Uzoq kutilgan boks kechasida ringga koʻtarilgan 8 nafar bokschimizning barchasi gʻalaba qozondi

08:44 04 Aprel 2021 Sport
1250 0

Xabaringiz bor poytaxtimizdagi muhtasham “Humo arena” muz saroyi katta boks kechasiga mezbonlik qildi.

Oʻzbekiston Respublika Bosh vazirining oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, yurtimizda boʻlib turgan Xalqaro boks assotsiatsiyasi prezidenti Umar Kremlyov, Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti Anas Alotayba ushbu kechaning faxriy mehmonlaridan boʻlishdi.

Janglar boshlanishidan oldin boks kechasining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Ochilish marosimida Aziz Abduhakimov soʻzga chiqdi.

“Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan soʻnggi yillarda sport, xususan boksni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning natijasida sportning ushbu turida «oʻzbek modeli” shakllanib, uni butun dunyo eʼtirof etmoqda. Oʻz navbatida, bokschilarimiz ham oxirgi yillarda qitʼa va Jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya oʻyinlarida birinchilikni qoʻlga kiritib kelishmoqda. Soʻnggi besh yillikni oladigan boʻlsak, oʻzbekistonlik bokschilar jahonda yaqqol yetakchilik qilishmoqda va bu har yurtdoshimiz qalbida cheksiz faxr, iftixor uygʻotadi. Fursatdan foydalanib, bugun ringga koʻtariladigan barcha bokschilarga omad va zafarlar tilayman», - dedi Aziz Abduhakimov.

Shundan soʻng janglarga start berildi. Dastlab, kechaning birinchi jangida hamyurtimiz Osiyo oʻyinlari va qitʼa chempionati gʻolibi va yana koʻplab musobaqalar chempioni Iqboljon Xoldorov professional ringdagi debyut jangida tanzaniyalik Kulva Bushiri bilan kuch sinashdi. Arenaga toʻplangan yurtdoshlarimizning qoʻllab-quvvatlashi, murabbiylarning toʻgʻri koʻrsatmalari sababli 6 raund etib belgilangan reyting jangi ikkinchi raundda yakunlandi. Iqboljondan ajoyib nokaut!

Kechaning ikkinchi jangida birinchi ogʻir vazn toifasidagi bokschimiz Sanjar Tursunov (91,2 kg) ukrainalik Ivan Yuxtaga qarshi jang oʻtkazdi. Boks kechasidan oldin oʻtkazilgan matbuot anjumanida men faqat gʻalaba uchun jang qilaman deya taʼkidlagan Tursunov soʻzini ustidan chiqdi. 6 raund davom etgan bahs yakuniga koʻra ochkolar hisobida Sanjar Tursunov gʻalaba qozondi.

Boks oqshomi qizigandan qizib borayotgan, muxlislar hamyurtlarimiz tomonidan ketma-ket ikkita gʻalabani birgalikda nishonlab ulgurmaslaridan uchinchi jangni oʻtkazish uchun Rio-2016 Olimpiada oʻyinlari chempioni, 2018-yil Jakartada oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlari hamda 2017-yil Gamburgda oʻtkazilgan jahon chempionati kumush medallari sohibi va 2015-yili Bangkok, 2017-yilgi Osiyo chempioni Hasanboy Doʻsmatov ringga koʻtarildi. Hasanboy Doʻsmatov birinchi yengil vazn toifasida WBA International kamari uchun tanzaniyalik Muhsin Kizotaga qarshi bahs olib bordi. 10 raund etib belgilangan uchrashuvni Hasanboy oʻz odatiga sodiq qolgan holda uzoq kuttirmadi ikkinchi raundda jangni yakunladi.

Navbatdagi jangda Miraziz Mirzaxalilov ilk bahsida Tanzaniya vakili Tasha Mujiajiga qarshi ringga koʻtarildi. Bokschimiz tajribali raqibiga qarshi munosib jang olib bordi. Natijada Miraziz Mirzaxalilov professional boksdagi ilk gʻalabasini qoʻlga kiritdi.

Ogʻir vazn toifasidagi bokschimiz, terma jamoa sardori Bahodir Jalolov latviyalik Kristaps Zutisga qarshi ringga koʻtarildi. Bugun oʻtkazilgan 6 raundlik jangda Xalqaro toifadagi sport ustasi, Olimpiya oʻyinlarining chorak finalchisi (2016y), jahon chempioni (2019y), jahon chempionatining bronza medali sohibi (2015y), ikki karra Osiyo chempioni (2017, 2019y), “Oʻzbekiston iftixori” unvoni sohibi Bahodir Jalolov navbatdagi jangida ham gʻalabaga erishdi. Bahodir raqibini kuchli va aniq zarbalari orqali 2 raundda nokautga uchratdi.

Birinchi oʻrta vazn toifasidagi bokschimiz Isroil Madrimov 10 raund etib belgilangan jangda Emmani Kalomboga qarshi ringga koʻtarilgan hamyurtimiz ochkolar hisobida raqibidan ustun keldi.

Kechaning yana bir markaziy janglaridan biri deya eʼtirof etilgan bahs Shahram Gʻiyosov va meksikalik Patrisio Lopes Morenolar oʻrtasida boʻldi. Bokschimiz uchinchi raundda raqibiga kuchli zarba yoʻllab nokautga uchratdi.

Uzoq kutilgan kechaning markaziy jangida hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyev “VBA” va “IBF” kamarlarini yaponiyalik Ryosuke Ivasadan himoya qildi. 12 raund etib belgilangan jangda bokschimiz nimalarga qodir ekanligini namoyon etdi. Murodjon Ryosukega hech qanday imkoniyat qoldirmadi hamda muddatidan oldin gʻalaba qozondi.

Barcha orziqib kutgan gʻalabani qoʻlga kiritishida sababchi boʻlgan muxlislarga va alohida sportchilarga qulay sharoitlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga esa oʻz minnatdorchiligini bildirdi. Murodjon Ahmadaliyev bu gʻalabalar hali boshlanishi ekanligini, bundan ham katta yutuqlar oldindaligini alohida taʼkidladi. Sportchimizni barcha sport mutasaddilari buyuk gʻalaba bilan tabriklashdi.

Aytish joiz boʻlsa ushbu boks kechasiga respublikamizning turli hududlaridan boks ixlosmandlari sportchilarimizni qoʻlla-quvvatlab, “Humo arena”ni toʻldirib oʻtirishdi. Bu albatta tahsinga loyiq!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?