AQSH Venesuela kartelini terrorchi sifatida eʼlon qilmoqchi

16:15 17 Noyabr 2025 Dunyo
238 0

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio yakshanba kuni maʼlum qilishicha, AQSH Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va yana bir qator yuqori lavozimli amaldorlar boshchiligidagi “Kartel de los Soles”ni shu oyda xorijiy terrorchilik tashkiloti sifatida eʼlon qiladi.

“Maduro ham, uning atrofidagilar ham Venesuelaning qonuniy hukumatini ifodalamaydi”, — deyiladi AQSH Davlat departamentining matbuot bayonotida. Hujjatda qayd etilishicha, “Kartel de los Soles” va boshqa xalqaro jinoiy guruhlar AQSH hamda Yevropaga giyohvand moddalar yetkazib berishda ishtirok etmoqda.

24-noyabrdan kuchga kirishi kutilgan ayblov Qoʻshma Shtatlarning Karib dengizidagi harbiy faoliyati oshgan bir paytga toʻgʻri kelmoqda. Yaqinda AQSH dunyodagi eng yirik aviatashuvchidan birini Venesuela qirgʻoqlari yaqiniga joylashtirgani ham shunga misol.

Prezident Donald Tramp va Nikolas Maduro oʻrtasidagi keskinlik oxirgi haftalarda yanada kuchaydi. AQSH qoʻshinlari giyohvand moddalar savdosi bilan bogʻliq deb hisoblangan bir qator operatsiyalarni nishonga olgan. AQSH kuchlari dam olish kunlari giyohvand moddalar tashishda gumon qilingan kemaga 21-marta zarba bergani qayd etilgan.

Tramp yakshanba kuni “Kartel de los Soles”ni terrorchi tashkilot sifatida belgilash AQSH armiyasiga Maduroning mamlakat ichidagi ayrim aktivlarini va infratuzilmasini nishonga olish imkoniyatini berishi mumkinligini aytdi.

Shu bilan birga, u Maduro maʼmuriyati bilan ayrim muloqotlar ham olib borilayotganini tasdiqladi. Prezident oʻtgan juma kuni Venesuelaga oid harbiy choralar haqida qaror qabul qilinganiga ishora qilgan boʻlsa-da, hozircha keskin harakatlar kuzatilmayapti.

Trampning taʼkidlashicha, Venesueladagi ehtimoliy harbiy harakatlar uchun maʼmuriyat Kongress ruxsatiga muhtoj emas:

“Biz Kongressning ishtirokini qoʻllab-quvvatlaymiz. Biz mamlakatga giyohvand moddalar kirib kelishini toʻxtatish uchun harakat qilmoqdamiz… Bu borada ularning roziligi shart emas. Lekin ularga bildirib qoʻygan ham maʼqul”, — dedi u.

CNN tahlilchilariga koʻra, AQSHning kartellarni “terrorchi tashkilot” sifatida atashi sanksiyalar qoʻllash imkonini beradi, ammo bevosita harbiy hujum uyushtirish huquqini taqdim etmaydi.

Davlat departamenti maʼlumotiga koʻra, Kongressda xorijiy terrorchilik tashkiloti maqomini koʻrib chiqish uchun yetti kun bor. Agar ushbu muddat ichida Kongress tomonidan qarshilik bildirilmasa, qaror kuchga kiradi.

Shu yil boshida Marko Rubio xorijiy terrorchilik tashkiloti maqomi AQSHga bu guruhlarni nishonga olish imkoniyatini berganini eslatib, shunday degan edi:

“Biz ularga shunchaki giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullanuvchi tuzilmalar emas, balki qurolli terrorchi tashkilotlar sifatida qarashni boshlashimiz kerak”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?