Yangi ish boshlagan tadbirkorlar birinchi xato uchun “javobgarlikdan sugʻurtalangan” boʻladi — Shavkat Mirziyoyev

Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyevning kichik va oʻrta biznes vakillari bilan uchrashuvida yangi tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” uchun, ayniqsa, ular faoliyat boshlagan birinchi yilda qoʻllab-quvvatlash juda muhimligi taʼkidlandi.
Masalan, oxirgi uch yilda 17,5 ming korxona tashkil etilganiga bir yil toʻlmasdan tugatilgan. Ayniqsa, Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Jizzax viloyatlari masʼullari yangi korxonalar bilan ishlashda eng orqada ekani koʻrsatib oʻtildi.
“Bundan buyon, tadbirkorlikka endi qadam qoʻyganlar uchun «birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etiladi. Yaʼni, ilk bor maʼmuriy huquqbuzarlik qilgan tadbirkor javobgarlikdan ozod qilinib, kamchilikni bartaraf etish uchun imkoniyat beriladi.
Bir soʻz bilan aytganda, yangi ish boshlagan tadbirkorlar birinchi xato uchun “javobgarlikdan sugʻurtalangan” boʻladi”, dedi Prezident.
Hozirda barcha toifadagi tadbirkorlarga faoliyatini tugatish uchun bir xil talab belgilangan. Yaʼni, kattami-kichikmi, barchasi moliyaviy auditdan oʻtishga majbur. Oqibatda, ixtiyoriy tugatishga ariza bergan minglab kichik korxonalar qachon tekshiruvchi kelib, auditdan oʻtkazishini kutib turibdi.
Shu bois bu jarayon ham soddalashishi eʼlon qilindi. Oxirgi uch yillik aylanmasi 10 milliard soʻmdan oshmagan, soliqdan qarzi boʻlmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv oʻtkazilmaydi.
2028-yil 1-yanvarga qadar QQS va foyda soligʻi stavkasi oshirilmasligi belgilab qoʻyilgan.
“Endilikda kichik va oʻrta biznesga qoʻshimcha talab va majburiyat yuklaydigan normativ hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy eʼlon qilinadi.
Fermerlar uchun ham muhim yangilik – soliqdan qarzini vaqtida toʻlay olmagani uchun shu paytgacha yigʻilib qolgan 1 trillion soʻmlik penyani undirishdan voz kechiladi.
“Dunyoda sunʼiy intellekt, innovatsiya, raqamli va yashil texnologiyalar, kreativ xizmatlar orqali “katta sakrash” boʻlayapti.
Yurtimizning betakror tabiati, togʻ va yaylovlari, tarixiy obidalari – kino industriyasi, konsert-tomosha faoliyati va turizmda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun katta imkoniyat”, dedi davlatimiz rahbari.
Masalan, “Ichan qalʼa” tarixiy kino va serial olish uchun tayyor sahna. Koʻp davlatlar bunday sahna pavilyoni qurishga millionlab dollar sarflayapti.
Yoki, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Qoʻqon, Namangan kabi yirik shaharlarimizda xalqaro koʻrgazma, forum va konsertlar oʻtkazish uchun barcha imkoniyatlar bor.
“Men ham mana shunday sohalarda loyiha qilaman, degan intiluvchan tadbirkorlarga eng qulay sharoitlar yaratib berishga tayyorman”, dedi davlatimiz rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring