Uzbekistan Airways aviaparki yana bitta Airbus A320neo bilan toʻldirildi

21:36 27 Iyul 2023 Jamiyat
5905 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Bugun, 2023-yil 27-iyul kuni poytaxt aeroportida navbatdagi Airbus A320neo tantanali ravishda kutib olindi.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi oʻn toʻqqizinchi Airbus havo kemasini qabul qilib olganini maʼlum qiladi. Yangi avialayner ishlab chiqaruvchining Tuluzadagi zavodida Uzbekistan Airways kompaniyasiga topshirildi. Anʼanaga koʻra, yangi havo kemasi Toshkent aeroportida suv arkasi bilan kutib olindi. Havo kemasi standart bir toifali komponovka tartibida 186 yoʻlovchini tashish uchun moʻljallangan.

Eslatib oʻtamiz, bugungi kunda Airbus A320neo oʻz sinfidagi eng yaxshi oʻrta masofali havo kemasi boʻlib, barcha xavfsizlik va ishonchlilik talablariga javob beradi. Bu avvalgi avlod havo kemalariga qaraganda 15% tejamkor, karbonat angidrid chiqarishi esa xalqaro standartlarga muvofiq meʼyordan 50% kamroq.

“Umumiy hisobda, joriy yil oxiriga qadar biz ushbu turdagi beshta havo kemasini qabul qilib olishni rejalashtirganmiz. Bugun esa ikkinchisini kutib olmoqdamiz, birinchisi 16-iyun kuni Oʻzbekistonga yetib kelgan edi va darhol parvozlar jadvaliga kiritilib, xalqaro va mahalliy yoʻnalishlarda parvozlarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda” – dedi Shuxrat Xudaykulov, “Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruv raisi.

Aviaqatnovlarga boʻlgan talab yuqori boʻlgan bir paytda yangi havo kemalari bizga hozirdanoq vaqtni samarali rejalashtirish va yangi yoʻnalishlarni ochish masalalarini hal qilishga yordam beradi. Kelgusida aviakompaniya ularni biznes klass bilan ikki toifali komponovkaga aylantirish ustida ish olib boradi. Shuningdek, yaqin kelajakda brend livreyani yangilash rejalashtirilgan, shuning uchun oʻn sakkizinchi va oʻn toʻqqizinchi havo kemalari soddalashtirilgan fyuzelyaj koʻrinishida qabul qilinmoqda. Aviakompaniya yangi havo kemasidan Toshkent shahri va viloyatlardan amalga oshiriladigan aviaqatnovlarda foydalanishni rejalashtirmoqda. Avialayner BOC Aviation kompaniyasi tomonidan uzoq muddatli ijara asosida yetkazib berildi.

Shunday qilib, aviakompaniya parkida 30 dan ortiq Boeing va Airbus samolyotlari, jumladan, ikkita A-330 hamda Oʻzbekiston boʻylab parvozlarni amalga oshirish uchun Chexiya ishlab chiqaruvchisidan sotib olingan, qisqa masofaga parvoz qiluvchi L410 havo kemalari mavjud.

Havo kemalari sonining ortishi munosabati bilan aviakompaniya yangi uchuvchilar va bort kuzatuvchilarni tayyorlash boʻyicha samarali ishlarni bajarib kelmoqda. “Oʻquv-mashgʻulot markazi” MCHJ mutaxassislari va Uzbekistan Airways uchuvchi-instruktorlari tomonidan esa ekipaj aʼzolarini sifatli oʻqitish va aviakompaniyada faoliyat olib borish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Yangi avialaynerni Uzbekistan Airways rahbariyati va xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, aviaspotterlar va Toshkent davlat transport universitetining aviatsiya transporti muhandisligi fakulteti talabalari kutib oldi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?