Shavkat Mirziyoyev OTB rahbarini qabul qildi

14:33 18 Noyabr 2025 Siyosat
94 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kando boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. 

Suhbat avvalida OTB rahbari mamlakatimiz yetakchisini strategik sheriklikning 30 yilligi hamda 2025-2026-yillarda bankning Boshqaruvchilar kengashiga raislik O‘zbekistonga o‘tgani bilan tabrikladi. 

Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirish doirasida keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkori bo‘lib qolmoqda – qo‘shma loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshdi. Shuningdek, “yashil” energetika, transport, raqamli transformatsiya, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod loyihalar ishlab chiqilmoqda. Suveren bo‘lmagan moliyalashtirish mexanizmlari faol joriy etilmoqda. 

OTB Boshqaruvchilar kengashining 2026-yil may oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Prezidenti bo‘lajak tadbir doirasida OTB bilan Kengaytirilgan strategik sheriklik dasturini imzolash, unda infratuzilmani rivojlantirish, texnik va muhandislik kadrlarini tayyorlash, xotin-qizlar va yoshlarni yangi kasblarga o‘qitish, kambag‘allikni qisqartirish, ipoteka bozori va xususiy sektorni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratish tashabbusini ilgari surdi. 

Bankning yirik milliy va mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida transport, energetika va savdo loyihalarini ilgari surishda faol ishtirok etishi muhim ekani ta’kidlandi. 

OTB prezidenti Masato Kando mamlakatimizdagi keng ko‘lamli yangilanishlar natijalarini yuksak baholadi hamda Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar dasturini amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?