Yangi kutubxonaning ochilish marosimi

12:51 27 Oktyabr 2025 Jamiyat
162 0

Urgut tumanidagi Dehqonobod mahallasida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, taniqli adib va jurnalist, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, Oliy Majlis Senati aʼzosi Abdusaid Koʻchimov kutubxonasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari, poytaxtdan tashrif buyurgan yozuvchi, shoir va jurnalistlar, Samarqand viloyati va Urgut tumani hokimliklari masʼullari, tumandagi umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari, oʻquvchilar va Dehqonobod mahallasi faollari ishtirok etdi.

Yangi ziyo maskanining ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar qayd etganidek, yurtimizda soʻnggi yillarda xalqimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish, kitob mutolaasiga qiziqishini kuchaytirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz “Kerak boʻlsa, mashina berib boʻlsa ham xalqimizni kitob oʻqishga oʻrgatamiz”, degan gaplari bugun hayotda oʻz ifodasini topib, kitobxonlik boʻyicha “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila”, “Kitobxon mahalla” singari ommaviy tanlovlar oʻtkazilmoqda va bu tanlovlar gʻoliblariga Prezident sovgʻasi sifatida avtomashina berilayotganiga barchamiz guvohmiz.

Dehqonobod mahallasida Abdusaid Koʻchimov tashabbusi bilan Urgut tumani hokimligi koʻmagida mazkur kutubxonaning tashkil etilishi ham Prezidentimizning kitobxonlikka eʼtibori samarasi boʻldi, desak, xato qilmagan boʻlamiz.

Shu oʻrinda aytish kerakki, Abdusaid Koʻchimov kutubxonasi bejiz Dehqonobod mahallasida tashkil etilgani yoʻq. Chunki, adib aynan Urgut tumanidagi ushbu mahallada tugʻilgan. Bolalik va yoshlik chogʻlarining unutilmas onlari, begʻubor xotiralari shu mahalla bilan bogʻliq.

— Abdusaid Koʻchimov nafaqat qalami oʻtkir jurnalist va adib, balki qalbida yurti, xalqi, ayniqsa, yoshlar taqdiri uchun qaygʻuradigan chin maʼnaviyat fidoyisi, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Hojimatov. — Mana, bugun ijodkorning oʻzi tugʻilib oʻsgan qishlogʻida uning tashabbusi bilan tashkil etilgan kutubxona fikrimizning tasdigʻidir. Bu maskanda maʼrifatning ruhi, ustoz soʻzining nafasi va ibrati bor. Yoshlar bu yerga faqat kitob oʻqish uchun emas, balki oʻz ustida ishlash, hayotda toʻgʻri yoʻl topish uchun ham keladi. Ishonamanki, bu kutubxona Dehqonobod mahallasida yangi maʼnaviy muhit, yangi ilhom va yangicha fikrlashni shakllantiradi.

Tadbirda taniqli yozuvchi va shoirlar soʻzga chiqib, adib hayoti va ijodi, oʻzi tugʻilib oʻsgan mahallada tashkil etgan kutubxona haqida iliq fikrlarini bildirdi.

— Mamlakatimizda “Maktabimga kitob sovgʻa qilaman” singari aksiyalar doirasida maktab kutubxonalari fondi minglab badiiy adabiyotlar bilan boyib bormoqda. Bu albatta kattayu kichik barchaning kitobga boʻlgan mehrini oshirib, ularning badiiy adabiyotlarga boʻlgan ehtiyojini qondirishiga xizmat qilyapti, — deydi pedagogika fanlari doktori, professor, adabiyotshunos olim Qozoqboy Yoʻldoshev. — Taniqli adibimiz Abdusaid Koʻchimov oʻz kutubxonasini tashkil etish orqali bu yoʻnalishda yangi anʼanani boshlab berdi, desak, mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Aminmanki, mazkur kutubxona hududda yoshlar va aholi oʻrtasida kitobxonlikni targʻib etishga va bu yerdan koʻplab ziyolilarning yetishib chiqishiga xizmat qiladi.

Adibning kutubxonasida 10 mingdan ortiq turli janrdagi kitoblar mavjud. Bundan tashqari, ikkita xonada 20 dan ziyod kompyuterlarni jamlagan elektron kutubxona ham tashkil etilgan boʻlib, u toʻgʻridan-toʻgʻri Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasiga ulangan. Ushbu zamonaviy axborot texnologiyalari orqali kitobxonlar oʻzi xohlagan barcha adabiyotlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishadi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?