Urganch davlat universitetining yangi binosi foydalanishga topshirildi

18:26 04 Sentyabr 2023 Jamiyat
465 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Xorazm viloyatidagi eng koʻhna va yirik oliy oʻquv yurti hisoblangan Urganch davlat universitetida 31 ming nafarga yaqin talaba tahsil oladi. Yangi oʻquv yili boshida universitet yangi oʻquv binosining foydalanishga topshirilishi professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun chinakam bayram sovgʻasi boʻldi. 2000 oʻringa moʻljallangan yangi binoda talabalarning puxta bilim olib, yetuk malakali mutaxassis boʻlib yetishishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Oʻquv yilining boshlanishi hamda yangi binoning foydalanishga topshirilishi munosabati oʻtkazilgan tadbirda viloyat hokimi Joʻrabek Raximov, Romanovskiy nomidagi matematika instituti direktori, Oʻzbekiston Qahramoni Shavkat Ayubov, universitet professor-oʻqituvchilari va talabalari ishtirok etdilar.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Oʻquv dargohimizga moliyaviy mustaqillik berilgani yangi bino qurish, auditoriyalarni eng soʻnggi rusumdagi oʻquv laboratoriya uskunalari, axborot texnologiya vositalari bilan jihozlash imkonini berdi, — deydi Urganch davlat universiteti rektori Bahrom Abdullayev. — Shuningdek, yangi oʻquv yilidan universitet talabalari uchun yana bir qulaylik yaratildi. Universitet binosi oldida zamonaviy loyiha asosida avtobekat tashkil qilinib, avtobuslar yoʻnalishlari tumanlardan keluvchi talabalarga qulay qilib muvofiqlashtirildi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Yangi oʻquv yilining ilk mashgʻuloti Urganch davlat universitetida ham “Mustaqillik darsi” bilan boshlandi. Unda viloyat hokimi ishtirok etib, talabalarga Mustaqillikka erishish hamda uni mustahkamlash yoʻlidagi mashaqqatlar, mamlakatimizning taraqqiyot yoʻli, xalqaro hamjamiyatdagi obroʻ-eʼtibori haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, oliy taʼlim tizimidagi islohotlar xususida toʻxtaldi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?