Yangi gidroenergetik quvvat ishga tushirildi

23:51 30 Yanvar 2025 Iqtisodiyot
202 0

Davlatimiz rahbari tomonidan shu yil 28-yanvar kuni elektr energetikasini 2025 — 2035-yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda mamlakatimizda soʻnggi sakkiz yilda elektr ishlab chiqarish 38 foizga oshib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetgani, xususiy sektorga keng yoʻl ochilgani tufayli 11,2 gigavattli qoʻshimcha quvvat yaratilganligi, natijada bu sektorning generatsiyadagi ulushi 24 foizga, “yashil” energiya hissasi esa 16 foizga yetganligi qayd etildi.

Aytish joizki, bu borada, mamlakatimizda ekologik toza, arzon va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini koʻpaytirish hamda mavjud quvvatlarni oshirishga alohida eʼtibor qaratilib, “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mahalliylashtirish doirasida keng koʻlamli amaliy faoliyat olib borilyapti.

Jamiyat tomonidan rejaviy asosda hududlarda kichik va mikro shakldagi yangi GESlar barpo etilib, foydalanishga topshirilmoqda.

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi Hisorak suv ombori qoshida yangidan barpo etilgan Hisorak kichik GESning rasmiy ochilish marosimiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Ramatov, “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov, Qashqadaryo viloyati hokimi oʻrinbosari M. Azizov, Shahrisabz tumani hokimligi hamda hududiy tizim korxonalari mutasaddilari, soha mutaxassislari, mahalliy aholi hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar yurtimizda energetika sohasi, xususan, “yashil” energetika manbalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, bu borada hayotga tatbiq etilayotgan istiqbolli loyihalar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga muhim hissa qoʻshayotganini qayd etdi.

Maʼlumot uchun aytish joizki, tuman iqtisodiy-ijtimoiy rivoji hamda mahalliy aholi farovonligi uchun xizmat qiladigan Hisorak kichik GESning energetik quvvati 3,5 MVtga teng boʻlib, yiliga oʻrtacha 17,5 mln. kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Uning qurilishi toʻliq mahalliylashtirish doirasida jamiyat tomonidan amalga oshirildi. Yangi quvvatning loyihaviy qiymati 1,5 mln. dollarga teng boʻlib, bu yerda oltita ish oʻrni ochildi. GES faoliyati yiliga oʻrtacha 5 mln. kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga, qolaversa, u tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiya 7 300 ta xonadonni nurafshon qilishga imkoniyat yaratadi.

Diyora YUSUPALIYEVA,

OʻzDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер