Vodilliklar malinadan yiliga uch marotaba hosil olishmoqda

15:40 20 Avgust 2025 Jamiyat
175 0

Ayni paytda Fargʻona tumanining mahallalarida malina yetishtirish va eksport qilish borasida quvonarli yutuqlarga erishilmoqda. Bu soha rivojiga qaratilgan eʼtibor va ragʻbat tufayli tumanda keyingi yillarda mahalliy navlar bilan birga, Italiya, Turkiya kabi xorij davlatlaridan keltirilgan eksportbop yangi navlarni mahalliylashtirish hamda undan yuqori hosil olishga erishilyapti.

Bugungi kunda “Alpomish Xosiyatxon” bogʻdorchilik fermer xoʻjaligining 14 gektar yerida Italiyaning 12 xil navli malina koʻchatlari parvarishlanmoqda. Oʻz navbatida, zamonaviy yondashuvlar asosida serhosil va eksportbop navlarni koʻpaytirish boʻyicha ilmiy izlanishlar yoʻlga qoʻyilgan.

— Birgina oʻtgan yilning oʻzida Italiyadan 2 ming dona yangi navli koʻchatlar olib kelindi, — deydi xoʻjalik rahbari Elyorbek Nishonov. — Shu tariqa ochiq maydonlarga ekilgan yangi navlar mahalliy iqlim sharoitiga tez moslashdi.

Yangi navlar issiqxonada ham sinovdan oʻtkazildi. Natijada issiqxona sharoitida parvarish qilingan malina koʻchatlaridan yiliga uch marta hosil olishga erishildi. Shu bilan birga, har gektar yerdan olinadigan hosil salmogʻi oshdi va sifati yaxshilandi. Bu malina mevasini uzoq vaqt sifatli saqlash hamda eksportga yoʻnaltirish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

Aytish joiz, hozirgi kunda tumandagi 15 dan ziyod MFYdagi 7 mingga yaqin aholi xonadonining 654 gektar tomorqasida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida malina yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Malina koʻchatlarini zararkunandalardan himoya qilish, mavjud hosilni eksportga tayyorlash jarayonida Fargʻona viloyati oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi fitosanitar nazorati davlat inspektorlari yaqindan koʻmak bermoqda.

Botir MADIYOROV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?