim hayron boʻlmaydi. Jonajon Oʻzbekistonimiz zamonaviy dunyoning eng dolzarb masalalari koʻrib chiqiladigan markazga aylangani davlatimizning ochiqligi ramzi, uning taraqqiyot yoʻlidan dadil borayotgani tasdigʻidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning puxta oʻylangan, muvozanatli tashqi siyosati tufayli mamlakatimiz mintaqalar va qitʼalarning taqdiri muhokama qilinadigan eng asosiy davralarda hozir boʻlmoqda. Davlatimiz rahbarining oʻtgan haftada AQSHga amaliy tashrifi hamda Tinchlik kengashining birinchi yigʻilishida ishtirok etishi buning yaqqol tasdigʻi. Yetakchimizning kengash yigʻilishida nutq soʻzlashi hamda AQSH hukumati, yirik kompaniyalari va moliya institutlarining yuqori darajali vakillari bilan oʻtkazgan muloqotlari ahamiyati hamda bu voqealar jahon ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgani alohida katta mavzu. Urgʻulamoqchi boʻlganimiz — Oʻzbekistonning dolzarb xalqaro masalalarni hal qilishdagi roli tobora oshib bormoqda va bu turli rasmiy doiralar vakillari, nufuzli xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamjamiyati va dunyo ommaviy axborot vositalari tomonidan yuksak eʼtirof etilmoqda. Oʻzbekiston yuqori minbarlardan turib oʻz pozitsiyasini ifoda qilayotir va muhimi, uning ovozini eshitishmoqda, fikriga qoʻshilishmoqda.

Boshqa yoʻnalishlar qatori media sohasida ham katta oʻzgarishlar roʻy berdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keyingi toʻqqiz yilda soʻz erkinligi asoslari mustahkamlandi, axborot makoni kengaydi, tahririyatlarning masʼuliyati va mustaqilligi ortdi. Bunday sharoitda, davlatimiz rahbari bir necha bor taʼkidlaganidek, OAV jamiyatda kechayotgan jarayonlarning faol ishtirokchisi boʻlishi, fuqarolarni oʻylantirayotgan masalalarni koʻtarib chiqishi va konstruktiv muloqotni rivojlantirishga xizmat qilishi darkor.

Shaffof axborot maskani

Mamlakatimizda va xorijda eʼtirof etilganidek, soʻnggi yillardagi muhim yutuqlardan biri — jamiyatning yopiqligini yengib oʻtish, davlat organlarining fuqarolar oldida hisobdorligi sari yoʻl tutish boʻldi. Shaffof axborot makoni islohotlar uchun mustahkam tayanchlardan biriga aylandi. Va bu koordinatalar tizimida ommaviy axborot vositalarining roli beqiyosdir. Axir aynan ular voqea-hodisalar va oʻzgarishlar dinamikasini aks ettirish, jamiyatda muloqot sifatini, yetukligini taʼminlashga masʼul.

Natijada mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari yanada dadilroq boʻldi, roʻy berayotgan voqea-hodisalarni chuqurroq tahlil qila boshladi. Ilgari “soyada qolib ketgan” mavzular bugun professional nuqtayi nazardan oʻz bahosini olmoqda. Tanqid, tahlil, xolislik va xabardorlikka intilish koʻplab tahririyatlarning asosiy maqsadiga aylandi. Shu bilan bir qatorda, internet-jurnalistika juda tezkor surʼat bilan rivojlanyapti. Yaʼni yangiliklar portallarining auditoriyasi kengaymoqda, ijtimoiy tarmoqlarning pozitsiyasi kuchaymoqda, kichik videodan iborat shakl, ayniqsa, tez ommalashib boryapti. Bunday raqamli koʻpovozlilik sharoitida anʼanaviy OAV ham oʻzining fundamental tamoyillarini saqlab qolgan holda zamon bilan hamnafas boʻlishga intilmoqda.

Bugungi kunda onlayn-platformalar soʻzsiz yuqori oʻringa chiqib olayotgani haqidagi fikrlarni koʻp eshityapmiz. Chindan ham, axborotning tarmoqda tarqalish tezligi hayron qolarli darajada. Lekin shunday sharoitda ham koʻplab rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda bosma nashrlar millionlab adadda nashr etilyapti. Va ularning koʻpi bizning qitʼamizda joylashgan. Maʼlumotlarga koʻra, dunyodagi eng koʻp sotiladigan 100 ta kundalik gazetadan 74 tasi Osiyoda chiqadi, ularning 62 tasi esa Xitoy, Yaponiya va Hindistonda chop qilinadi. Buning ustiga, bu mintaqada ularning umumiy adadi ham ortib bormoqda. Raqamlardan koʻrinib turibdiki, gazeta hali ham jamiyat hayotida muhim oʻrinni egallab kelmoqda.

Mamlakatimizning ochiqligi va sayyohlik sohasining rivoji tufayli keyingi yillarda oʻzbekistonliklar xorijga tez-tez chiqish imkoniyatiga ega boʻldi. Ular turli mamlakatlarda yashovchi aholining kundalik hayotiga matbuot qanchalik chuqur kirib borganiga guvoh boʻlishgani aniq. Turkiyada, masalan, oddiy supermarketga borgan odam kiraverishda oʻnlab kundalik gazetalar terib qoʻyilgan tokchalarni koʻradi. Yevropa mamlakatlari, Yaponiya, Singapur va Xitoyda gadjetlar, tezkor internet hamma joyda mavjud boʻlsa-da, metro va jamoat transportida yangi gazeta yo kitob oʻqib ketayotgan kishilarni uchratish mumkin. U yerda odamlar gazeta, jurnal va kitobni “eskilik sarqiti” deb hisoblashmaydi, aksincha — ularni afzal bilgan holda toʻgʻri tanlov qilishadi.

Afsuski, biz haqimizda bunday deyish qiyin. Axborotga ehtiyojni qisqa videoroliklar orqali qondirish odatga aylanib qolganini inkor qilib boʻlmaydi. Lekin bunday shakl hamma narsaning oʻrnini bosa oladimi? Menimcha, javob tayin. Qisqa xabar vaqtni tejashi mumkin, biroq har doim ham chuqur, teran maʼlumot bera olmaydi. Tez-tez bir-birini almashtirib turgan xabarlar oqimi sinchiklab oʻqiladigan tahliliy maqola oʻrnini bosmaydi.

Shu asnoda aytish lozimki, davriy matbuot va kitob mutolaasining orasida toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqlik bor. Bu azaldan maʼlum. Davlatimiz yoshlarni kitob bilan doʻstlashishga ragʻbatlantirish masalasiga katta eʼtibor bermoqda. Oʻqishga odatlanish esa faqat badiiy adabiyot sahifalari orqali shakllanmaydi. U har kuni sifatli matnlarga, tahliliy materiallarga, keng fikrlashga undovchi manbaga murojaat qilishdan boshlanadi.

Qorinni toʻydirishga yetgan pul...

Har bir gazeta hozirgina tandirdan uzilgan nondek oʻziga xos “taft”ga, “taʼm”ga ega. Uni hovuri bosilmasdan, issiq holda “isteʼmol qilish” oʻquvchiga huzur bagʻishlaydi. Yaʼni gazetaning ahamiyati undagi materiallarning mazmunan yangiligi, mavzularning oʻz dolzarbligini yoʻqotmagani, fikr va qarashlarning qaynoqligi bilan baholanadi. Shu bois mushtariylar gazetaning har bir sonini nashr etilgan kuniyoq qoʻliga olishni, undagi yangiliklar, maqolalar bilan ohori toʻkilmasdan, eskirmasdan tanishishni xohlaydi.

Biroq afsuski, gazetalar oʻz vaqtida mushtariylarga yetkazib berilmay qoʻydi. Bu ish bilan shugʻullanadigan pochta boʻlimlarining ahvoli tang. Ularda masʼuliyat, javobgarlik ham oʻta susayib ketgan.

Texnika-texnologiya jadal rivojlangan hozirgi zamonda oʻquvchilarga oʻzlari obuna boʻlgan gazetalarni yetkazib berish tizimi izdan chiqqani gʻoyat achinarli. Aslida, bu ishni samarali tashkil etish uchun yurtimizda hamma imkoniyat bor. Axir oziq-ovqat mahsulotlarini mijozlarga yetkazib berish xizmati naqadar rivojlanganiga barchamiz guvoh boʻlib turibmiz. Biror “fast-fud” yoki taom buyurtma qiling, 10 — 15 daqiqada ostonangizga olib kelib berishadi. Demak, gazeta-jurnallarni ham zudlik bilan oʻz oʻquvchilari qoʻliga tutqazish mumkin. Buni jahon tajribasi ham isbotlaydi.

Ammo negadir bu haqda hech kim oʻylab koʻrmayotgandek, nazarimizda. Faqat moddiy manfaat ilinjida, aniqroq aytganda, qorinni toʻygʻazish qaygʻusida yashayotgandekmiz. Qalbni boyitish, didni oʻtkirlashtirish, tafakkurni charxlash quyi darajaga tushib qolgan. Bu esa kelgusida ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

“Oʻtkan kunlar” romanida Yusufbek hoji tilidan “Nega har narsaga yetgan aqling shunga kelganda oqsaydir?” degan iborani qoʻllagan maʼrifatparvar jadid bobomiz Abdulla Qodiriy bizning bugungi ahvolimizni koʻrganida “Qorinni toʻydirishga yetgan puling nega maʼnaviyatingni boyitishga kelganda oqsaydir?” deb yuborardi.

Bugun har tomonlama isteʼdodli yoshlar bilan birga gazeta-jurnallar, kitoblar mutolaasidan mosuvo avlod ham ulgʻaymoqda. Ular internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardan boshqa axboriy vositalarni tanimaydi va tan olmaydi. Taniqli qiziqchilardan biri aytganidek, “hatto pasportini ham oxirigacha oʻqimagan” bu yoshlarda toʻgʻri yozish va oʻqish, imlo, savod masalasi shu qadar xarobki, qoʻliga qalam tutib oʻz ism-sharifini yozdirsangiz, bir nechta xato qiladi.

Bir vaqtlar deyarli har xonadonga matbuot nashrlari bilan birga oʻziga xos maʼnaviy-maʼrifiy ruh ham kirib borgan. Oʻgʻil-qizlar ota-onalarining qoʻlida gazeta-jurnal koʻrib ulgʻaygan. Ularni oʻzlari ham oʻqishga uringan. Jillaqursa, stol ustida turgan gazeta yoki jurnalni bir bor varaqlab koʻrgan. Shu orqali ularda soʻzlarning toʻgʻri yozilishi, mamlakatda kechayotgan voqea-hodisalar haqida tushuncha, koʻnikma hosil boʻlgan. El-yurt taqdiriga daxldorlik bolalikdan shakllangan.

Bugun mana shu fazilatlar yoshlarimiz uchun non va suvdek zarur. Zotan, bugungi axborot asri, raqamli texnologiyalar taraqqiyoti, sunʼiy intellekt davri xavotirlarimiz qanchalik asosli ekanini allaqachon isbotladi.

SI yozadi va tarqatadi. Inson esa kuzatuvchi

Zamonaviy dunyoda global axborot makoni toʻlib-toshgan: har kuni milliardlab kontent birligi yaratiladi. Ularning sezilarli qismi sunʼiy intellekt (SI) tomonidan bajariladi. Soʻnggi yillarda oʻtkazilgan xalqaro tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, tarmoqdagi chiqishlarning katta qismi SI asosida yaratiladi, muhokamada esa botlar faol ishtirok etadi. Tadqiqotchilar allaqachon “oʻlik internet nazariyasi” haqida aytishgan va aytishmoqda, bu degani — raqamli kommunikatsiyaning katta qismi inson ishtirokisiz boʻlib oʻtyapti.

Ayni paytda yaqindagina fantastika boʻlib koʻringan paradoks vaziyat yuzaga kelmoqda: yaʼni sunʼiy intellekt yangiliklar yozadi, algoritmlar uchun tahliliy matnlarni ham tuzadi, ular esa, oʻz navbatida, yangiliklarni sharhlaydi va tarqatadi. Inson-chi? U ana shu mashinalar orasidagi oʻziga xos yozishmalarning kuzatuvchisi boʻlib qolyapti, xolos.

Axborotdan foydalanish tarzi koʻz oʻngimizda shiddat bilan oʻzgarib bormoqda. Tahliliy materiallarga koʻra, bugungi kunda videokontentni koʻrish soni oʻqilgan matnlarning miqdoriga nisbatan bir necha barobar koʻp. Bu holat esa oʻzining aniq-tiniq izini qoldiryapti. Buni oʻz farzandlarimiz va nabiralarimizni kuzatish orqali ham koʻryapmiz.

Taassufki, navqiron avlodning bir kunda yuzlab qisqa videoni “varaqlash”i beiz ketmayapti. Bu gadjetlarga qaramlikni keltirib chiqarayotir. Ularda diqqatni toʻplash qiyinlashib, xotira uzuq-yuluq boʻlib qolmoqda. Va aksincha, hajmi kattaroq matnga oʻrganish esa juda kam uchraydigan holatga aylandi. Tayyor manzara tasavvurni siqib chiqaradi.

Bu satrlar muallifi bir kuni yosh hamkasblar — endi ish boshlagan jurnalistlarga jiddiy kitobning bir necha bobini oʻqish haqida taklif kiritdi. Natija esa kutilgan holatni koʻrsatmadi va oʻylantirib qoʻydi. Koʻpchilik ekspertlar mutolaa oʻrnini vizual kontent egallaydigan zamon keladi, deb bashorat qilgan edi. Mana, endi oʻsha bashorat nafaqat matbuot va butun media-sohaga tegishli katta tashvish boʻldi, balki bu muammo anchagina chuqur ildiz otdi. U butun avlodlarning kognitiv qobiliyatlariga, jamiyat va mamlakatning rivojiga tegishli. Agar kelajakda oʻz fikrlarini yozuvda ifodalay olmaydigan va yozilgan matnni tushuna bilmaydigan odamlar koʻproq boʻlsa bormi? Bunday kelajak hecham quvonchli boʻla olmaydi.

“Qalam bilan bitilganni bolta chopa olmaydi”

Shu oʻrinda aytish kerakki, gap yangi anʼanalarni tan olmaslik haqida borayotgani yoʻq. Biz bugun texnologiyalar zamonida yashayapmiz va mavjud holatga koʻz yumish gʻalati koʻringan boʻlar edi. Ammo oʻzgarishlarni diqqat bilan kuzatish va ularning oqibatini anglash muhim-da. Ayniqsa, his-hayajon sohasida. Koʻpgina raqamli platformalar shunday kontentni ilgari surishadiki, u nisbatan juda tez vaqtda, yaʼni bir-ikki lahzada munosabat bildirishga moʻljallangan, munosabatning oʻzi ham — ajablanish, hayajon, qoʻrquv yo xafalik. Voqeani buzib koʻrsatish, feyk (uydirma) xabarlar, emotsional kuchaytirish — bularning barchasi auditoriyaning qabul qilishiga taʼsir koʻrsatadi.

Bunday sharoitda anʼanaviy bosma nashrlar tomonidan asrlar osha shakllantirilgan xususiyatlargina muhim qadriyat boʻla oladi. Ayni vaqtda shunday axborot “zaharlanishi” yuzaga keldiki, dalillarni sinchiklab tanlash va saralay olish juda zarur boʻlmoqda. “Qalam bilan bitilganni bolta chopa olmaydi”, degan ibora koʻpgina gazeta tahririyatlari uchun kasbiy qoidaga aylanib qolgan. U faqat shior emas. Gazetalar oʻquvchining qiziqishlari haqida qaygʻuradi, maqolaning ular ongiga qanday taʼsir qilishi boʻyicha tahlil ham oʻtkazadi.

Koʻpincha shunday savollarga duch kelamiz: bugungi kunda, tezkorlik eng asosiy mezonga aylangan bir davrda gazetalar tahririyati nima uchun haliyam oʻsha bir necha bosqichli matn oʻqish tizimini saqlab turishibdi? Nega har bitta maqola musahhih va muharrirlar orqali oʻtadi, baʼzan hatto qayta ishlash uchun muallifga qaytariladi? Bu savollarning javobi oson: oʻzini hurmat qiluvchi gazetalar uchun har bitta kichik xato — favqulodda hodisa. Matbuot sohasining asosiy majburiyati ham shunda. Muharrir va muxbirlar orasida kasbga sadoqat katta rol oʻynaydi, desak, xato boʻlmaydi. Kasbiy talab va koʻnikmaga binoan, xodimlar avvalgiday grammatik meʼyorlarga rioya etish, til boyligini qadrlash, har bitta iborani aniq va oʻz oʻrnida ishlatish haqida qaygʻuradi. Negaki, savodli yozilgan matnni oʻqiydigan kishi oʻzi ham toʻgʻri yozish va aniqroq fikrlashga oʻrganadi.

Kadrlarni tayyorlash ham alohida mavzu. Gazetalar tahririyatlari haliyam media sohasi xodimlari uchun yuqori kasbiy mahorat maktabi boʻlib kelmoqda. Tahririyatda yosh jurnalistlar masʼuliyat maktabini oʻtaydi. Ular manbalar bilan ishlash, dalillarni tekshirish va tasdiqlash, tilni hurmat qilish kabi koʻnikmalarga ega boʻladi. Bugun onlayn-nashrlarda, televideniyeda, matbuot xizmatlarida muvaffaqiyat bilan ishlayotgan xodimlarning koʻpchiligi, avvalo, viloyat va respublika bosma nashrlarida mehnat qilib, tajriba toʻplagan.

Yana, gazeta tahririyatlarining vakillari jurnalistika sohasidagi oliy taʼlim muassasalarida dars beradi. Bunda talabalarga kasbning asosiy qoidalari oʻrgatiladi, sifat tamoyillari shakllantiriladi. Format oʻzgarishi mumkin, ammo asosiy tamoyillar oʻrnida qoladi.

Jamiyatning urib turgan yuragi

Oʻzbek jurnalistikasi haqida soʻz ketar ekan, gazeta tahririyatining kuchli maktabini saqlab qolish — strategik masala ekani oydek ravshan.

Shunday sharoitda gazetalar zamonaviy anʼanalardan ham chetda emas. Ular ham raqamli platformalarni faol ravishda egallamoqda, saytlarini rivojlantirmoqda, multimedia mahsulotlarini yaratmoqda. Onlayn-OAVning bir daqiqalik tezkorligi ortidan quvmagan holda, matbuot voqea-hodisalarning mohiyatini ochib berish, dalillarni har tomonlama tahlil etish va mutaxassislar yordamida sharhlashga harakat qilmoqda.

Gazetadagi chiqishlar orasida fuqarolarning murojaatlari boʻyicha tayyorlangan maqolalar ham anchagina. Odamlar gazeta tahririyatlariga xat yoʻllashadi, oʻz muammolari bilan boʻlishib, koʻmak soʻrashadi. Sahifalarda ijtimoiy-maishiy mavzudagi, islohotlar sharoitida kelib chiqayotgan qiyinchiliklar haqidagi materiallar sezilarli joy egallaydi. Bu esa — jamiyatning urib turgan yuragi. Shu yurak urishini his qilib turish matbuotning kundalik vazifasi hisoblanadi.

Shunday sharoitda bosma nashrlarga nisbatan: “Ular endi eskirdi, dolzarbligini yoʻqotdi, raqamli platformalarga yutqazdi” kabi istehzolar uchrab qolyapti. Bunday fikrdagi insonlar bir jihatni hisobga olishmayaptiki, gazetaning vazifasi faqat voqea-hodisalar haqidagi axborotni yetkazishdan iborat emas. Matbuot — masʼuliyat makoni, til va tafakkur maktabi boʻlib qolaveradi. Gazetalarda eʼlon qilingan yangiliklar, sharh va tahlillar, umuman, zamon ruhi mazkur davr arxivida saqlanib qoladi, bir necha oʻn yilliklardan keyin ham barcha undan foydalana oladi.

Ayni paytda mamlakatimiz kelajak sari dadil intilayotganda, islohotlar anglash va izohlashni talab etayotganda, jamiyat esa muloqotni kutayotganda, bosma OAVning roli yana ham dolzarb boʻlib bormoqda. Gazetalarning aytadigan soʻzi, tahlil qiladigan mavzulari, bahs-munozara uchun sabablari bor, munozarani esa bamaylixotir, aniq dalillarga tayangan holda olib borish uchun imkoniyatlari ham yetarli.

Muntazam izlanishlar mahsuli oʻlaroq gazetalar ham takomillashmoqda. Ularning dizayni oʻzgarmoqda. Formatlar yangilanyapti, ekspertlar doirasi kengaytirilib, yosh mualliflar jalb qilinyapti. Matbuot davr ruhiga, mushtariylarning yangi talablariga moslashishga tayyor.

Tan olish lozimki, yangi davrda mediabozorning rivoji har doim ham teng sharoitlarda boʻlmayapti. Matbuotning bozor mexanizmlariga oʻtishi zarurligi haqidagi muloqotlarda baʼzi savollar juda kam holatlarda koʻtarilmoqda. U ham boʻlsa, nashrni tarqatish infratuzilmasi qanchalik mukammal? Mamlakat boʻyicha gazeta sotish kioskalari yetarlimi? Yetkazib berish xizmati qanchalik samarali ishlayapti? Qogʻoz narxi va bosmaxona xizmatlari raqobatbardoshmi? Mana shu savollarga javob topmay turib, matbuot sohasida format va barqarorlik boʻyicha toʻlaqonli raqobat haqida gapirish qiyin.

Qator mamlakatlarda davlat bosma nashrlarning ahamiyatini anglagan holda, ularni madaniy siyosat elementi sifatida qoʻllab-quvvatlaydi. Bunday koʻmak nashrlarni subsidiyalash va ularni tarqatish dasturlarini roʻyobga chiqarish, gazetxonlik boʻyicha barqaror odatni shakllantirish uchun imtiyozli va bepul obuna tashkil etish koʻrinishida boʻladi. Bunday tashabbuslar millatning intellektual salohiyatiga investitsiya sifatida qaraladi.

Bosma axborotning ovozi hech qayerga yoʻqolmagan. Balki qandaydir daqiqada atrofidagi baland shovqin tufayli yaxshi eshitilmayotgandir. Lekin aslida, uning kuchi ham shunda. Baland ovozdagi xabarlar, tugamaydigan yangiliklar tasmasi davrida gazeta yangi voqelik boʻyicha bir toʻxtamga keluvchi muloqotlar uchun maydon boʻlib xizmat qilmoqda. Shunday voqelikki — unda zamonaviylik va anʼanalar bir-biriga qarama-qarshi emas, aksincha, bir-birini toʻldiradi. Raqamli oqim puxta oʻylangan bosma matn bilan hamroh kabi birga yuradi. Bu yoʻlda davlat, jamiyat va barcha turdagi ommaviy axborot vositalarining manfaatlari umumiy — Vatan ravnaqi, taraqqiyoti.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер