Yana bir aloqa operatorining chiroyli raqamlari onlayn auksionga qoʻyildi

13:56 04 Yanvar 2021 Jamiyat
2902 0

Mobiuz (“UMS” MCHJ) uyali aloqa operatori pulli toifadagi mobil raqamlarni Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining mobilraqam.uzex.uz elektron savdo tizimi orqali sotishni boshladi.

Mazkur loyiha Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi va “UMS” MCHJ oʻrtasida tuzilgan kelishuv doirasida amalga oshirilmoqda. Mobil telefon raqamlari Mobiuz uyali aloqa operatori tomonidan birjaning axborot tizimidagi shaxsiy kabineti orqali sotuvga qoʻyilmoqda. Auksion onlayn-rejimda boshlangʻich narxlarni koʻtarilish tartibida oʻtkazilmoqda.

Onlayn-auksionda xaridorlar sifatida ham yuridik, ham jismoniy shaxslar ishtirok etishlari mumkin. Foydalanuvchilar onlayn-auksionda ishtirok etishlari uchun www.mobilraqam.uzex.uz vebsaytida onlayn roʻyxatdan oʻtishlari va garov mablagʻlarini kiritishlari kerak.

www.mobilraqam.uzex.uz savdo platformasi birjaning B2B va B2C elektron tijorat modeli boʻlib, bu Oʻzbekistondagi uyali aloqa operatorlarining talab yuqori boʻlgan mobil raqamlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga imkon beradi. Birjadagi barcha elektron savdolar va onlayn-auksionlar oshkoralik, shaffoflik, sogʻlom raqobat va barcha savdo ishtirokchilari uchun teng sharoitlarni yaratish tamoyillariga asoslangan.

Mobil raqamlarni savdoga qoʻyishning minimal muddati ikki kundan iborat. Ularning bahosi 300 ming soʻmdan 40 mln soʻmgacha belgilangan. Ayni paytda Mobiuz chiroyli mobil raqamlarining quyidagi toifalari savdoga qoʻyilgan: Bronze, Silver Light, Silver, Gold, Super Gold, Platinum Light, Platinum, Platinum Plus.

Onlayn-auksionda ishtirok etish masalalari yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot olish uchun, UZEX birjasining Call-markaziga (+71) 207-00-33 telefon raqami yoki @uzexfeedbackbot telegram boti orqali murojaat qilishingiz mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?