“Ustimdan asossiz ariza berilgan”. Rasul Kusherbayev Yangiyoʻl tuman IIBda asossiz ushlab turilganini aytmoqda

18:54 20 Aprel 2025 Jamiyat
371 0

Videodan kadr

Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev Yangiyoʻl tumani ichki ishlar boʻlimiga chaqirilgani, ish uchun ahamiyati boʻlmasa-da mobil telefoni olib qoʻyilganini bildirib, Telegram kanalida murojaat eʼlon qildi.

Uning maʼlum qilishicha, kecha, 19-aprel kuni maslahatlashish “bahonasida” Yangiyoʻl tumani Ichki ishlar boʻlimiga chaqirilgan va u yerda bir necha soat ushlab turilgan.

“Yashash joyim ham, propiskam ham Yangiyoʻlda emas. Biroq nega Yangiyoʻl IIB bu ish bilan shugʻullanayotgani tushunarsiz. Toʻgʻrisi, men bu ishlarni tushunmayapman”, deya Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpoʻlatovdan tushuntirish soʻragan Kusherbayev.

Uning qoʻshimcha qilishicha, barchasiga ustidan “asossiz” ariza berilgani sabab boʻlmoqda.

“Yana bir jihati, shu kunlarda hatto qoʻshnilarimdan ham IIB xodimlarining men haqimda yashirin va shubhali surishtiruvlar olib borishayotgani, maʼlumotlar toʻplashayotgani ham tushunarsiz”, deb yozgan Ekologiya vaziri maslahatchisi.

Mazkur murojaat jamoatchilik muhokamalariga sabab boʻlib, turlicha talqin qilina boshlagach, Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati rahbari Bobur Toʻlaganov holat yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 19-aprel kuni fuqaro R.F. Yangiyoʻl tumani IIBga kiritgan shikoyat arizasida, Ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayev, unga nisbatan ijtimoiy tarmoqlar orqali shaxsni shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda haqorat qiluvchi maʼlumotlar tarqatganligini bayon qilgan.

“Ushbu ish doirasida hozirgi vaqtda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotganligi munosabati bilan, joriy yilning 19-aprel kuni R. Kusherbayev qonunda belgilangan tartibga koʻra, IIBga chaqirtirilgan va tegishli protsessual harakatlar amalga oshirildi.

Jinoyat-protsessual kodeksining 157, 159-moddalariga asosan tergovga qadar tekshiruvni har tomonlama toʻliq va sifatli olib borilishini taʼminlash hamda arizachi bayon etgan holatlarga aniqlik kiritish uchun tergov boʻlinmasi tomonidan qaror chiqarilib, R. Kusherbayevga tegishli mobil telefoni vaqtincha olib qoʻyilgan. Mazkur ish doirasida, protsessual harakatlar davom ettirilmoqda”, deb yozadi IIBB matbuot kotibi.

Shuningdek, Toʻlaganov Kusherbayev va ayrim jamoatchilik faollari tomonidan tarqatilayotgan goʻyoki asossiz ariza boʻyicha ushlab turilishi, mobil telefonning ahamiyatsiz olib qoʻyilishi yoki qandaydir alohida surishtiruvlar olib borilayotgani haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq ekanligini taʼkidlagan.

Bildirilishicha, fuqaroning arizasi tegishli qonun hujjatlariga koʻra, toʻliq tekshirilishi va huquqiy baho berilishi taʼminlanadi. Shu bilan birga, har bir protsessual harakatning asosliligi va qonuniyligi ustidan oʻrnatilgan tartibda shikoyat keltirilishi ham mumkin.

“Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi hamda “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlarga muvofiq, jamoatchilik subyektlaridan asossiz maʼlumot tarqatmasliklarini soʻraymiz. Qonunlardagi axborot tarqatish yuzasidan belgilangan talablar barcha uchun majburiydir.

Huquqni muhofaza qilish organlarining faoliyatiga aralashish va maʼlum bir maqsadda ishni koʻrib chiqish natijalariga, shu jumladan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali taʼsir qilishga urinish, belgilangan tartibda javobgarlik keltirib chiqarishini eslatib oʻtamiz”, deyiladi IIBB xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер