Yaxshi odamlar…

05:30 11 Avgust 2021 Jamiyat
669 0

1965-1975-yillar, yoshlik-oʻspirinlikning begʻubor davrlari, shoʻxlik-sokinlik, intiluvchanlik-beparvolilik, madaniyatlilik-befarosatlilik xislatlari shakllanadigan maktab davrlari xotira sahifalarimda ochilar  ekan bor bilimini,  mahoratini, sogʻligʻini ayamasdan oʻquvchilarni yetuk inson boʻlishi uchun baxshida etgan ustozlarim koʻz oʻngimda gavdalanadi.

Sobir Raximov nomidagi 231-sonli maktab direktori Azimova Nuriya Azimovna,boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Ortiqova Halima,  matematika fani  oʻqituvchisi Raximov Maxkam, fizika fani oʻqituvchisi Xabirxonova Oynisa, jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi Tazetdinov Aleksandr Zaxarovich, kimyo oʻqituvchisi Zufarov Ilyos, rus tili fani oʻqituvchisi va sinf rahbarim Fedoseyeva Nelya Mixaylovna va boshqalar oldida meni shu darajaga yetishishimda mustahkam poydevor qurganlari, bergan bilimlari va mehrlari uchun bosh egaman.

Toshkent Davlat Universitetining amaliy matematika va mexanika fakultetini bitirib Xudoning xohishi, taqdir taqozosi bilan  mehnat faoliyatimni, hayot yoʻlimni umumiy oʻrta taʼlim sohasida davom ettirdim. 1985-yili Toshkent shahar Yashnobod ( sobiq Hamza) tumanidagi 226-sonli maktabga informatika va matematika fani oʻqituvchisi etib ishga tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Ziyamuxamedov Asomiddin Boʻriyevich suhbatidan oʻtgach maktab direktori Beknazarova Muqaddas Nazarovna (oxiratlari obod boʻlsin) ishga qabul qilganlar. Maktabda yangi jamoa, mahoratli, tajribali, zabardast ustozlar bilan bir qatorda taʼlim-tarbiya sirlarini oʻrgana boshladim.Faxrli ustozlar Toirov Abdusalom TairovichDexqonov ZikrillaMirsalimov RaximAxmedova Mamlakat, Nazarova Raʼno, Axunxodjayeva Malika, Ni Raisa Konstantinovna,  Murtozayeva Dilora Faridovna, Nuriddinov Husniddin iliq qabul qilishib, kerak joyda maslahat, kerak joyda koʻmak berishdi. Koʻpincha maktab va uning tarixi bilan qiziqqanimdan ustozlarni savollar bilan qiynab qoʻyardim, olgan maʼlumotlarimni esa chuqur mulohaza etib xulosa chiqarishga harakat qilardim. Men bu maktab jamoasida ishlayotganimdan faxrlanar edim, chunki bu maktab jamoasidan tuman taʼlimini obroʻsini oshirishda ulkan hissa qoʻshgan fidoyilar, rahbarlar yetishib chiqqan ekan. Bulardan: tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudirining oʻrinbosari Axunxodjayev Axmad Xodjayevich, 204-maktab rahbari Gʻofurov Ubaydulla Gʻofurovich, 215-maktab rahbari Niyazova Aqida Gafurovna, 152-maktab rahbari Niyazov Akmal.

Izlanishlar, faol mehnat, masʼuliyatli yondashuvlar oqibatida  tuman rahbarlarining eʼtiboriga tushdim, shekilli, meni tuman xalq taʼlimi boʻlimiga chaqirishdi, xayolimda qoʻrquv, asab torlari taranglashgan holda bino ichkarisiga kirganimda fayzli muhitni, xodimlarning salobatliligini, oʻta madaniyatliligini sezdim. Qabulxonadagi kotibaga men chaqirtirilganligimni aytganimda, mudir sizni kutayapti, kiring dedi, buni eshitib his-hayajon yana-da ortdi. Mudir xonasiga kirganimda ruhiy holatim tetiklashdi, chunki xonada yuzlaridan nur yogʻilib turgan, tashqi qiyofadan oʻta kamtarin, mehrli inson oʻtirardi,bu Islom Isoqovich Zokirov edi. Oʻrnak olishga namuna boʻlgan ziyoli inson madaniyatiga xos tarzda salomlashib, meni suhbatga tortdilar. Suhbatni  doʻstona tarzda olib borib inson shaxsini qadrlovchi  misollar orqali pedagog kasbini naqadar mashaqqatli va shu bilan birga sharafli ekanligini taʼriflab berdilar. Qisqa, lekin mazmunga boy oʻtgan suhbat natijasida menga tuman xalq taʼlimi boʻlimiga matematika va informatika fanlari metodisti lavozimiga ishga oʻtish taklif etildi. Bunday oliyjanob,  yuksak maʼnaviyatli, mohir rahbar bilan ishlash sharafliligi, tajriba orttirish imkoni yaratilganligi bois rozilik bildirdim. Metodistlik faoliyatimni boshlar ekanman, tuman xalq taʼlimi boʻlimining salohiyati kuchli ekanligiga, rahbarlik tizimi ongli ravishda yondashishga asoslanganligiga iqror boʻlib bordim. Pedagogikaning, taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etishning, mahoratli rahbarlikning zabardast namoyandalari bilan yelkama-yelka ishlash men uchun sharafli edi.   

I.I.Zokirov, L.F.Ribakova, N.M.Fedoseyeva, A.M.BulgakovaY.M.Maxmudov, A.V.Pak ... kabi ustozlardan muomala madaniyatini, pedagogikaning usullarini, inson psixologiyasini, rahbarlik mahoratini, rasmiy hujjatlar va maʼlumotnomalar tayyorlashni  oʻrgandim. Tuman xalq taʼlimi boʻlimining apparat yigʻilishi, maktab direktorlari  yigʻilishining oʻtkazilishida ishtirok etar ekanman, har bir masalaga chuqur yondashishni, qoʻyilgan vazifani bajarishga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirishni, mavjud muammolarni yechishda ahillik va izlanuvchanlikni, maktab direktorlarining jiddiy va masʼuliyatli boʻlishligini bir maromda ushlab turish mahoratini ustoz I.I.Zokirovdan oʻrgandim.

Ustozning ijobiy fazilatlaridan yana biri hyech qachon oʻz xodimlarini koʻpchilikni ichida izza qilib, tanbeh bermasdilar, balki xonaga  chaqirtirib keragida tanbeh, keragida nasihat, keragida yoʻl-yoʻriq koʻrsatardilar.

1995-yili ustoz xonalariga chaqirib tumandagi oʻzim ishlayotgan maktabga rahbar etib nomzodimni Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasiga tavsiya etishlarini aytdilar,shunda bir tomondan ishonchga sazovor boʻlganligim xursandchiligi, ikkinchi tomondan kuchli masʼuliyat hislari badanimni junjitib yubordi. Ustozga men eplay olarmikinman desam,  men bormanku, qancha maslahat, uslubiy yordam kerak boʻlsa doim eshik ochiq dedilar. 1995-yili avgust oyida ustozning tavsiyalari bilan shahar boshqarmasi boshligʻi Xamidulla Qayumovich Yoʻldoshev suhbatlaridan oʻtdim va rahbar etib tayinlandim. Maktab rahbarlari ichida mohir, tajribali  ustozlar koʻp edi, ulardan U.Gʻ.Gʻofurov, I.B.Boboxonov, B.N.Nosirov, R.X.Xamraliyeva, V.V.Gladishev, B.B.Galperovich, J.Ortiqov, L.F.Matveyeva, M.Xasanova, I.A.Xodjayeva, D.O.Yusupova, N.N.Kubatina,    V.V.Tkachenko, S.A.Bochkaryova va boshqalar. Birinchi ustozim rahbarlik qilayotgan 30dan ortiq taʼlim muassasasi rahbarlaridan 17 tasi erkaklar edi. Ustoz ishni talab qilishni ham, dam berishni ham oʻz oʻrniga qoʻyar edilar, bunga misol qilib har oyda bir marta “Bir piyola choy “ ustida yigʻilishida ham ish, ham madaniy masalalar haqida fikrlar almashuvini tashkil etganlar. Unda doʻstona tanqid, ijodiy taklif, latifa va boshqalar oʻz oʻrnida qoʻllanilar edi. Bu uslubda jamoa yana-da jipslashib, bir-biridan tortinmasdan maslahat olar, yutuq va kamchiliklari haqida fikr almashar edi, buning barchasi ustoz I.I.Zokirovning boshqaruv mahoratida deb bilaman. Bunga yana bir misol, tumanimizda prezident apparati tomonidan oʻrganish oʻtkazildi va uning natijasini muhokamasi katta yigʻilishda amalga oshirilib koʻp yillar yuqori partiya tashkilotlarida ishlagan, taʼlim sohasida hurmatga ega 67-sonli maktab direktori I.B.Boboxonovga tanbeh berilib, chora koʻrish masalasi qoʻyildi, shunda I.I.Zokirov «Men Islom Boboxonovich, Sizdek ulugʻ ustozdan buni kutmagan edim, iymonim komilki bu anglashilmovchilik boshqa qaytarilmaydi hamda tegishli chorani oʻzingiz qabul qilasiz” dedilar. Bu auditoriyadagilar uchun boshqaruv mahoratini oʻrinli qoʻllash metodikasi boʻyicha juda katta dars boʻldi.

Ustoz nafaqat boshqarishda,  balki insoniylik, kamtarlik, ruhshunoslikda ham oʻrnak boʻla oladigan xususiyatlarga egalar. Ustoz atrofdagilarning xursandchiligi yoki musibatini beeʼtibor qoldirmaganlar, doimo dalda boʻlib qoʻllab-quvvatlardilar. Qayerda ular bilan uchrashuv yoki yigʻilish oʻtkazilmasin, har qanday vaziyatda  hech qachon hech kimga ovozlarini koʻtarib gapirgan holatlarini koʻrmaganman. Balki shuning uchunmi hamma ustozni yarim ogʻiz gaplari yoki koʻz qarashlari orqali aytmoqchi boʻlgan fikrlarini, rozi yoki noroziliklarini tushunib olardi, doim  hurmat qilardi. 1997-yili maktabimizni yangi 1997-1998 oʻquv yiliga tayyorlash ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida ustoz maktabga kelib maktabni oʻrganayotganlarida  fizika fani oʻqituvchisi Abdusalom Toirovich Toirov devorni alebastr bilan suvoq qilayotgan edilar, ustoz soʻrashish uchun qoʻl uzatganlarida  oʻqituvchi  alebastrli qoʻllarini bukib bilaklarini tutdilar, shunda ustoz “ Bu qoʻllar oltin qoʻllar, ularni ushlash sharafli, shu yoshda maktab uchun qilayotgan mehnatingiz oldida bosh egishimiz kerak»  dedilar. Bu epizodni eshitish, oʻqish emas, koʻrish va his qilish kerak, shunda yuqori insoniylik qanday boʻlishini tushunish mumkin deb oʻylayman. 1998-yili maktabimizning faoliyatiga 30 yil toʻlishi sababli “Avlodlar uchrashuvi” oʻtkazildi, bu tadbirda I.I.Zokirov ham ustoz, ham rahbar sifatida ishtirok etib, taʼlim fidoyilarini samimiy muborakbod etdilar.

Toshkent shahar Yashnobod tumani 226-sonli

umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori

Niyozov N.T.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?