Urganchda 150 oʻrinli yangi mehmonxona ishga tushdi

14:05 30 Avgust 2023 Jamiyat
278 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi arafasida Urganch tumanida yana bir turizm infratuzilma obyekti –“Ulgurji savdo sanoat” MCHJga qarashli “Parvoz” mehmonxonasi foydalanishga topshirildi. Loyiha qiymati 1 million AQSH dollariga teng boʻlgan ushbu mehmonxona 64 ta xonadan iborat boʻlib, 150 oʻringa moʻljallangan. Urganch xalqaro aeroportidan 3 kilometr va Urganch temir yoʻl vokzalidan 7 kilometr uzoqlikda joylashgan mazkur mehmonxona oʻzining qulayligi bilan viloyatga tashrif buyuradigan sayyohlarning eʼtiborini qozonishiga shubha yoʻq.

— Maʼlumki, Xorazm viloyati turizm salohiyati yuqori hududlardan biri sanaladi, — deydi loyiha tashabbuskori Tohir Madrahimov. — Turizm sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor tufayli viloyatimizga kelayotgan xorijlik va mahalliy sayyohlar oqimi yildan-yilga ortib bormoqda. Maʼlumotlarga qaraganda, joriy yilning yanvar-iyul oylarida viloyatga bir yarim milliondan ziyod sayyohlar tashrif buyurdi. Ularning 300 ming nafari 120 taga yaqin xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan sayyohlardir. Shu yil boshidan buyon Xorazmga kelgan mahalliy sayyohlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,7 barobarga oʻsdi.

Xabaringiz bor, Xiva shahri 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti deb eʼlon qilindi. Shu munosabat bilan kelgusi yilda viloyatimizga tashrif buyuruvchilar soni yanada ortadi. “Parvoz” mehmonxonasi ish boshlashi bilan viloyatda mehmonxonalar soni 206 taga yetdi.

Yangi mehmonxonaning ochilish tantanasida viloyat hokimi Joʻrabek Rahimov ishtirok etdi.

                                                          Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?