Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi. Uning taraqqiyotiga oʻz hissamizni qoʻshish — asosiy maqsad

16:40 05 Oktyabr 2020 Siyosat
10314 0

Xalqimiz hamisha ustozlarni eʼzozlab, ularning hurmat-izzatini joyiga qoʻyib kelgan. “Ustoz ota kabi ulugʻ” degan hikmatli naql ham bejiz aytilmagan. Zero, butun borligʻini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan oʻqituvchi va murabbiylar mehnati, jasorati har qanday yuksak baholarga munosibdir.

Shu bois keyingi toʻrt yilda taʼlim-tarbiya sohasidagi islohotlar davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yoʻnalishi darajasiga koʻtarildi. Taʼlim tizimini isloh etish jarayonida oʻqituvchi kasbi nufuzini oshirish, jamiyatdagi maqomini koʻtarishga alohida eʼtibor qaratildi.

Bugun ham shu azaliy silsilaning uzviy davomi sifatida xalqimiz oʻzining ustozlarga cheksiz hurmat-ehtiromi ifodasi sifatida 1-oktyabr sanasini Oʻqituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlamoqda. Bu yilgi bayram tadbirini ilk bor Prezidentimiz ishtirokida oʻtgani taʼlim va tarbiya masalasi mamlakat siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanini amalda isbotladi.

Davlatimiz rahbarining ustozlarga odatiy tabrik emas, balki murojaat bilan chiqib, ularning mehnatiga ulkan baho bergani shubhasiz, yurt kelajagiga boʻlgan eʼtiborning yuksak namunasidir. Negaki, millionlab farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalayotgan zahmatkash va olijanob ustozlarimizga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi.

Prezidentimizning mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotini oʻylab, oʻqituvchi va muallimlarning hayotimizdagi nufuzi va mavqeini oshirish maqsadida ularning maqomini qonun darajasida belgilash boʻyicha ilgari surgan taklifini oqilona siyosat deb bilaman. Inchunun, yurtboshimizning “Oʻqituvchilarning huquqlari davlat himoyasida boʻlishini, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuv, boshqa ishlarga jalb qilish javobgarlikka sabab boʻlishini qatʼiy belgilash lozim”, degan chuqur maʼnoli fikrlari barcha yurtdoshlarimizda katta qiziqish uygʻotdi.

Davlatimiz rahbari oʻz murojaatida parlament aʼzolaridan maktablar bilan ishlash tizimini alohida nazoratga olib, ushbu jarayonlarga yaqindan koʻmak berishlarini soʻradi va Oliy Majlis palatalariga ikki oy muddatda umumtaʼlim maktablari bilan ishlashni yana-da kuchaytirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha zarur vazifalarni belgilab berdi. Bu esa parlament quyi palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Zotan, bugun shiddat bilan rivojlanayotgan zamon har birimizdan bu masalaga alohida tashabbus koʻrsatishni talab etmoqda.

Shundan kelib chiqib, har bir deputat maktab muammosiga birinchi darajali masala deb qarashi, yoshlar bilan doimiy ravishda muloqot qilishi, ularning muammo va takliflari bilan qiziqishi, umuman, Yangi Oʻzbekistonning maktab ostonasidan boshlanishiga oʻz hissasini qoʻshishi lozim. Chunki, kelajagimiz vorislariga berilayotgan taʼlim-tarbiya yurt taqdirini belgilab beradi.

Yana bir muhim jihat, bayram tadbirida bugun har bir oʻqituvchi va tarbiyachi, oliygoh domlasi taʼlim va ilm-fan sohasidagi eng soʻnggi ijobiy yangiliklarni oʻquv jarayonlariga tatbiq eta oladigan, chuqur bilim va dunyoqarash egasi, zamonamiz va jamiyatimizning eng ilgʻor vakillari boʻlishi kerakligi aytib oʻtildi. Sababi bunday ustozlar qoʻlida taʼlim olgan oʻquvchilar Oʻzbekistonning yorugʻ kelajagini bunyod etishga qodir avlod boʻlib kamol topadi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir”, deya taʼkidlagani yodimizda. Murojaatda bu soʻzlarning yana takroran yangrashi bejiz emas. Haqiqatdan ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch bu – ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir.

Nutqda dunyo miqyosidagi keskin raqobatga bardosh bera oladigan milliy taʼlim tizimini yaratish, taʼlim maskanlarining moddiy-texnik bazasini, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, soha xodimlarining ish haqini bosqichma-bosqich oshirib borishga alohida eʼtibor qaratilishi taʼkidlandiki, bu bundan keyin ham ularning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash doimiy eʼtibor markazida boʻlishidan dalolat beradi.

Murojaatda maktablarda informatika, kimyo, xorijiy tillar kabi fanlar boʻyicha oʻqituvchilar yetishmovchiligini bartaraf etish maqsadida pedagogik boʻlmagan yoʻnalishlar boʻyicha oliy taʼlim olayotgan yoshlar uchun qisqa muddatli pedagogik kurslar tashkil qilinishi ham aytib oʻtildiki, bular partiya saylovoldi dasturida ilgari surilgan vazifalarga toʻliq hamohangdir.

OʻzLiDeP saylovoldi dasturida taʼlim-tarbiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, Taʼlim toʻgʻrisidagi kodeksni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, mamlakatimiz xalq taʼlimi tizimiga rivojlangan davlatlar tajribalarini keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilgan. Bizning asosiy maqsadimiz – maktab, oʻrta maxsus va oliy taʼlim tizimida raqobat muhitini shakllantirish, davlat-xususiy sherikchilik va xususiy sektor resurslaridan keng foydalanish, “fuqarolarni butun umri davomida oʻqitish” modelini hayotga tatbiq etish, aholining oliy taʼlim bilan qamrab olinishini rivojlangan davlatlar darajasiga yetkazishdir.

Xulosa shuki, butun borligʻini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan oʻqituvchi va murabbiylar mehnati har qanday yuksak baholarga munosibdir. Zotan, insonni inson qilib kamol toptirishda, unga ezgu orzu-niyatlar bilan yashash tuygʻularini singdirishda taʼlim sohasi barcha fidoyilarining hissasi beqiyosdir.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?