Voleybolchi qizlarimiz Markaziy Osiyo chempionatida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi
Namanganda oʻtkazilgan voleybol boʻyicha U-19 qizlar oʻrtasidagi Markaziy Osiyo chempionati oʻz yakuniga yetdi. Unda mintaqamizdagi 4 ta davlat – Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston terma jamoalari gʻoliblik uchun bahs olib borishdi.
Avvaliga jamoalar davraviy guruh bosqichida kurash olib borishdi. Unda barcha oʻyinlarni gʻalaba bilan yakunlagan qizlarimiz yarim finalga guruh gʻolibi sifatida yoʻl oldi.
Yarim finalning birinchi oʻyinida qizlarimiz tojikistonlik dugonalariga qarshi bahs olib bordi va 3:0 hisobi (25:11, 25:16, 25:14) bilan gʻalaba qozongan holda final yoʻllanmasiga ega chiqishdi.
Ikkinchi yarim final juftligida Qirgʻiziston va Qozogʻiston terma jamoalari toʻqnash keldi va unda muxlislar murosasiz qarama-qarshilik guvohiga aylanishdi. Uchrashuv 5 partiya davom etdi. Dastlabki ikki partiyada gʻalaba qozongan qozogʻistonlik qizlar biroz xotirjamlikka berilishdi va oqibatda muvozanat tiklandi. Faqat, hal qiluvchi tay-brekda Qozogʻiston yoshlar terma jamoasi aʼzolari vaziyatni oʻnglashga muvaffaq boʻlishdi: Qirgʻiziston – Qozogʻiston – 2:3 (19:25, 22:25, 25:15, 25:19, 9:15).
3-oʻrin uchun kechgan bahsda qirgʻizistonlik qizlar tojikistonlik dugonalarini 3:1 hisobida (25:17, 21:25, 25:11, 25:13) magʻlub etishdi va musobaqaning bronza medallariga ega chiqishdi.
Final oʻyini oʻz nomiga munosib tarzda murosasiz kechdi. Guruh bosqichida hamyurtlarimiz qoʻshni qozogʻistonlik dugonalaridan 3:0 hisobida ustun kelishgan va bu natija koʻpchilikni ajablantirgandi ham. Chunki, mustaqillik yillarida yurtimiz voleybolchilari na qizlar, na ayollar oʻrtasidagi musobaqalarda Qozogʻiston terma jamoasini magʻlub etishgan edi. Faqat, Markaziy Osiyo chempionatida vakillarimiz tarixiy gʻalabaga erishdi.
Final bahsida qozogʻistonlik qizlar oʻsha tarixiy magʻlubiyat uchun revansh olishni maqsad qilishgani dastlabki daqiqalardan sezilib turdi va ular 3-partiyadan keyin 2:1 hisobida oldinga chiqib olishdi.
Biroq, yarim finalda katta kuch yoʻqotgan qoʻshnilarimiz toliqib qolishdi shekilli, keyingi ikki partiyani boy berishdi. Yakuniy natija 3:2 (26:24, 24:26, 24:26, 25:20, 15:5), Oʻzbekiston foydasiga. Shu tariqa tarixiy gʻalabaga erishgan Oʻzbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi Markaziy Osiyo chempionati gʻolibligini qoʻlga kiritdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring