Uyida muzey ochgan otaxon
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyatining Buvayda tumani ahli azaldan adabiyot va sanʼat shaydosi sifatida tanilgan. Tumanda yetishib chiqqan hofiz Rasul qori Mamadaliyev va uning oʻnlab izdoshlari, Muhiddin Darveshov kabi soʻz ustalari, shoir va yozuvchilar, olimlar ana shu mehr-muhabbatning totli mevasidir.
Ana shu muhitda katta boʻlgan buvaydalik mehnat faxriysi Rasuljon Kamolov bir necha yillar oldin oʻz xonadonida muzey tashkil etib, tuman tarixiga taalluqli noyob eksponatlarni jamlab kelmoqda. Bunday buyumlar orasida turli davrlarga oid musiqa asboblari, eski plastinkalar, qoʻlyozmalar ham bor.
— Yillar mobaynida uy-muzeyimda 1000 ga yaqin eksponatlar jamlandi, — deydi otaxon. — Bularning har biri qadrli. Mazkur buyumlarni koʻz qorachigʻidek asraymiz.
Uy-muzeyida ardoqli sanʼatkorlarimiz Halima Nosirova, Saodat Qobulovalarning jonli ovozlari yozilgan 400 ga yaqin eski plastinkalar saqlanmoqda. 200-yillik tarixga ega dutor va tanburlar, naqshlar bilan bezatilgan uygʻur tanburi, surnay, nay, kumush naqshli baxshilar doʻmbirasi, magnit tasmalar, tarixiy magnitofonlar bu yerga keluvchi har qanday sanʼat shinavandasini oʻziga mahliyo etadi.
Moʻjazgina muzey sohibining aytishicha, bu tanburni uzoq yillar xalqimizning suyukli sanʼatkorlari chalgan. Tanburni toshkentlik taniqli usta 1950-yillarda Joʻraxon Sultonov uchun maxsus buyurtma asosida yasab bergan. Tarixiy tanburni Joʻraxon Sultonovdan Orifxon Hatamov olgan. Keyin Rasul qori Mamadaliyev foydalangan. Undan soʻng mashhur “Fargʻona tong otguncha” qoʻshigʻining muallifi Abdulatif Xoldorov chalib yurgan. Shu tariqa ushbu musiqa asbobi muzeydan joy egalladi.
Shuningdek, muzeyda qoʻli va qalbi gul chevarlar tikka qadimgi gulsochiqlar, soʻzanalar, choponlar, zarbof liboslar, arab harflaridan naqshlar ishlangan kumush taqinchoqlar, paranjilar, koʻplab noyob kitoblar joy olgan.
Boʻsh vaqtini koʻpincha muzeyda oʻtkazadigan Rasuljon ota mahorat bilan tanbur, dutor chalib hordiq chiqarishni xush koʻradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring