Ulugʻ shoir jasorati

16:19 08 Fevral 2025 Madaniyat
623 0

9-fevral — Alisher Navoiy tavallud topgan kun

Alisher Navoiy — oʻzidan ulkan meros qoldirgan, badiiy soʻz sanʼatini eng yuksak choʻqqilarga olib chiqqan buyuk sanʼatkor. Bundan olti asr narida yashab oʻtgan boʻlsa-da, bugun ham insoniyatni qiynayotgan muammolarga uning asarlaridan javob topamiz. Shoir merosi tengsiz ummon kabi oʻziga tortaveradi, uni oʻqib, uqqan sayin bu buyuk merosning yangidan-yangi qirralarini kashf etaveramiz.

1

Ulugʻ bobomiz asarlari bu, birinchi nav­batda, adabiy janrlar takomilidir. Ustoz adabiyotshunoslar Alisher Navoiy sheʼriy merosi 16 xil janrda ekanini urgʻulaydi. Gʻazal, ruboiy va boshqa sheʼriy janrlar shoir ijodida butunlay takomilga yetgan. Maqsud Shayxzoda uni bejiz “Gʻazal mulkining sultoni”, deb atamagan.

Alisher Navoiy tarix sahnasida oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmagan. Uning fenomeni, shubhasiz, tamaddunlar oʻlkasi — yurtimizda kechgan yuksalishlar, temuriylar saltanatining, turkiy tamaddunning dunyoga bergan buyuk neʼmati, taʼbir joiz boʻlsa, “oltin toji”dir.

Mutafakkir oʻz xalqiga, uning tarixi va madaniyatiga muhabbatini til orqali, shu tilda yaratilgan yuksak badiiyat namunalari orqali namoyon etdi. Forsiy tilda ashʼor bitish urf boʻlib turgan bir paytda turkiy tilning latofatini namoyish eta olgan tengsiz asarlar yaratdi.

Alisher Navoiy davrida saltanatda tarqoqlik boshlangan, Amir Temur yuksakka koʻtargan mayoqlar kundan-kun soʻnib borardi. Ulugʻ shoir bu tarqoqlik va boshboshdoqlik sababi maʼrifatsizlik, ilmdan uzoqlashish ekanini yaxshi ilgʻagan.

Til, adabiyot — maʼrifatgina insonni jaholatdan qutqara oladi. Til shunchaki maʼrifat beshigigina emas, balki milliy gʻurur yalovi hamdir. Millatning gʻururini qaytarish, uni qayta tarbiyalash uchun, albatta, gʻururni tarbiyalovchi vosita kerak edi.

Til millatning mavjudligigina emas, uning ruhi, qanoti va gʻururi hamdir. Shuning uchun ham Alisher Navoiy millat gʻururini ona til, uning goʻzal va betakror ifodasi boʻlmish badiiy, ilmiy, tarixiy asarlari bilan yuksaklikka koʻtardi. Zamondoshi Husayn Boyqaroning soʻzi bilan aytganda: “Turk tilining oʻlgan jasadiga Masih kabi ruh kiritdi”.

2

Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lugʻatayn”ni yozish uchun juda puxta tayyorgarlik koʻrgan. Asar tilning insoniyat tafakkurida tutgan oʻrniga berilgan baho bilan boshlanadi: “Insonni nutq va til sharafi bilan boshqa maxluqotdan ajratib qoʻygan, uning tili va nutqining goʻzalligini namoyon qilgan, insonni (oʻzining) bergan neʼmatlariga shukr qiladigan qilib qoʻygan Allohga hamd-u sanolar boʻlsin”. Shoir oʻzining bu fikrlarini sheʼrga koʻchirib:

Insonni soʻz ayladi judo hayvondin,

Ki guhari sharifroq yoʻq ondin,

shaklida ifodalagan. Aslida, millat tarixi, insoniyat tarixi — bu til tarixi deganidir. Biror millatning tarixda qolishi uning tili taraqqiyoti, millat ongining rivoji tili takomili bilan bogʻliq. Ijodkor bu yerda soʻzdan soʻzning farqliligini, til va tafakkurning chambarchasligini, komillik maʼno nutqining egasiga bogʻliq ekanini qatʼiy urgʻulaydi: Yaxshi soʻzdan oʻlgan badanga toza ruh yetadi.

Alisher Navoiy fikricha, soʻzdan murod insondir, inson maʼno nutqining egasi. Yaʼni insongina soʻzga maʼno libosi kiydira oladi.

Garchand turkiy tilda Navoiygacha ham asarlar bitilgan boʻlsa-da, biroq bu yaxlit madaniyat darajasiga koʻtarilmadi. Shoir taʼbiri bilan aytganda, turkiy til jamiyatda toʻla oʻz oʻrniga ega boʻlmasdan, “turkanaroq” boʻlib qolgandi. Davlat yuritish tartibi, yasolar turkcha esa-da, hali-hanuz yozuv tili, siyosat tilini turkcha deb boʻlmasdi. Turkiy tilda yaratilgan ayrim asarlarni istisno qilganda, ular Alisher Navoiy kutgan darajada emasdi.

“...Sulton Sohibqiron Temur Koʻragon zamonidan xush axloq farzandi Shohruh Sulton zamonining oxirigacha turk tilida ijod etuvchi shoirlar paydo boʻldi... lekin ijod bobida tilga olingan forsiy shoirlarga teng keladigan yolgʻiz Lutfiydan boshqa kishi paydo boʻlmadi...”. Alisher Navoiy nazdida sherga hamla qilish uchun sher boʻlish, ona tilning jozibasini koʻrsatish uchun urf boʻlgan tilda yaratilgan asarlardan-da goʻzalroq, mukammalroq asar yaratish zarur edi.

Bu manmanlik yoxud kibr emas. Alisher Navoiy ayni shu asarida oʻzini “tuproq”, “faqir”, “soʻz ahli xirmonining boshoqchisi”, “soʻz xazinasining poyloqchisi” deb ataydi. Oʻzining devonlari, “Xamsa”si, bosh­qa adabiy asarlari bilan Abdurahmon Jomiydek ustozining eʼtirofiga sazovor boʻlgan, dovrugʻi “Xitodan to Xuroson”ga yetgan bir paytda oʻzini naqadar kamtar tutganini koʻramiz.

Shoir oʻzini qanchalik xokisor tutmasin, oʻziga va ona tiliga qatʼiy ishonch uning har bir asari va satrida sezilib turadi. Shu tufayli ham butun boshli adabiy janrlarni isloh qiladi. Faqat janrlarni emas, ongni, tafakkurni yangiladi. Bu ulugʻ ishda hali ham davom etyapti. Oʻziga ishongani uchun ham salaflari oʻttiz yilda bitgan shoh asarlarni, “Xamsa”dek durdonani agar Yaratgan quvvat bersa, oʻttiz oyda yoza olishini urgʻulaydi:

Ani derga boʻlsa qachon ragʻbatim,

Erur oncha Haq lutfidin quvvatim.

Ki, har necha nutq oʻlsa kohilsaroy,

Bitigaymen oʻttuz yilin oʻttuz oy.

Bu ijodkorning ham oʻziga, ham ona tilining imkoniyatiga beqiyos ishonchidir. “Agar dono hakam toʻgʻrilik bilan koʻz solib, burungi forsiy va soʻnggi turkiyning goʻzallik va nozikliklaridan bahra olib, har birining bahosi va darajasini aniqlagan vaqtida, umidim shunday va xayolimga bunday kelurki, soʻzimning martabasi yuqori darajadan quyigʻa tushmas va bu tizmalarim yulduzlari eng oliy darajadan oʻzga yerni egallamas”, deya qatʼiyat koʻrsatishida Alisher Navoiyga xos buyuk jasorat namoyon boʻladi.

“Turkiy tilning toʻliqligi shuncha dalillar bilan isbot qilingach, bu xalq orasidan paydo boʻlgan isteʼdodli kishilar qobiliyat va isteʼdodlarni oʻz tillari turib boshqa til bilan yuzaga chiqarmasliklari va ishga solmasliklari kerak edi. Agar ikki tilda aytishga qobiliyatlilari boʻlsa, oʻz tillarida koʻproq va yana bir tilda ozroq aytsalar boʻlar edi”.

Buyuk ajdodimiz turkiy tilning jozibadorligini, unda ajoyib soʻz va iboralar koʻpligini, biroq goʻzal tarzda, jozibali satrlarda koʻrsata olishning qiyinligi, shu sababli ijod olamiga endi kirib kelgan ijodkorlar bu kabi mushkulliklardan malollanib oson yoʻlni tanlashini kuyunib qayd etadi.

Muallif oʻzining “Gʻaroyib us-sigʻar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoye ul-vasat”, “Favoid ul-kibar” asarlari qay taxlit, qay maqsadda yuzaga kelganini bayon qilib, “Xamsa”ning yaralishiga toʻxtaladi:

“Bu toʻrt devon ovozasin chun rubʼi maskunga yetkurupmen, “Xamsa” panjasiga panja urupmen. Avvalkim, “Hayrat ul-abror” bogʻida tabʼim gullar ochibdur, Shayx Nizomiy ruhi “Maxzan ul-asror”idin boshimga durlar sochibdur.

Yana chun “Farhod va Shirin” shabistoniga xayolim yuz tutubdur. Mir Xusrav dami “Shirin va Xusrav” oʻtidin charogʻimni yorutubdur. Yana chun “Layli va Majnun” vodisida ishqim poʻya urub, Xoju himmati “Gavharnoma”sida nisorimga gavharlar yetkuruptur. Yana chun “Sabʼai Sayyora” rasadin zamirim bogʻlabdur, Ashraf “Haft paykar”ining yetti hurvashin peshkashimga yarogʻlabdur. Yana chun “Saddi Iskandariy” asosin xotirim muhandisi solibdur, Hazrati Maxdum “Xiradnoma”sidin koʻsi isloh va imdod cholibdur”. Bu asarlarni oʻz tilida bitganidan, ona tilining imkoniyatlarini olamga tanitganidan cheksiz gʻurur tuyadi.

3

Turkiy tilning nafosatini koʻrsatish uchun arab, fors tillarini yaxshi bilishi shart edi. Arab va fors tillarini yaxshi bilgani, oʻz ona tiliga yuksak muhabbati boʻlgani uchun ham Alisher Navoiy hujjat tili, siyosat tili, nazm tili forscha boʻlib turgan bir paytda katta bir jasorat bilan turk tilini bayroq qilib koʻtardi. Oʻzining taʼbiri bilan aytganda, turkiy tilda asarlar yaratib, turkiy mamlakatlarni birlashtirdi — yakqalam ayladi. Shuning uchun ham ulugʻ allomaning jasorati oʻz ona tiliga muhabbati va uni yuksaklarga koʻtargani bilan belgilanadi.

Alisher Navoiyning har bir asari jasorat timsolidir. Uning sheʼriyati ham, “Xamsa”si, ilmiy, tarixiy asarlari ham yuksak badiiy tafakkur namunasidir. Buyuk ajdodimiz asarlari uning merosini oʻrganish uchungina emas, balki oʻsha davr adabiy muhiti, millat badiiy tafakkur tarixini oʻrganishda ham muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

Alisher Navoiy oynai jahonni oʻz asarlarida “Jamshidi jom” deb atagan. Yoxud boʻlmasam, “Farhod va Shirin”da Farhodning oʻz safari davomida temir odam — robotga duch kelishi oradan necha asrlar oʻtib yaratilgan robotlarni, “Sabʼai sayyor”dagi oʻzi yurar taxtlar keyinchalik kashf etilgan avtomobillarni yodimizga soladi.

Folklorga xos anʼanalar shoirning “Xamsa” dostonidagi “Sabʼai sayyor”, “Farhod va Shirin” dostonlarida yanada yaqqolroq namoyon boʻladi.

“Sabʼai sayyor”da yetti raqamiga va ranglarga alohida urgʻu beriladi: yetti sayyora, yetti kun, yetti qasr, yetti yoʻlovchi, yetti hikoya va hokazo. Alisher Navoiy asarlaridagi raqamlar, ranglar, mifologik obrazlar talqinida biz xalq ijodiga xos xususiyatlarni koʻramiz.

Bundan necha ming yillar oldin ajdodlarimiz koinot, kelajak haqidagi orzularini ertaklar, dostonlar orqali ifodalagan. Ertak va dostonlarimizdagi uchar gilamlar, dunyoning narigi burchagidagi voqealarni aks ettiradigan oynai jahon, olti oylik yoʻlga bir zumda yetib boradigan sehrli qush haqidagi tasavvurlari shunchaki xayol boʻlmagan. Buning oʻz davri uchun qanchalik ahamiyatli, bugungi tilda aytadigan boʻlsak, innovatsion gʻoya boʻlganini Navoiy asarlarini oʻqib, anglab yetishimiz mumkin.

“Farhod va Shirin”dagi Hoqon, Farhod, Suqrot kabi obrazlarni biz xalq dostonlaridagi obrazlarga qiyoslasak, ajib bir uygʻunlik koʻramiz. Bundan tashqari, Alisher Navoiy asari asosida baxshilarimiz “Farhod va Shirin” nomidagi dostonlarni kuylashgan. Xususan, Fozil Yoʻldosh oʻgʻlining “Farhod va Shirin” dostoni Alisher Navoiy taʼsirida yuzaga kelgan, xalq ogʻzaki ijodi qonuniyati asosida yaratilgan doston hisoblanadi.

4

Islom madaniyati, falsafasisiz Alisher Navoiyni anglash mumkin emas. Biroq mutafakkir bobomiz merosi shu bilan chegaralanmaydi. Shoir islomiy eʼtiqodga suyangan holda oʻzigacha boʻlgan jami adabiy va falsafiy qarashlarni sintez qila olgan, inson fitrati bilan bogʻliq qarashlar cheksizligini, uning ildizlari insoniyat paydo boʻlgan davr, qadim tushunchalar va tasavvurlar bilan chambarchas bogʻliqligini isbotlab bera olgan.

Alisher Navoiy qarashlari tasavvuf olamida tamomila yangicha bir qarash, uning yangi bir bosqichi, yangi bir yuksalishidir. Shubhasiz, tasavvuf borasida ulugʻ shoir oʻz salaflaridan juda ilgarilab ketdi. Ona tilining imkoniyatlari orqali tasavvufiy tushunchalarni, ramz, timsol, metaforalar, tasavvuf falsafasi sarhadlarini yanada kengaytirdi.

Shoir turkiy tafakkur evrilishlarini eng yorqin, eng koʻrkam ranglarda tasvirlab, yuksak pardalarda kuyladi. Turkiy xalqlar badiiy tafakkurini umuminsoniy badiiy tafakkuriga aylantira oldi.

“Xamsa” shunchaki beshta doston emas. Bu dostonlarning har biri puxta oʻylangan, har biri yaxlit bir hodisa va ayni paytda bir-birini toʻldiradigan bir tizimga solingan mukammal badiiy hodisa.

“Xamsa”ning “Hayrat ul-abror”dan boshlanib, “Saddi Iskandariy” bilan tugashida ham ramziy maʼno bor. Muallif bu badiiy mukammallik nuqtasida juda puxta oʻylab, yuksak mahoratini namoyish etganining guvohi boʻlamiz. Iskandar vafoti oldi shunday vasiyat qiladi:

Chiqoring bir ilkimni tobutdin,

Hamul navʼkim rishta yoqutdin.

Ki el solib ul sori hayrat koʻzi,

Ne hayrat koʻzi, balki ibrat koʻzi...

Sharqshunos olim N. Konrad aytganidek:Agar Alisher birgina shu timsolni yaratganida ham biz baribir qarshimizda daho shoir turganini anglagan boʻlar edik”.

Alisher Navoiy turkiy til, madaniyat va tafakkurning hosilasi. Chunki chinakam evrilishlar, tarixiy burilishlar, bugungi til bilan aytadigan boʻlsak, Renessanslar birinchi galda til va tafakkur bilan bogʻliq.

Har ishniki qildi odamizod,

Tafakkur birla bildi odamizod.

Alisher Navoiy oʻz davrining farzandi, biroq u oʻz davrininggina shoiri emas. U bugunning ham, kelajakning ham shoiri, faylasufi, tarixchisi, tilshunosi, tom maʼnodagi ziyolisidir. Fikrda, tafakkurda, badiiyatda Navoiy koʻtarilgan maqomga insoniyat hali yetib kelmadi. Yetib borish, bu merosni anglash, oʻziniki qilish, oʻziga singdirish esa har bir avlodning oʻziga bogʻliq. Shoirning olam va odam, inson qalbi va ruhiyati haqidagi fikrlari hamma davrlar uchun dolzarb ahamiyat kasb etaveradi.

Alisher Navoiy Vatanda tugʻilib, Vatanni ulugʻlab, Vatanga aylangan ijodkordir. Ijodkor boʻlmoq — millat shaʼnini yuksakka koʻtarib, gʻurur dargʻasi boʻlmoq, deganidir.

Olimlarimizdan biri Alisher Navoiyni turkiy adabiyotning poytaxti, deb atagandi. Zero, shoir asarlari badiiy, falsafiy, ilmiy jihatdan mukammal asarlargina emas, balki bizning tafakkurimizga, ongimizga, shuurimizga kuch va quvvat beradigan, insonlarni, ellarni, elatlarni, xalqlarni biri-biriga birlashtiradigan maʼnaviy makon hamdir.

Har kuni Alisher Navoiy asarlariga yuzlanishimiz, uning soʻzlarini hayotimiz haqiqatiga aylantirishimiz kerak. Shunda ulugʻ bobomiz ruhi biz bilan doim birga boʻladi, shunda biz millat sifatida ajdodlarga xos boʻlamiz. Bir bayt oʻqiymizmi, bir satrmi, albatta, oʻzining samarasini beradi. Alisher Navoiy merosi shunday kuchga, shunday qudratga ega.

Mamlakatimiz rahbari uchinchi Renessans poydevorini yaratish gʻoyasini oʻrtaga tashladi. Mana shu tamaddun poydevorini yaratishda, oʻzimizni yangi taraqqiyot davriga tayyorlashda Alisher Navoiydek allomalarning fikriga, asarlariga suyanishimiz lozim boʻladi.

Jabbor ESHONQULOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi

Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi direktori,

filologiya fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер