“WikiOromgoh” — loyiha oʻz maqsadi sari ildam odimlamoqda

20:50 29 Noyabr 2022 Jamiyat
536 0

Foto: Халқ сўзи

“WikiStipendiya” marafoni mamlakatimizdagi har bir insonning, ayniqsa, sergʻayrat yoshlarning sevimli loyihasiga aylangan, desak mubolagʻa emas.

Marafon doirasida shu maqsadlarni koʻzda tutgan “WikiOromgoh” loyihasi tashkil etilgan boʻlib, loyihaning ikkinchi mavsumi 23-30-noyabr kunlari Boʻstonliq tumanidagi Yoshlar oromgohida boʻlib oʻtdi.

Loyihada turli viloyatlardan tashrif buyurgan 150 nafar ishtirokchi qatnashdi. Bir hafta davomida ishtirokchilarga 8 nafar vikiadministrator tomonidan mahorat darslari oʻtildi. Darslarda maqola yozish va uni vikipediyaga kiritish, kodlar yordamida Navbox, bilgiquti andozalarini yaratish, shuningdek, vikiomborga sifatli suratlar yuklash hamda maʼlumotlarni saralash kabi bir qator sirlar oʻrgatildi.

Tadbir soʻngida ishtirokchilar sertifikat va esdalik sovgʻalari, eng sifatli maqola yaratgan 4 nafar qatnashchi esa noutbuk bilan taqdirlandi. Oʻzbekcha vikipediyaga eng koʻp maqola kiritgan jamoaga “WikiOromgoh” loyihasining maxsus kubogi taqdim etildi.

Soʻz tadbir ishtirokchilariga:

Mehrinoz ABBOSOVA,

Yoshlar ishlari agentligi direktorining Davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi, loyiha tashkilotchisi:

— Oromgoh kunlari davomida oʻzbekcha vikipediyaga kutilganidan ham koʻproq, yaʼni 20 mingdan ortiq maqola kiritilgani, 365 tilli vikipediyada oʻzbekcha vikipediya 54 oʻrindan 51 oʻringa koʻtarilgani shaxsan meni juda mamnun qildi. Oʻzbek tilini yanada rivojlantirish, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun bunday loyihalarni koʻproq oʻtkazish, shuning natijasida oʻzbek tilidagi kontentlarni yanada koʻpaytirish bizning asosiy maqsadimiz edi.

Oʻylaymanki, ushbu loyiha orqali maqsadimizga yana bir qadam yaqinlashdik.

Ushbu natijalarga erishishda vikiadminstratorlarning mehnati alohida tahsinga sazovor. Har bir maqola ustida ishlayotgan, birma-bir baholab borayotgan Nodir Atayev, Jamshid Nurqul, Azizjon Sharipov, Nikolay Artemov, Muhriddin Azimov, Laziz Baxtiyorov, Umarxon Rahimov, Asliddin Yunusov va Qirgʻizistondan aynan “WikiOromgoh» uchun tashrif buyurgan Mirzo Ulugʻbek Karimovlarga minnatdorchilik bildiramiz.

Azizjon SHARIPOV,

vikiadministrator:

 

— Ayni paytda oʻzbekcha vikipediya ozarbayjoncha, galiseycha va litvacha vikipediyalarni ortda qoldirib, 54 oʻrindan 51 oʻringa koʻtarildi. Ushbu natijaga erishishda har bir ishtirokchining katta hissasi bor. Ayniqsa, ular orasida yaqqol ajralib turgan bir nechta qatnashchini eʼtirof etish kerak. Misol uchun, Ikramov Muhammad Ali yaratgan maqolalarning munozara sahifasi Vikipediyamiz teranligini saqlab qolish uchun katta yordam beryapti.

Barcha ishtirokchilarni birlashtirib, ularga oʻz bilimlarini ulashayotgan, motivatsiya berayotgan Munojat Maqsutxonova, Jahongir Boboyev va Shohjahon Sobirovlar ham eʼtirofga loyiq.

Yana bir quvonarli jihati, bu galgi oromgohda Qoraqalpogʻistonlik bir guruh ishtirokchilar ham qatnashib, ham oʻzbekcha, ham qoraqalpoqcha vikipediya uchun maqola yaratishdi.

Jahongir BOBOYEV,

ishtirokchi, Toshkent tibbiyot akademiyasi talabasi:

 

— Internetdan oʻzbek tilida tibbiyotga doir maʼlumot topolmaslik meni doimiy qiynardi. Ayniqsa, imtihon boʻladigan vaqtlar bu juda seziladi. Har bir maʼlumotni avval rus, ingliz tillaridan tarjima qilib, keyin oʻzlashtirishga toʻgʻri kelar va bu koʻp vaqtni olardi.

Shuning uchun ham “WikiStipendiya” marafoni eʼlon qilingan kunning ertasidan boshlab, Nodir Atayevning vikipediyaga maqola joylashtirish haqidagi videolarini koʻrib, materiallar kirita boshladim. Ammo oʻshanda ularning deyarli hammasi “nol” baho olgan.

Lekin baribir ichimdagi olov tinch qoʻymadi, vaqt oʻtib yana maqola kirita boshladim. Bu orada “WikiOromgoh«ning birinchi mavsumida qatnashdim va hammasi shundan boshlandi. Oromgoh bizni yangi bosqichga olib chiqdi. Administratorlar kamchiliklarimizni koʻrsatib, maqolani sifatli yaratish sirlarini oʻrgatishdi, yillar davomida yigʻgan tajribalarini biz bilan baham koʻrishdi.

Shu tariqa vikipediya hayotimning bir qismiga aylandi. Hozirda Toshkent tibbiyot akademiyasida 50 dan ortiq talaba bilan Vikiklub ochganmiz. Klub bilan rus hamda ingliz tilidagi tibbiyotga doir kerakli maʼlumotlarni oʻgirib, oʻzbekcha vikipediyaga kiritishni maqsad qilganmiz.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер