“Vaucher” tizimi asosida kimlar dori vositalari bilan taʼminlanadi?

17:29 06 Oktyabr 2023 Jamiyat
655 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan “Oʻzbekiston-2030» strategiyasi — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlida” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Taʼkidlanganidek, “Oʻzbekiston-2030» strategiyasi istiqbolimiz taqdirini hal etuvchi muhim va yangi davr bosqichini oʻzida ifodalagan muhim dasturiy hujjatdir. Strategiyada har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish kabi maqsadlar oʻz aksini topgan.

Davra suhbatida qayd etilganidek, “Oʻzbekiston-2030» strategiyasida aholining oʻrtacha umr davomiyligini oshirish, birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish, bolalar oʻrtasidagi irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish, onkologik kasalliklarni erta aniqlash va oʻlim koʻrsatkichini kamaytirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish hamda tibbiyot sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish masalalari ustuvor vazifa qilib belgilangan.

Shuningdek, 2024-yil 1-yanvardan boshlab, virusli gepatitning “S” turi bilan kasallangan bemorlarni, gemotopoetik suyak koʻmigi oʻzak hujayralari transplantatsiyasi muolajasiga muhtoj onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni toʻliq Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan davolash yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, nogironligi boʻlgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya hamda dori vositalari bilan taʼminlash ishlari “vaucher” tizimi asosida bosqichma-bosqich tashkil etilishi koʻzda tutilmoqda. Bunda nogironligi boʻlgan shaxslarga tovar va xizmatlarni oʻzlari tanlagan yetkazib beruvchidan xarid qilish imkoniyati yaratilib, ularning xarajatlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

Tadbir ishtirokchilari “Oʻzbekiston — 2030» strategiyasi mamlakatimizning kelgusi yetti yillik belgilab beruvchi muhim hujjat hisoblanib, davlat va jamiyatning har tomonlama jadal rivojlanishida, yurtimizni modernizatsiya qilishda va hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil boʻlib xizmat qilishini alohida qayd etidilar.Davra suhbati yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladigan boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?