Taʼlim sohasi transformatsiyasi Yangi Oʻzbekiston uchun muhim investitsiya

10:02 11 Noyabr 2025 Siyosat
120 0

Keyingi yillarda Oʻzbekistonda taʼlim va fan uchun ajratilgan mablagʻlar 6 barobar — 378 trillion soʻmgacha koʻpaygan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olib borilayotgan islohotlarning ustuvor maqsadlari barcha boʻgʻinda oʻquv jarayonining sifatini yaxshilash, zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oʻqituvchilarning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilashdan iborat. Bugungi kunda ular yaxshi natijalar bermoqda va dunyo jamoatchiligining diqqatini tortib, katta qiziqish uygʻotmoqda.

Ayni kunlarda Samarqand shahrida yirik xalqaro tadbir — YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi boʻlib oʻtmoqda. Anjuman keyingi 40 yil ichida ilk bor Parijdan tashqarida oʻtkazilmoqda. Unda 190 ta aʼzo davlat va xalqaro tashkilotlardan 2 800 dan ziyod vakillar qatnashyapti.

Oʻzbekistonning tadbirni qabul qiluvchi mamlakat sifatida tanlanishi bejiz emas. Bu Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan izchil va faol tashqi siyosat natijasidir.

Xalq ehtiyojiga toʻliq mos keladigan taʼlim tizimini shakllantirish — “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri. Mamlakat taraqqiyotining fundamental dasturi Oʻzbekistonni keyingi oʻn yillik boshida daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kiritishdan iborat boʻlib, bunga barqaror iqtisodiy oʻsish, har bir insonning oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun sharoit yaratish orqali erishish maqsad qilingan.

Soʻnggi yillarda mamlakatda yuzlab yangi bolalar bogʻchalari, maktablar, texnikum va oliy taʼlim muassasalari qurildi. Taʼlim tashkilotlari va ilmiy muassasalarni zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlash boʻyicha dasturlar amalga oshirilmoqda, pedagoglarning mehnati munosib baholanmoqda.

Pedagog kasbining yuqori maqomi

XX asr oxiri — XXI asr boshidagi iqtisodiy sharoitlar va maʼnaviy-axloqiy inqiroz, pedagog kadrlar tayyorlashdagi muammolar bu kasbning nufuzini ancha tushirib yubordi.

Oʻzbekiston taʼlim tizimini, jumladan, agrar sohada transformatsiya qilish 2017-yildan boshlandi. Avvalo, pedagog kasbi maqomini koʻtarish, oʻqituvchilarning qadr-qimmati, qonuniy huquq va manfaatlari himoyasi dastlabki chora-tadbirlardan biri boʻldi.

Shu maqsadda oʻquv yurtlari xodimlarining tarif stavkalari bir necha marta oshirildi, respublika va xalqaro olimpiadalar gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar uchun mukofotlar joriy etildi, uy-joy va avtotransport, zamonaviy kompyuter uskunalari sotib olish uchun imtiyozli kreditlar ajratildi, pedagoglarni ragʻbatlantirishning boshqa choralari amalga kiritildi.

Oʻzbekiston Konstitutsiyasida ustozlarning alohida maqomi belgilab qoʻyildi. 52-moddaga asosan, Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi.

Shuningdek, 2024-yil fevralda kuchga kirgan “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunda ham pedagogning maqomi tan olinadi. Ularning oʻz kasbiy faoliyatini yuritishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratiladi, ijtimoiy himoyasi taʼminlanadi va huquqlari amalga oshirilishi uchun kafolatlar beriladi.

Pedagoglar uchun maoshiga oʻndan ortiq turdagi ustamalar kiritilgan. Oʻn minglab oʻqituvchilar chet tillari va maktabda oʻtiladigan oʻquv fanlari boʻyicha milliy va xalqaro sertifikatlar uchun sezilarli qoʻshimcha toʻlovlar oladi. Har yili sohaning yuzdan ortiq xodimlari yuksak davlat mukofotlari va unvonlariga munosib koʻriladi.

Soʻnggi toʻqqiz yilda pedagoglarni qoʻllab-quvvatlash uchun davlat tomonidan koʻrilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar ushbu kasbni eng obroʻli va talabgir kasbga aylantirdi. Bu sohaga yosh, iqtidorli mutaxassislar jalb etildi. Ular oʻz ishiga va yuqori missiyasiga muvofiq holda ragʻbatlantirib kelinmoqda.

Islohotlarga kompleks yondashuv

Oʻzbekistonda taʼlim tizimining islohotlari kompleks xarakterga ega. 2017-yildan 2025-yilgacha mamlakatdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarining soni 5 200 tadan 38 mingtagacha ortdi. Ularda 2,5 million nafar bola tarbiyalanadi, qamrov darajasi 78 foizga yetdi. Ushbu koʻrsatkichlarga erishish uchun katta yoʻl bosib oʻtildi.

2017-yil kuzida Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi. Davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlari joriy qilindi. Hududlarda oilaviy va xususiy bogʻchalar ochmoqchi boʻlganlar uchun imtiyozlar berildi. Bepul maktabgacha taʼlim boʻyicha muqobil shakllar yoʻlga qoʻyildi. Ular orasida “Aqlvoy” deb ataluvchi mobil bolalar bogʻchalari uchun maxsus jihozlanib tashkil etilgan mikroavtobuslar ham paydo boʻldi. Ularda malakali tarbiyachilar ishlaydi. Joylarda yana oʻnlab oʻyin maydonchalari tashkil etildiki, ular ham mobil bogʻchalar kabi faoliyat yuritadi. Ushbu loyiha barcha kichkintoylar uchun taʼlim olish imkoniyatini berdi, uzoq va aholisi kam boʻlgan qishloqlarda yashaydigan oilalarni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilyapti.

Bogʻchalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha keng koʻlamli tadbirlar amalga oshirildi. Oʻqitish dasturlari ham ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda oʻzgartirildi. Tarbiyachilar va boshqa bogʻcha xodimlarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash uchun yangi oliy oʻquv yurtlari va fakultetlar ochildi. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining rahbarlari va xodimlarining oylik maoshi oʻrtacha ikki barobar oshirildi.

Diqqat markazida — maktab

Oʻzbekistonda bolalarni oʻqitish va hayotga tayyorlashning eng muhim bosqichi — maktab taʼlimini rivojlantirish ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. Keyingi yillarda 500 ga yaqin yangi maktablar qurildi. Faoliyat koʻrsatayotganlarini kengaytirish hisobiga millionta oʻquvchi oʻrni tashkil etildi. Mamlakatda yangi modeldagi oʻquv maskanlari — Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari tizimi yaratildi. Iqtidorli bolalar uchun 201 ta ixtisoslashtirilgan maktab ochildi.

Iqtisodiyotning joriy va kelgusi ehtiyojlaridan kelib chiqib, taʼlim tizimida texnik va muhandislik yoʻnalishlarini rivojlantirish vazifasi qoʻyildi. Shu asosda mamlakatning 14 ta maʼmuriy hududida muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Ularga oʻquvchilar tanlov asosida qabul qilinadi, oʻqitish esa davlat hisobidan. Bu maktablarda “STEM” (Science, Technology, Engineering, Mathematics) modeli asosida muhandislik taʼlimi boʻyicha ilgʻor dastur joriy etilmoqda.

Keyingi yillarda mamlakat maktablarining qiyofasi tubdan oʻzgardi. Obodonlashtirilgan va qulayliklar yaratilgan maktablar zamonaviy texnika bilan jihozlangan. Ularda ijod va sport bilan shugʻullanish, xorijiy tillarni va raqamli texnologiyalarni oʻrganish, turli kasblarning asoslarini egallash uchun sharoitlar mavjud. Zamonaviy darsliklar, ilgʻor pedagogik texnologiyalar asosida maktab taʼlimi yanada sifatli mazmun bilan toʻldirilmoqda.

Har kimga — mutaxassislik boʻyicha

Soʻnggi oylarda Oʻzbekistonda yosh mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha oʻrta kasbiy taʼlim deb nomlanuvchi muhim bosqichga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻrta maxsus maʼlumotli mutaxassislar davlatning oʻsib borayotgan iqtisodiyoti uchun muhim zaxiradir.

Maktab oʻquvchilarini qobiliyatiga koʻra ishchi kasblarga yoki oliy taʼlimga yoʻnaltirish uchun Oʻzbekistonda toʻqqizinchi va oʻn birinchi sinf bitiruvchilari uchun yagona davlat imtihoni joriy qilish rejalashtirilmoqda. Bu esa oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga har yili 400 ming nafarga yaqin 9-sinf bitiruvchilarini qamrab olish imkonini beradi.

Yangi taʼlim muhitini va xalqaro standartlarni joriy qilish uchun Oʻzbekistondagi 600 ga yaqin texnikumlarda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etildi. Oʻrta maxsus taʼlim tizimida dual taʼlim yoʻlga qoʻyiladi va bunda aniq investitsiyaviy loyihalar roʻyobga chiqariladi. Dual taʼlimga qamrov 5-martaga ortadi. Hamkor korxonalar uchun esa imtiyozli kreditlar va soliq boʻyicha yengilliklar berish koʻzda tutilgan.

Bunday oʻzgarishlarning maqsadi shundan iboratki, har bir yosh yigit-qiz talabgir kasbni egallasin va barqaror daromad manbaiga ega boʻlsin.

Imkoniyatlar tengligi va natijaga yoʻnaltirilganlik

Keyingi yillarda Oʻzbekistonda oliy taʼlimni rivojlantirish yoʻnalishida juda katta sakrash kuzatilmoqda. 2017-yildan boshlab hozirgi paytgacha mamlakatdagi oliy taʼlim tashkilotlarining soni 77 tadan 202 tagacha koʻpaydi, talabalar soni esa 250 mingdan 1,5 million nafargacha ortdi. Yoshlarda universitetlar va ixtisosliklarni tanlash boʻyicha imkoniyatlar sezilarli ravishda kengaydi.

Bundan sakkiz yil avval davlat oliy oʻquv yurtlariga kirish boʻyicha testlarni abituriyentlar bir kunda topshirishar va faqat bitta oliygohda tanlangan fakultetga kirishlari mumkin edi. Talabalar safiga qoʻshila olmagan yoshlar esa keyingi yilni kutishga majbur boʻlardi. Endi esa abituriyent turli viloyatlardagi beshtagacha boʻlgan davlat oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishini tanlay oladi. Hujjatlar onlayn tarzda topshiriladi. Testlar maxsus jihozlangan pavilyonlarda oʻtkaziladi. Zamonaviy texnologiyalar yordamida sinovlarning shaffofligi va xolisligi taʼminlanadi.

Qator davlat institutlari va universitetlari moliyaviy, boshqaruv va akademik mustaqillikka ega boʻlishdi. Byudjet kvotalari soni koʻpaytirildi. Qabul rejalari oʻzgaruvchan boʻlib, mintaqalar va iqtisodiyotning talablari hisobga olingan holda shakllantirilmoqda. Bu esa taʼlim tizimini mamlakat iqtisodiyotining strategik vazifalarini hal etishga aniqroq yoʻnaltiradi. Shuningdek, eng talabgir sohalar uchun mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.

Oliy taʼlim sohasidagi davlat siyosatining muhim jihati — barcha toifadagi fuqarolar uchun imkoniyatlar tengligidir. Yetim bolalar, ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalar, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun kafolatlangan kvotalar koʻzda tutilgan. Himoyasiz qolgan oilalarning aʼzosi boʻlgan qizlarga qoʻshimcha byudjet oʻrinlari ajratilmoqda.

Oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish jarayoni tubdan oʻzgarmoqda. Universitetlar qoshida innovatsion markazlar, texnoparklar, ilmiy laboratoriyalar, biznes-inkubatorlar, startap akseleratorlari, “spin-off” kompaniyalar ochilmoqda. Taʼlimning dual shakli nazariy bilimlarni real korxona va tashkilotlarda amalda qoʻllashga qaratilgan boʻlib, bugungi kunda u faol rivojlanmoqda.

Muhandislik taʼlimidagi islohotlar ham muhim qadam boʻldi. Texnik universitetlarda ilgʻor oliy muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Ular sanoat, fan va texnologiyalar sohasida talab qilinayotgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. Yaqin yillarda shunday maktablarning sonini kamida 25 taga yetkazish koʻzda tutilmoqda.

Ularning asosiy xususiyati — sanoat bilan uzviy bogʻliqlik. Har bir maktabning oʻz industrial hamkori bor. Kompaniyalar oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda qatnashadi, stajirovkalar oʻtkazadi, laboratoriyalar tashkil etadi. Oʻzbekistonning muhandislik elitasini tayyorlash oʻchogʻi boʻlgan ana shunday maktablar korxonalarni yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlaydi, ular esa mamlakatning industrial va texnologik taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish uchun sharoit yaratadi.

Butun dunyodan eng yaxshilari

Oʻzbekiston oliy taʼlim tashkilotlarining xorijiy ilmiy va taʼlim muassasalari bilan xalqaro hamkorligi yanada yuqori bosqichga chiqdi. Mamlakatdagi deyarli barcha universitetlarda xorijiy sheriklar bilan qoʻshma oʻquv dasturlari mavjud. Talabalar va oʻqituvchilar almashish yoʻlga qoʻyilgan, ikki diplomlilik dasturlari, akademik mobillik va qoʻshma ilmiy tadqiqotlar rivojlanmoqda. 1,5 mingdan ortiq oʻzbekistonlik talabalar jahonning yetakchi universitetlarida tahsil olmoqda.

Taʼlim sohasida keng koʻlamli va uzoq muddatli hamkorlik — Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi sheriklikning muhim yoʻnalishi. U yildan-yilga rivojlanib bormoqda. 2025-yilning iyul oyi maʼlumotlariga koʻra, Rossiya oliy oʻquv yurtlarida bakalavriat, magistratura va spetsialitet dasturlari boʻyicha deyarli 50 ming nafar Oʻzbekiston fuqarolari tahsil olmoqda. Rossiya Federatsiyasi hukumati oʻzbekistonlik abituriyentlarga Rossiya universitetlarida bepul oʻqish uchun kvotalar ajratadi. 2024-yildan boshlab kvota-oʻrinlar soni 810 tagacha koʻpaytirildi. Bunda eng ommabop yoʻnalishlar tibbiyot, iqtisodiyot, yurisprudensiya, muhandislik, IT va gumanitar fanlardir.

Oʻzbekistonda Rossiyaning 14 ta oliy taʼlim muassasasining filiali muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Ular qatorida M. V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, G. V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, Federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”, MGIMO, “MMFI”, A. I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti, Sankt-Peterburg davlat universiteti va boshqalar bor.

Agrar sohada taʼlim sifatini yaxshilash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda yangi texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha hamkorlik ishlari davom ettirilmoqda.

Rossiya — Oʻzbekiston taʼlim forumi 2018-yildan boshlab Rossiyada va Oʻzbekistonda navbat bilan oʻtkazib kelinadi, u muhim qoʻshma taʼlimiy forum hisoblanadi. Ushbu tadbirda anʼanaviy tarzda har ikki davlatning oʻnlab taʼlim tashkilotlari, sohaga tegishli idoralarning rahbarlari, keng ekspertlar doirasi ishtirok etishadi. Forum qoʻshma taʼlim dasturlarini yaratish toʻgʻrisidagi shartnomalar tuziladigan, ilmiy tadqiqotlar oʻtkaziladigan, oʻqituvchi va talabalar almashinuvi tashkil qilinadigan platforma sifatida faoliyat yuritadi. Unda kadrlar tayyorlash, taʼlim jarayonida eng yangi texnologiyalardan foydalanish, oʻquv jarayoniga raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish boʻyicha masalalar, Rossiya oliy taʼlim tashkilotlarining Oʻzbekistonda rivojlantirilishi, oʻrta kasbiy taʼlimni kengaytirish, ilgʻor muhandislik maktablarini ochish tajribasi keng muhokama qilinadi.

Agrar fanlar ustuvor

Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi agrar taʼlim va fan sohasiga tegishli munosabatlar izchil mustahkamlanib bormoqda. Har ikki mamlakatning qishloq xoʻjaligi sohasidagi oliy taʼlim tashkilotlari qoʻshma taʼlimiy dasturlar, oʻqituvchilar va yosh olimlarning stajirovkalari, ilmiy loyihalar, konferensiyalar tashkil qilish kabi yoʻnalishlar boʻyicha faol ish olib borishadi.

Bu jarayonda Toshkent davlat agrar universitetining faol rolini qayd etish joiz. U Rossiyaning qator oliy taʼlim tashkilotlari bilan, masalan, Rossiya davlat agrar universiteti — K. A. Timiryazev nomidagi Moskva qishloq xoʻjaligi akademiyasi, Kuban davlat agrar universiteti, Boshqird davlat agrar universiteti, Qozon davlat agrar universiteti va boshqalar bilan hamkorlik qiladi. Ularning birgalikdagi faoliyatini Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi fan hamda taʼlimda hamkorlikning yorqin namunasi, xalqlarimizni yaqinlashtiruvchi oʻziga xos doʻstlik koʻprigi, deyish mumkin.

Timiryazev akademiyasining jamoasi uchun Toshkent davlat agrar universiteti ilm va amaliyot birligi tamoyillariga sodiq ishonchli hamkor boʻlgan va shunday boʻlib qoladi. Bizning hamkorligimiz agrar taʼlim va fan rivojida katta istiqbollarni ochadi, yuqori malakali yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash uchun mustahkam zamin tayyorlaydi.

Oʻzbekistonda taʼlim sohasining rivojlanish tendensiyalarini belgilar ekanmiz, shunday xulosa qilish mumkinki, zamonaviy, mustaqil tafakkurga ega boʻlgan, dunyo sahnasida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash mamlakatda umummilliy harakatga aylangan. Bu esa kelajakka muhim investitsiya. Shunday investitsiyaki, u iqtisodiy rivojlangan, kuchli, barqaror va gullab-yashnayotgan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Vladimir TRUXACHEV,

Rossiya davlat agrar universiteti —

K. A. Timiryazev nomidagi Moskva qishloq

xoʻjaligi akademiyasi rektori,

Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер