Uzumdan yuqori daromad olayotgan jomboylik dehqon

18:24 23 Oktyabr 2025 Jamiyat
273 0

Samarqand viloyati uzumchilik boʻyicha respublikamizda yetakchilardan hisoblanadi. Mamlakatimizda mavjud 181 ming gektar tokzorlarning 55 ming gektari viloyat hissasiga toʻgʻri keladi. Undagi tokzorlarning 44,5 ming gektarida mayizbop kishmish, 6,9 ming gektarida xoʻraki, 4,1 ming gektarida sanoatbop uzum navlari ekilgan. Oʻtgan yil viloyat bogʻbonlari 663 ming tonna uzum hosili olgan boʻlsa, joriy yil bu raqam 700 ming tonnani tashkil etishi kutilmoqda.

Viloyatning koʻplab hududlarida uzum yetishtiriladi. Ayniqsa, Qoʻshrabot, Ishtixon, Payariq, Urgut, Samarqand, Bulungʻur va Toyloq tumanlarida uzumchilik agrar sohaning asosiy serdaromad tarmoqlaridan biriga aylangan. Yangi va serhosil uzum navlari yaratilib, xorijga mayiz eksporti yil sayin oshib bormoqda.

Eski Jomboy mahallasida yashovchi usta dehqon Ubaydulla Mamatqulov Jomboyda ham uzum yetishtirib, yuqori daromad olsa boʻlishini isbotladi.

– Bir paytlar “Gulnigor nurli dalasi” fermer xoʻjaligimizga qarashli 70 gektar maydoni mavjud edi, – deydi Ubaydulla Mamatqulov. – Bu yerda paxta, gʻalla va sabzavot mahsulotlari yetishtirardik. Bu bizga biroz qiyinchilik tugʻdirdi. 2015-yildan buyon faqatgina 8,5 gektar maydonda uzumchilik bilan shugʻullanib kelyapmiz. Toklar hosilga kirgandan keyin kamroq yerdan ham koʻproq daromad topsa boʻlishini angladik. Biroq buning oʻzi boʻlmaydi, albatta. Avvalo, toklarimizni Fargʻona viloyati Oltiariq tumani dehqonlari tajribasi asosida parvarishlay boshladik. Har bir tup tokka alohida mehr berdik. Dastlab 6 navli uzum yetishtirgan boʻlsak, ularning safiga yana Avatar, Burguttumshuq, Oq Rizamat navlari qoʻshildi. “Qalovini topsang qor ham yonadi”, deganlari rost. Koʻpchilik Jomboyda uzum yetishtirib boʻlmaydi, derdi. Shukurki, biz buning uddasidan chiqdik. Uzum yetishtirgandayam, gektaridan 25-30 tonna hosil olib, har bir gektar maydondan oʻrtacha 600 million soʻmdan ortiq daromad olyapmiz. Keyingi paytlarda nafaqat Eski Jomboy mahallasida, balki tumanda ham Ubaydulla Mamatqulovdan oʻrnak olib, uzumchilik sirlarini oʻrganib, tomorqasida uzum yetishtirishga kirishayotganlar safi kengayib boryapti.

– Tumanda jami 143 gektar maydonda uzum yetishtiriladi, – deydi Agrosanoatni rivojlantirish agentligining tumandagi loyiha ofisi mutaxassisi Umid Hasanov. – Uzumzorlarning 11 gektari voyishlardan iborat. Oltiariq tajribasi asosida hosil olinyapti. Shu yil yana 6 gektar maydonda shu usulda uzum yetishtirish maqsadida tok koʻchatlari oʻtqazildi. Shu tariqa Jomboyda ham uzumchilik kengayib, undan daromad olib roʻzgʻorini tebratayotganlar koʻpayib bormoqda.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер