Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi

10:08 26 Sentyabr 2025 Siyosat
157 0

Bu tarixiy gʻoya BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surildi

Markaziy Osiyo xalqlari qadim-qadimdan bir tan-u bir jon boʻlgan. Bu bir butunlikni dastlab mustabid tuzum parchalab tashladi. Mazkur boʻlinishlar zamirida oʻzaro nizolar keltirib chiqarish maqsadi yotardi. Ming afsuski, mintaqa respublikalari mustaqil mamlakat maqomiga ega boʻlganidan keyin ham mavjud ahvol yaxshi tomonga oʻzgarmadi, aksincha — yomonlashdi.

Vaziyat shu darajaga borib yetgandiki, xalqaro kuzatuvchilar tez orada Markaziy Osiyoda yuz beradigan qonli nizolar haqida gapira boshlashgandi. Baʼzilari Markaziy Osiyoni porox toʻldirilgan bochkaga oʻxshatishardi va albatta, qachondir portlashini zoʻr berib bashorat qilishardi.

Markaziy Osiyo yer, suv, chegara, temir yoʻl, avtomobil yoʻllari, elektr energiyasi taqsimoti borasida boshi berk koʻchaga kirib qolgan edi. Chegaralar yopilgan, hatto chegara postlariga olib boradigan yoʻllar ham buzib tashlangan, togʻ-toshlar minalashtirilgandi.

Chorak asr davomida oddiy xalqning koʻz yoshlari daryo boʻldi. Ota-bola, aka-uka, opa-singil, ona-bolalar bir-biri bilan uchrasha olmadi. Mana shu alam va iztiroblar ichida armon bilan oʻtib ketganlar qancha.

Biroq 2016-yil Markaziy Osiyoda tub burilishlarning boshlanishi sifatida tarix sahifalariga muhrlandi. Oʻzbekiston boshqaruviga

kelgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning mintaqa kelajagi borasida oʻz maqsadlari, gʻoyalari bor edi. Mening nazarimda, Shavkat Mirziyoyev siyosiy faoliyatining eng yuqori nuqtasi — bir butun Markaziy Osiyo.

Shavkat Mirziyoyev, eng avvalo, Markaziy Osiyoga siyosiy ishonchni qaytardi. Aslida bu oson emasdi. 25-yil davomida yoʻqotilgan ishonchning yana paydo boʻlishini koʻpchilik tasavvur qilolmasdi. Yolgʻon targʻibot, dushman izlash vasvasasi butun boshli xalqlarning ongini zaharlagandi. Ammo Prezident Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy pozitsiyasi Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida butunlay yangi munosabatlar davrini boshlab berdi.

Davlatimiz rahbarining mustahkam siyosiy irodasi tufayli Markaziy Osiyoda manfaatlar muvozanatiga erishildi. Oʻzbekiston tomoni tashabbusni oʻz qoʻliga oldi. “Oʻzgalar manfaatini oʻz manfaatidan ustun qoʻyish” eng asosiy tamoyil sifatida belgilandi. Bu esa nafaqat berkitilgan eshiklarning, balki yopiq qalblarning ham ochilishiga olib keldi.

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik, barqarorlik, oʻzaro hamkorlik va rivojlanish yoʻlidan aslo orqaga qaytmasligini amalda namoyon etdi.

Markaziy Osiyo mintaqasi erkin nafas ola boshladi. Oʻz navbatida, “bashoratchilar” ham tinch turmadi. Ular bu vaqtinchalik ekani, mazkur mintaqada hech qachon tinchlik va hamjihatlik boʻlmasligini zoʻr berib targʻib etishardi. Nega?

Chunki Shavkat Mirziyoyevga mustaqillikning dastlabki 25-yilidan juda ogʻir muammolar meros boʻlib qolgandi. Oʻzbekiston — Tojikiston, Oʻzbekiston — Qirgʻiziston chegaralari toʻliq belgilanmagan, kelishuvga erishilmagan, hukumat komissiyalarining faoliyatida hech qanday siljish yoʻq edi.

Shunday bir vaziyatda Oʻzbekiston rahbarining uzoqni oʻylab olib borayotgan oqilona siyosati Markaziy Osiyo butunligi va barqarorligiga yoʻnaltirildi. Prezidentimizning qoʻshni mamlakatlarga nisbatan samimiy munosabatining tarixi, qadim ildizlari bor, albatta. Oʻzbekiston tomoni barcha adovatlarni unutib, yaqin tarixga emas, qadim — haqiqiy tarixga suyanishga chaqirdi.

Oʻzbek xalqining “Uzoqdagi bugʻdoydan yaqindagi somon yaxshi”, “Yon qoʻshning — jon qoʻshning”, “Qoʻshning tinch — sen tinch” kabi purmaʼno maqollariga tayangan Prezidentimiz avval uzoqdagilarni emas, yaqin qoʻshnilarning eshigini ochdi. Va bugun Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Bir butun Markaziy Osiyo” Qoyasi gʻalaba qildi deyishga bizning toʻla asoslarimiz bor.

2017-yil 20-sentyabr.

BMT qarorgohi...

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq soʻzlagan Shavkat Mirziyoyev “Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo — biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir. Oʻzbekiston oʻzaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlashning qatʼiy tarafdoridir. Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech istisnosiz barcha masalalar boʻyicha oqilona murosa asosida hamkorlik qilishga tayyormiz”, degan edi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining nufuzli minbaridan dunyo hamjamiyatiga qarata aytilgan bu fikrlar bugun hayotda oʻz ifodasini topganini koʻrib turibmiz.

2017-yil noyabr oyida Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro anjumanda mintaqadagi fundamental muammolar muhokama qilingani ham fikrimiz dalilidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo xavfsizligining garovi sifatida oʻzaro hamkorlik va hamjihatlik muhimligini oldindan koʻra olgan edi. Chunki Markaziy Osiyo davlatlaridan birortasida tinchlik boʻlmasa, bu butun mintaqadagi tinchlikka xavf soladi. Taraqqiyot esa, avvalo, tinchlikka bogʻliq. Markaziy Osiyoda 25-yil davomida anglab yetilmagan haqiqat mana shu taqlid yuzaga chiqdi.

2023-yil 20-sentyabr.

BMT qarorgohi...

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq soʻzlagan Shavkat Mirziyoyev “Ishonch bilan aytish mumkinki, bizning xalqlarimizni mintaqaviy oʻziga xoslikni anglash tuygʻusi birlashtirmoqda va bu tuygʻu tobora kuchayib bormoqda. Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yoʻlimiz yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas!” dedi.

Markaziy Osiyoning bir butunligidan mintaqadagi davlatlarning barchasi manfaatdor. Bugun nafaqat BMT, balki Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tuzilmalar ham Markaziy Osiyo va uning istiqboliga ishonch bilan qaratayotganligi barchamizga faxr-iftixor bagʻishlaydi.

Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani tobora chuqurlashtirish yoʻlida samarali mexanizmga aylanayotgani ham bor gap, albatta.

2025-yil 24-sentyabr.

BMT qarorgohi...

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida nutq soʻzlagan Shavkat Mirziyoyev “Bundan 8 yil muqaddam biz ushbu yuksak minbardan turib Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qatʼiy qaror qilganimizni eʼlon qilgan edik. Bugun chuqur mamnuniyat bilan taʼkidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi”, deya alohida taʼkidladi.

Shavkat Mirziyoyevning Bir butun Markaziy Osiyo Qoyasiga, kashfiyotiga tarix oʻz bahosini berishiga ishonaman. Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari Markaziy Osiyo Ittifoqiga asos boʻlishiga, tamal toshi qoʻyishiga imonim komil.

BMT Bosh Assambleyasining yubiley anjumani — 80-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev jahon diplomatiyasida yangilik boʻlgan yana bir Qoyani ilgari surdi — Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish. Ha, biz shu kunlarga yetib keldik. Endi oldingidek yashab boʻlmaydi. Bir-birimizsiz na tinch yashaymiz, na rivojlanamiz, na taraqqiy etamiz.

Unutmasligimiz kerak — tariximiz ham bir, taqdirimiz ham bir. Bugun yangidan shakllanayotgan Markaziy Osiyoga ehtiyojimiz har qachongidan ham yuqori.

Rustam XOLMURODOV,

Samarqand davlat universiteti rektori,

Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi,

Oliy Majlis Senati aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер