Usmon Nosirni eslab...

04:31 23 Aprel 2022 Madaniyat
2169 0

Foto: Arxiv surat

Prezidentimizning “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori oʻzining betakror isteʼdodi, yuksak matonati va xalqparvarligi bilan oʻzbek adabiyotida oʻchmas iz qoldirgan, mustabid tuzum davrida siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan ijodkor xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan tarixiy hujjat boʻldi.

Qaror asosida Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini mamlakatimizda adabiyot va sanʼat bayrami sifatida keng nishonlanibgina qolmay, uning qatagʻon davrida kechgan hayoti va faoliyatini oʻrganish, hozirga qadar nomaʼlum boʻlib kelayotgan qoʻlyozma asarlarining taqdiri haqida maʼlumotlar toʻplash ishlari olib boriladi.

Quyida taniqli shoir Toʻra Mirzoning Usmon Nosir haqidagi badiasini eʼtiboringizga havola etamiz.

Usmon Nosir deganda yoki uning sheʼrlarini oʻqiganingizda ichingiz jiz etadi. Bu sassiz hayqiriqdan koʻnglingizni qup-quyuq tutun oʻrab, xoʻrsinasiz va ayanchi taqdiriga aybdorlarini oʻylaysiz... Ammo yurtimizdagi ayrim kimsalar hali hanuz oʻsha manfur zamonni sogʻinishayotganidan hafsalangiz pir boʻlib, taassufdan koʻnglingiz oyogʻingizdan ham pastroqqa sirgʻalib tushadi.

Usmon Nosirning onasi Xolambibi Namanganda tugʻilib oʻsgan hamda oʻqimishli ayol edi. U toʻngʻich farzandi Usmonni tuqqaniga koʻp vaqt oʻtmasdan eri vafot etadi. Oqila, oʻqimishli ayol juda ham erta beva qolgach, uni yaxshi bilgan qarindoshlar munosib er chiqqunicha, unga yana turmush qurish haqida lom-mim demaydilar.

Tasodifan Qoʻqondan mehmon boʻlib kelgan Nosir ismli yigit Xolambibini yaxshi koʻrib qoladi. Yigitni soʻrab-surishtirishsa, fozil va oʻqimishli ekanligi ayon boʻladi. Xullasi kalom, Xolambibini yor-yor bilan Qoʻqonga uzatishadi. Nosirbek Usmonga oʻz jigariday qarab, unga oʻz ismini familiya qilib beradi. Yigitdagi isteʼdodni payqab, unga oʻzi arabiy imlodagi yozuvni oʻrgatadi, rus-tuzem maktab-internetiga oʻqishga joylaydi. Usmon maktabni bitirgach, uni Samarqand dorilfununiga oʻqishga yuboradi. Xolambibi Nosir hojidan uchta qiz farzand koʻradi...

Xolambibiga murojaat sifatida bir sheʼr bitgandim:

... Teskari aylanar gʻarib ona-Yer,

Tomoshachi quyosh manglayida ter,

Chevriladi chechak, oʻrar zarpechak,

Handaqqa otilar elim degan er.

Oʻttizinchi sabil yil, Xolambibi,

Qurt-qumursqa boʻldi fil, Xolambibi,

Usmon Nosir sheʼrin osmonga yozir,

Yolgʻon koʻkda, chin soʻz qil, Xolambibi.

Yosh shoir Usmon Nosir oʻsha paytdagi Oʻzbekistonning poytaxti Samarqandda oʻqigan paytdayoq dastlab talabalar orasida, keyinroq poytaxt ahlida noyob iqtidorli shoir sifatida eʼtirof etiladi.

Poytaxt Toshkentga koʻchirilgach, sheʼriy kitoblari peshma-pesh nashr etilgan ijodkorning muxlislari tobora ortib boradi. Taʼbir joiz boʻlsa, u mashhurlik taxtiga chiqadi, davralarda eng suyumli shoirga aylanadi.

Uning hibs qilinishidan bir oy burun qizil imperiyaning birinchi raqamli nashri “Pravda” gazetasida «Na Vostoke poyavilsya novыy Pushkin, uzbekskiy poet Usman Nasir» sarlavhali maqola chop etilib, shoir haqida moʻl hamdu sanolar oʻqilgan edi. Ammo Moskovda tan olinish, eʼtirof ayrimlarning miltirayotgan hasadiga yermoyi sepganday boʻldi. Ularning hasad bilan qilgan igʻvolari tufayli shoir hibs etiladi.

Oʻtgan asrning 20 yillari oxirrogʻida Abdulla Qodiriy ilk bora Toshkent shahar sudi qarori bilan 6 yil muddatga qamalgan kunning oʻzidayoq Oʻzbekiston Oliy kengashi Prezidiumi raisi Yoʻldosh Oxunboboyev dargʻazab boʻlib, tunda Oʻzbekiston Oliy Sudining navbatdan tashqari majlisini chaqirtiradi. Yarim tungacha davom etgan majlisda jumhuriyatdagi sudlarning eng yuqori organi Oliy sud Toshkent shahar sudi qarorini bekor qilib, Abdulla Qodiriyni zudlik bilan ozod qilish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi. Ammo yarim kechada qarorni qamoqxonaga olib borishganida darvozani hech kim ochmaganligi bois bir kundan soʻng buyuk yozuvchi hibsdan ozod qilinadi.

1930-yildan boshlab qirmizi Oʻzbekistonning inon-ixtiyori, yaʼni jilovi xavfsizlik organlariga toʻlaligicha topshirilgan boʻlib, Oliy Sovet, KP Markaziy Qoʻmitasi, Komissarlar Soveti va boshqa har bir muassasa qovoq-tumshugʻi osilgan chekistlarning qoʻgʻirchoq tashkilotiga aylanib ulgurgan edi...

Bisotimda oʻsha davr manzarasini aks ettirgan bir sheʼr bor:

... Ogʻzingni ochma bir bor,

Aygʻoqchi qator-qator,

Yeydi dedi-dedilar,

Elga ozaymas ozor.

Xoʻrsinib olsang nafas,

Chopib kelar yuzta kas,

Istalin suratiga

Chap qovogʻin solsa, bas...

Taassuflar boʻlsinki, taʼbir joiz boʻlsa, Usmon Nosir sheʼrlarini yod biladigan, ammo tili soqov, qulogʻi kar rahbarlar nafas olish hamda uni chiqarish uchun ruxsatni ham Kremldan olishardi.

Faqat Xrushchyov zamonidagina ajal bayroqdori stalinizm keskin qoralanib, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Usmon Nosir va boshqa tuhmat bilan qamalgan milliy salaflar oqlandi. Garchand Xrushchyovning sobiq KPSSning XX syezdidagi stalinizm illatlari haqidagi otashin nutqidan soʻng boshlangan evrilish sharofati bilan nohaq repressiyaga uchragan millat oydinlarining oqlanish jarayoni boshlangan boʻlsada, diktatura tarafdori boʻlganlar tarafidan Xrushchyov tezda yuqori mansabdan olib tashlanib, uning oʻrniga L.Brejnev oʻtirgandan keyin yopigʻliq qozonning ustidan olingan qopqoq tagʻin oʻz joyiga yopildi. Hatto oqlangan shoirlarning bayozlari orasidan toʻplanib salmoqli hajmda chop etilgan “Tirik satrlar” kitobi doʻkonlardan yigʻib olinib, olovga otildi. Choʻlpon, Fitrat, Behbudiy, Avloniy va boshqa jadidlarning jaranglashga ulgurmagan unlari yana oʻchirildi. Lekin Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir kitoblari nishli tahrirdan oʻtkazilib, jiddiy oʻzgartirishlar kiritilgan, tahrir qilingan holda chop etildi.

M.Gorbachyov tomonidan qayta qurish davri boshlangach, soʻlayozgan umid giyohlari yana koʻkara boshladi.

Usmon Nosir hibsxonada ham muttasil ijod qilgani haqida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining ikkinchi delegatsiyasi tarkibida Kemerovoga borganimda qamoqxona maxsus kutubxonachisi boʻlgan ayol yigʻlab gapirib bergan edi.

Men “Usmon Nosir koʻmilgan joyga borishimiz shart”, deb oyoq tirab turib oldim. Nodira Rashidova ham bu fikrimni qoʻllab-quvvatladi. Xullas, uyushma boʻlimi raisi Kemerovo viloyati partiya qoʻmitasining birinchi kotibiga telefon qilib, bizning tamannomizni yetkazib, undan madad soʻradi. Ertasiga tong paytida biz qamoqxona tomon traktorga minib otlandik. 50-60 chaqirim masofani deyarli 3 soatda bosib oʻtdik. Yoʻldagi qorlar yanada qalinlashib borardi. Tobora manzilga yaqinlashar ekanmiz, traktor ham yurolmaydigan holatga keldi. Shu paytda viloyat rahbariyati tomonidan hozirlab qoʻyilgan buldozer qingʻir-qiyshiq yoʻllardagi qorlarni tozalab, nihoyat Mariinsk shahriga yetib bordik.

Yarim soatdan soʻng Usmon Nosir oʻtirgan hibsxonaning kutubxonachisi uyiga edik. Saksonlardan oshgan bir kampir oʻz uyida bizni iliq kutib oldi. Kamtarona dasturxon atrofida uning gʻamgin xotiralarini koʻzda yosh bilan tingladik. Uning hikoya qilishicha, hibsxonada mahbuslarga qogʻoz va qalam berish qatʼiyan taqiqlangan ekan. Lekin Usmon Nosirga ayricha munosabat mavjud boʻlib, qamoqxonada xizmat qiladigan yigirmadan ortiq oʻris ayollarining barchasi unga koʻngil qoʻyishganiyu shoirning oʻris tilida aksentsiz gapirishi, oʻta samimiy ekanligi bois qoʻllaridan kelgancha yordam berishga harakat qilishib, ular oʻz uylaridan qogʻoz-qalam keltirishar, shoir koʻp va xoʻb ijod qilgan ekan. Ammo qamoqxona maʼmuriyati bundan xabar topgach, rahbariyat tomonidan barcha ayollar chaqirilib, agar kimda-kim shoirga yana biror marta koʻmaklashsa, ayniqsa, qogʻoz va qalam keltirib bersa, ishdan haydalishi toʻgʻrisida qatʼiy ogohlantiriladi. Usmon Nosir ayollarning unga yer ostidan tikilib, sassiz oʻtib ketishayotganidan hamma narsani tushunib, iloji boricha ojizalar koʻziga koʻrinmaslik uchun oʻzini chetga oladigan boʻlib qoladi. Kutubxonachi ayol bir gal olisdan shoirga nazar solsa, u toʻlqinlanib, qoʻlidagi koʻmir ushogʻi bilan beton devorga sheʼr yozayotganiga guvoh boʻladi.

Kutubxonachi kampir Usmon Nosirning sogʻligʻi ogʻirlashgani sayin unga rahmi kelgan yigirmadan ortiq ayol jamlanib, yigʻlashib repressiyachi “xalqlar dohiysi, ota Stalin” nomiga alam toʻla oʻtinch-xat yozishib, buyuk shoir Usmon Nosir minbaʼd xalq dushmani emasligini eʼtirof etaroq uni ozod qilishni iltijo bilan soʻrashganini koʻzlari toʻla yosh bilan aytar ekan, bu mungli sasni eshitgan oʻzbek delegatsiyasi vakillari tugul oʻsha yerda jam boʻlgan mahalliy qalamkashlar koʻzyoshlarini jilovlay olishmadi. Rus tilida juda erkin gapiradigan Usmon Nosirni hibsxonadagi barcha xizmatchi ayollar, keksa kampir iqroricha, qattiq suyib qolishgan edi. Shoir Mixail Lermontovning uzun sheʼrlarini bitilgan tilda yonib oʻqiganida ayollardan tashqari jonsiz devorlar ham goʻyo nafas olmay tinglashgan. Goʻyo qorongʻi qamoqxona ichi yorishib ketganday boʻlarkan. Usmon Nosir buyuk rus shoirining «Demon» (“Iblis”) dostonini oʻz tarjimasida oʻzbekcha va ruscha aktyorday yonib oʻqiganida xotin-xalaj koʻz yoshlarini jilovlay olishmas ekan...

Safar taassurotlari, ulugʻ shoirning ayanchli taqdiri bilan bogʻliq xotiralar qalbimga olov yoqdi. Kutubxonachining dard-alam toʻla tuygʻularini sheʼrga soldim.

MARIINSK HIBSXONASI KUTUBXONACHISI IQRORI

Kemerovo hibsxonasi,

Mahbuski, kishanda nafasi,

Dohiy, xalqlar otasin maqtab,

Bosh gʻurra, tinmas “ura, ur...” sasi.

Bir shoir, Mashrabning xeshimi?

Boʻzlaydi kunduzmi yo kechmi,

Soʻzlarni ushlaydi, mushtlaydi,

Kim oʻzi? Vijdonning eshimi?

Baqirar, hayqirar, pichirlar,

Tishida tovushlar vijirlar,

Koʻzlari porlaydi bir mayin,

Kipriklar hayqirib, gʻijirlar.

Tashqarida ortar qortepa,

Och qargʻalar uchun gʻortepa,

Yalinmaydi shoir, sinmaydi,

Koʻkragida oʻsar ortepa.

Koʻzlarida chaqnar savollar,

Ohlimi, siyohli xayollar,

Hibsxona aro shoirni

Sevib qolgan barcha ayollar.

Tegrasida oʻrgilar mehr,

Koʻzlarida shoirning sehr,

Toʻgʻram nonni tutgan ayol-chun

Naq devorga shoir bitar sheʼr.

Zorlab qoldiki onaizor,

Ortib ketdi boshida oq qor,

Tongga boqsa, mushtipar vohlab,

Sabohda oh, toq qora ohor.

Toʻra MIRZO,

Xalqaro Fuzuliy mukofoti sovrindori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?