Yangi imkoniyatlar va chaqiriqlar

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Navoiy viloyatida “Sunʼiy intellekt axborot xavfsizligiga qanday taʼsir oʻtkazadi? Yangi imkoniyatlar va chaqiriqlar” mavzusida mintaqaviy seminar tashkil etildi. Seminar Navoiy viloyati hokimligi hamda Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamkorligida uyushtirilib, unda mezbon hamda Buxoro va Samarqand viloyatlarida matbuot, televideniye, radio va internet jurnalistikasi yoʻnalishlari boʻyicha faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etishdi.
— Mamlakatimiz Prezidentining 2024-yil 14-oktyabrdagi “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorida media sohasida sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish istiqbollari, sunʼiy intellektning axborot xavfsizligiga taʼsiri va ayni kunda bu borada soha vakillari oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab berilgan, — deydi Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov. — Har qanday texnik va texnologik yangiliklar qatori sunʼiy intellekt ham qulayliklar bilan birga oʻz kamchiliklariga ega. Tabiiyki, uning tarafdorlari va yoqtirmayotganlari ham bor. Biroq asrimiz axborot asri ekan, sunʼiy intellekt imkoniyatlari mamlakatimizda ham keng qoʻllanib, takomillashib boraveradi. Ushbu seminarda sunʼiy intellektdan foydalanishning xavfsizligini taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratiladi.
Seminar avvalida uning ishtirokchilari uchun Navoiy shahrining Mahmud Torobiy koʻchasida qad rostlayotgan yangi, kreativ dizayn va kitobsevarlar uchun qulay shart-sharoitlarga ega 3 qavatli kutubxonaga press-tur uyushtirildi. Ziyo maskani bir vaqtning oʻzida 230 nafar kitobxonni qabul qilishga moʻljallangan. Zamonaviy tipda qurilayotgan ushbu kutubxonaning eʼtirofli jihatlaridan yana biri shundaki, imkoniyati cheklangan kitobsevar fuqarolar uchun ham barcha imkoniyat, qulayliklar yaratilmoqda. Maskan umumiy hisobda 171 000 ta turli nomdagi ilmiy, badiiy, tarixiy adabiyotlarni oʻz fondiga joylashtirish imkoniga ega.
Jurnalistlar “BIOTECH RESEACH and INNOVATION” xorijiy korxonasi tomonidan asos solingan ilon va chayonlar pitomnigida ham boʻldi. Xorij investitsiyalari asosida barpo etilgan, umumiy qiymati 20 million AQSH dollari boʻlgan ushbu loyiha 2024-yilda Navbahor tumanida ishga tushirilgan. 10 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada 30 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Pitomnik tufayli Navbahor tumanida ilk bor 10 mingdan ortiq ilon, 3 mingta sudralib yuruvchilar hamda 20 mingdan ortiq oʻrgimchaklarni yetishtirish boʻyicha serpantariy va terrarium tashkil etildi.
Mazkur ilmiy-ishlab chiqarish kompleksi naslni tiklash uchun reabilitatsiya markazi, vivarium, tadqiqot va ozuqa bazasi, qon zardobini ishlab chiqarish uchun xomashyo bazasi, yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan sudralib yuruvchi jonzotlar turlari va ularning hayotiy faoliyati, mahsulotlarini oʻrganish, zaharli moddalarga asoslangan bioaktiv qoʻshilmalar, zardob va kosmetika dorilarini ishlab chiqarish faoliyatini oʻz ichiga oladi.
Kunning ikkinchi yarmida OAV vakillari asosiy mavzu “Sunʼiy intellekt axborot xavfsizligiga qanday taʼsir oʻtkazadi? Yangi imkoniyatlar va chaqiriqlar” seminariga toʻplanishdi. Unda “Yangi media taʼlim markazi” direktori, filologiya fanlari doktori Beruniy Alimov mavzu boʻyicha maʼruza qildi. Tajribali jurnalist sunʼiy intellekt axborot xavfsizligiga qanday taʼsir oʻtkazishini zamonaviy koʻrgazmali vositalar orqali tushuntirib berdi.
Seminar yakunida jurnalistlar soha doirasida oʻzaro tajriba almashib, sunʼiy intellekt axborot xavfsizligini mustahkamlashga katta hissa qoʻshishi mumkinligi, lekin uni notoʻgʻri qoʻllash yangi xavf-xatarlarni ham keltirib chiqarishi ehtimoli mavjudligi, bu tizim asosida ishlaydigan axborot tizimlarini doimiy ravishda rivojlantirish bilan birga, yuzaga keladigan xavflarga qarshi kurashish boʻyicha himoya tizimlarini ham kuchaytirish borasida taklif va tavsiyalar berildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring