Uy shunchaki boshpana emas, kichik vatan

11:47 28 Oktyabr 2024 Jamiyat
156 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Xalqimizda bir gap bor: “Qushning ham uyi boʻlsin”. Darhaqiqat, oʻzbek xalqi borki, farzandi dunyoga kelishi bilan unga atab terak ekadi. “Katta boʻlsa oʻgʻlimga qurgan uyimga toʻsin boʻladi”, deydi. Hatto xorijda qoʻnim topib, “ildiz otgan” bolasi uchun ham ota qishlogʻida bitta boshpana qurib qoʻyadi. Turkiyada istiqomat qilayotgan bir tanishimning aytishicha, u yerda koʻpchilik odamlar ijara uylarda yasharkan va bu odatiy hol emish. Shunday boʻlsada, bizning oʻzbeklar oʻziga uy sotib olishga intilar ekan. Ha, biz shunaqa xalqmiz – bir umr uyim-joyim, deymiz! Chunki, uy biz uchun shunchaki boshpana emas, kichik vatandir! Vatansiz el esa el boʻlmaydi...

Davlatimiz rahbari har gal Andijon viloyatiga tashrifi chogʻida eng avvalo, aholini turar-joy bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, tegishli koʻrsatmalarni beradi. Zero, hududda aholini eng koʻp tashvishga solayotgan muammolardan biri turar-joy masalasidir. Hatto murojaatlarning yarmidan koʻp qismi aynan shu mavzuda boʻladi. Avvallari bu borada yechimi yoʻq savollar koʻp boʻlgan. Natijada bitta hovlida uch-toʻrttagacha xoʻjaliklar istiqomat qiladigan davrlar oʻtdi.

Shukrlar boʻlsinki, bugungi kunga kelib muammolar ancha yechim topib qoldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har bir manzilda uy-joylar barpo etilmoqda. Birgina Andijon viloyatida joriy yilning oʻzida 211 ta 8,2 ming xonadonli uy-joylarni qurish rejalashtirilgan boʻlib, hozirga qadar 50 ta 2105 xonadonli koʻp qavatli uylar oʻz egalariga topshirildi. Natijada 100 ming nafardan ortiq aholining turar-joy bilan bogʻliq muammolari ijobiy yechim topdi.

— Mamlakatimiz aholisi bugungi kunga kelib 38 million nafarga yetdi. Birgina Andijon viloyatining oʻzida bir yilda oʻrtacha 60 ming nafardan ortiq chaqaloqlar dunyoga kelayotganligini hisobga oladigan boʻlsak, demak, aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyoji ham keskin ortib bormoqda, —deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi Andijon viloyat boʻlimi raisi Oʻktamjon Oxunov. — Shuning uchun viloyatda amaliy ishlarga kirishilgan. Nafaqat shaharlarda, balki tumanlarda ham koʻp qavatli uylar barpo etilmoqda. Nega aynan koʻp qavatli uylar? Sababi, Andijon viloyati mamlakatimizdagi eng aholisi zich joylashgan, biroq yer maydoni kichik boʻlgan hudud hisoblanadi. Bu yerda har bir qarich yerning hisobi bor. Shuning uchun uy-joy qurishda eniga emas, boʻyi oʻsish oʻrinlidir. Shundagina koʻp qavatli uylar hisobiga qishloq xoʻjaligida foydalanilayotgan va iqtisodiyotimizning asosiy tayanchi boʻlgan ekin maydonini saqlab qolgan boʻlamiz. 4 ming gektar maydondan iborat 411 ming nafar aholi istiqomat qilishi rejalashtirilgan “Yangi Andijon” massivining Andijon tumanidagi foydalanilmay turgan adirlik yon bagʻrida barpo etilayotganligining sababi ham shundan.

Andijon viloyatida aholini uy-joy bilan taʼminlash ishlariga 2016-yildan kirishila boshlandi. Unga qadar viloyatda birorta ham koʻp qavatli uy qurilmagan. Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga binoan aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash borasida olib borilgan ishlar natijasida 2016-2024-yillar davomida 904 ta 33,5 ming xonadonli koʻp qavatli uylar barpo etildi. Shundan 40 tasi “Yangi Andijon” massivida qad rostladi.

— Uzoq yillar davomida ijara uyda istiqomat qildik, — deydi “Yangi Andijon” massividagi yangi uylardan biriga koʻchib kelgan Faridaxon Xoʻjamqulova. — Shaharning biz yashamagan dahasi qolmadi, hisob. Har safar bolalarimning koʻzlariga tikilganimda, ularning kelajagidan tashvishlanar edim. Turmush oʻrtogʻimdan erta ayrilganligim, topganim roʻzgʻordan ortmayotganligi sababli ularni uyli-joyli qilishni oʻylab, toʻgʻrisi, dardman boʻlib qoldim. Keyingi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida aholini uy-joy bilan taʼminlash borasidagi ishlar, yangi loyihalar qalbimda umid uygʻotdi. Oʻtgan yili subsidiya asosida “Yangi Andijon” massividan xonadonli boʻldim. Bu hayotimdagi eng baxtiyor kunimga aylandi. Hozir hayotimdan mamnunman! Zamonaviy sharoitlarga ega boʻlgan uyda farzandlarim bilan xotirjam yashamoqdaman. Hududimiz kundan-kunga rivoj topib bormoqda. Yangi uylar soni kun sayin ortib boryapti, desam, mubolagʻa boʻlmaydi.

Bugungi kunda respublikamizning barcha hududlari katta qurilish maydoniga aylangan. Jumladan, Andijon viloyatining hatto chekka hududlarida ham quruvchilar faoliyatiga koʻzingiz tushadi. Bir paytlar atigi 3 qavatdan baland bino qurilmagan bu manzillarda endilikda hech ikkilanmay 16 qavatdan iborat turar-joylar qad rostlayapti. Ularni koʻrib dastavvaliga: “Bularni turkiyaliklar qurayotgan boʻlsa kerak”, deb oʻylaysiz. Sohada katta tajriba maktabini yaratgan qardoshlarimiz esa bizning quruvchilar ham shunday mahobatli binolarni barpo etishini tan olmoqdalar.

— Bu borada jahon tajribasini oʻzlashtirganimiz qoʻl kelmoqda, —deydi “Andijon Mega Project” MCHJ rahbari Muhammadjon Boltaboyev. — Uni mahalliy muhitga uygʻunlashtirgan holda yangi loyihalar ustida ishlamoqdamiz. Biz taqdim etayotgan smeta asosida barpo etilayotgan binolar uzoq yillar davomida xalqimizga xizmat qilishiga ishonaman. Chunki, ular kuchli zilzila va boshqa tabiiy falokatlarga bardoshli boʻlib, jahon talablariga javob bera oladigan xomashyolardan foydalanilmoqda.

Arxitektura-shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu korxona bir yilda 100 dan ortiq xususiy uy-joy loyihalari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Buning uchun 25 nafar mutaxassislar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

— Loyiha hujjatlarini tayyorlayotganda buyurtmachining talab va xohishlariga asoslanamiz, — suhbatda davom etadi korxona rahbari M.Boltaboyev. — Xomashyolar shunga qarab tanlab olinadi. Quvonarli jihati shundaki, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlanayotgan xomashyo mahsulotlari jahon talablariga toʻliq javob beradi.

Korxona tomonidan ishlab chiqarish koʻlami yildan-yilga ortib bormoqda. Misol uchun, 2021-yilda 1 milliard soʻmlik loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich 1,8 milliard soʻmni tashkil etdi. Bunga hududda bunyodkorlik ishlarining keng koʻlamda amalga oshirilayotgani sabab boʻlmoqda.

“Marin Business Trade” MCHJ tomonidan hozirda 10 ta koʻp qavatli uylar qurilishi boshlangan. Loyiha foydalanishga topshirilgach, 1440 ta oila yangi xonadoniga ega boʻladi.

— Biz viloyat markazining “Eski shahar” hududida kichik shaharcha barpo etmoqdamiz, — deydi qurilish prorabi Bahromjon Umarov. — “Shahar ichidagi shahar” maqomini oladigan ushbu loyiha doirasida nafaqat turar-joylar, balki savdo doʻkonlari, avtoturargoh, dam olish maydonlari, yashil makon, kichik hajmdagi ichimlik suv inshooti, elektr energiyasi podstansiyasi, tabiiy gaz uzatuvchi quvurlar barpo etiladi. Hududda bozor, maktab, maktabgacha taʼlim tashkiloti, yirik savdo majmuasi, kutubxona, teatr, istirohat bogʻi mavjud ekanligi esa aholi uchun yaratilgan qulayliklar koʻlamini oshiradi. Eng muhimi, biz qurayotgan uylar kuchli favqulodda vaziyatlarga dosh bera olish imkoniyatiga ega. 10, 15, 16 va 22 qavatlardan iborat ushbu uylarning xonalari keng va shinam. Undagi sharoit Yevropa va milliy jihatlar uygʻunligini oʻzida mujassam etgan.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bugungi Andijon kechagidan tubdan farq qiladi. Ijtimoiy hudud sifatida ham ahamiyatga molikdir. Bu esa xalqimizning oʻz uyida bugungi kunidan minnatdor holda istiqomat qilish imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер