Ustozlari yordamida muvaffaqiyatlarga erishayotgan imkoniyati cheklangan oʻquvchilar

10:36 03 Dekabr 2022 Jamiyat
345 0

Foto: Xalq ta`limi va`zirligi matbuot xizmati

Xorijiy psixologlarining taʼkidlashicha, nogironligi boʻlgan insonlar aksariyat hollarda oʻzlarini jamiyatga keraksiz, deb his qilishar ekan. Ularning ruhiy olami ayrim hollarda bir muncha zaif ekanligi tadqiqotlarda taʼkidlab oʻtilgan. Xuddi shunday holatlarni alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan koʻrish imkoniyati cheklangan bolalarda ham koʻp bora kuzatiladi. Bu holatda tajribali va mahoratli, eng asosiysi, oʻquvchilarga nisbatan qalbida mehri limmo-lim boʻlgan oʻqituvchilar murakkab vaziyatni yengillashtirishga qodirligi bilan tahsinga sazovor boʻladi.

Ayni vaqtda Navoiy viloyati alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan koʻrish imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatida 150 ga yaqin oʻquvchilar tahsil olmoqda. Oʻquvchilarning aksariyati maktab-internatning oʻzida oʻqish bilan bir qatorda yotoqxonada qolib tarbiyalanadi. Demakki, ularga ota-onalari, yaqin qarindoshlari, oʻzlari tugʻilib oʻsgan uylaridan uzoqdaligini bildirmaslik xalq taʼlimi sohasida faoliyat yuritayotgan har bir pedagog xodimning muqaddas burchi sanaladi.

— Taʼlim maskanimizdagi har bir oʻquvchi pedagoglarimizning eʼtibor markazida, — deydi Navoiy viloyati alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan koʻrish imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatining Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi Mirsaid Jalilov. — Chunki ular bilan ishlash jarayonida bir oila, aka ukaday boʻlib ketishadi. Hattoki yoshi ulugʻroq oʻqituvchi va tarbiyachilar oʻquvchilarni oʻz farzandlaridek koʻrib, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashadi. Samimiy muloqot orqali ularni qiynaydigan, hech kimga aytolmaydigan muammo va muddaolarini tinglash orqali ham ruhiy, ham maʼnaviy jihatdan madad va koʻmak berishadi. Oʻgʻil-qizlarni bilim olishi, sogʻlom tengdoshlari singari voyaga yetishi va eng muhimi kelajakda oʻzlarini vatanga va jamiyatga kerakli ekanliklarini his qilishi uchun astoydil koʻmaklashadi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida nogironligi boʻlgan shaxslarni oliy taʼlimga qamrovi bir necha karraga koʻpayganligi va ularni ish bilan bandlik darajasida ham sezilarli ishlar qilinayotganligi hech kimga sir emas. Birgina 2016-2022-yillarda mazkur maktab-internatni tugatgan bitiruvchilarning 85% dan ziyodi institut va universitetlarda tahsil olib, oliy taʼlim sohasida ham faoliyatini davom ettirayotgani quvonarli holdir. Ularning bir nechtasi ilmiy faoliyatini oshirib, xalqaro va Respublika miqyosidagi konferensiya, ilmiy anjuman va seminarlarda doimiy ravishda faol ishtirok etib, PhD darajasini (falsafa doktori) olish harakatida dissertatsiya himoyalariga tayyorgarlik koʻrayotganligi katta yutuqlarimizdandir.

Fargʻona shahridagi 30-maktabning 8-“E” sinf oʻquvchisi Alisher Kamoljonovning tashxisi bolalar serebral falajligi. Ustozi Nozima Mamatovaning aytishicha, Alisher uy taʼlimida saboq oladi. Mahoratli oʻqituvchi bola qalbiga yoʻl topib, Alisherga darslarni qiziqarli oʻtishga harakat qiladi. Shu boisdan ham Alisher barcha fanlardan yaxshi baholarga oʻqiydi. Darsdan tashqari ham tirishqoq oʻquvchi kompyuter oʻrganishga harakat qiladi. Uning orzulari juda koʻp, u kelajakda sport sharhlovchisi boʻlmoqchi.

Muvaffaqiyatga erishayotgan bu kabi oʻquvchilarni koʻplab keltirishimiz mumkin. Ular erishayotgan yutuqlarda, albatta, ustozlarining mehnatlari mujassam.

Xulosa qilib aytganda bugun Yevropa psixologlarining tadqiqotlarini Oʻzbekiston sharoitida bartaraf etish yoʻlida hattoki davlat siyosati darajasida amaliy ishlar qilinayotganligi, har tomonlama puxta oʻylangan oqil dasturlar, qaror va farmonlar qabul qilinib, ijrosi taʼminlanayotganligi juda katta samara berayotganligi kuzatilmoqda. Bu boradagi ishlarni bundan keyin ham jadallashtirish lozimligi davlatimiz rahbarining eng ustuvor rejalari qatorida ekanligi hammani quvontirmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?