Buxorodagi koʻp qavatli uyda roʻy bergan portlash jabrdiydalari nima deyishmoqda?

Kecha, yaʼni 4-fevral kuni soat 17.30 da Buxoro shahri I. Karimov koʻchasida qad rostlagan toʻqqiz qavatli uyda tabiiy gaz bilan havo chaqnashi oqibatida roʻy bergan portlash tafsilotlari saytimiz orqali yoritilib borilmoqda. Muxbirimiz bugun shu baxtsiz hodisadan jabr koʻrganlar ahvolini bilish maqsadida respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida boʻldi.
— Kecha roʻy bergan shu koʻngilsiz voqea oqibatida jabrlangan 12 nafar fuqaro shifoxonamizga zudlik bilan olib kelinib, ularga zarur muolajalar koʻrsatishga kirishildi, — deydi mazkur filial direktori oʻrinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi Qahramon Karimov. — Shularning besh nafariga miya chayqalishi tashxisi qoʻyildi. Ular oʻrta ogʻir ahvolda. Ikki nafari umumiy reanimatsiya boʻlimida yotibdi. Birining ahvoli ogʻirroq. U portlash joyida boʻlgan. Yuz – koʻzlari 35 foiz kuygan. Bugun ertalabga kelib ahvoli ancha yaxshilandi. Bemalol gaplasha oladi. Yana biri koʻkrak qafasining shikastlanishi bilan yotibdi. Ahvoli yaxshi. Bugun-erta uyiga javob beramiz. Besh nafar fuqaro esa “situatsion nevroz” yaʼni qoʻrquv holatiga tushgan. Zarur tibbiy yordam koʻrsatib,ularga ambulator holatda uylariga javob berdik. Reanimatsiyada yotgan besh bemorning ikki nafari ham oilasi bagʻriga qaytmoqda. Ularning ahvoli qoniqarli. Besh nafari esa davolanishda davom etmoqda. Ular ham oʻrta ogʻir ahvolda. Biroq xavotirga hojat yoʻq. Zarur muolajalardan soʻng bu bemorlarimiz ham sogʻayib, xuddi koʻrmagandek boʻlib ketishadi.
Shundan keyin portlash oqibatida jabrlanganlarning ayrimlari bilan suhbatlashdik.
— Koʻp qavatli uyda portlash roʻy bergan pallada biz shaxsiy avtomashinamizda ketayotgandik, — deydi bemorlardan biri Shahlo Idiyeva. — Rulda turmush oʻrtogʻim edi. U kishiga ziyon yetmadi. Ammo mashinamiz oynalari chil-parchin boʻlib ketdi. Shisha qoʻlimni kesib yubordi. Oʻzim ham qoʻrqib ketdim. Shifokorlarga rahmat. Qoʻllaridan kelgan yordamni berishyapti.
Fuqaroning aytishicha, avtomashinalarining yoʻlovchi avtobus yon tomonida ekanligi naf bergan. Zarba kuchi biroz susaygan. Avtobusda esa Buxorodagi «VST Sluster” korxonasi ishchilari boʻlishgan.
— Nima roʻy berganini sezmay ham qoldik, — deydi oʻzini Mohinur Mahmudova deb tanishtirgan korxona ishchisi. — Xayriyatki, dunyoda yaxshi insonlar, shifokorlar bor. Korxonamiz rahbarlariga ham rahmat.Ular hol-ahvolimizdan xabar olib turishibdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda portlash roʻy bergan koʻp qavatli uyda hali odamlar koʻchib kelishmagani haqidagi xabarlar paydo boʻlgandi. Ammo haqiqatda ahvol boshqacharoq. Biz shu uyda oʻtgan yilning oktyabr oyidan buyon yashab kelayotgan Bibirajab Sobirova bilan suhbatlashdik. Ikki farzandning onasi boʻlgan bu ayol binoning 8- qavatidagi ikki xonali uyda istiqomat qilgan. U ham davolanmoqda.
— Ishdan qaytayotib, singlimning ikki yoshli bolasini bogʻchadan olgandim, yonimda qizim ham bor edi, — deydi u. — Gaz keldi, deyishganini eshitib, baliq qovurmoqchi boʻldim. Qovurganim zahoti nima roʻy berganini anglay olmay qoldim. U yogʻi nima boʻlganini bilmayman. Tashqariga chiqib, ustalarga qarab baqirganimni eslay olaman, xolos. “Tez tibbiy yordam”da meni shu shifoxonaga olib kelishibdi. Qizim sogʻ-salomat. Singimning bolasini soʻrasam, “Uni onasiga topshirdim” dedi. Bu uy uchun uy egasi Jamshidga 147 million soʻm toʻlaganman. Yana 23 million soʻm qarzim bor. Remontiga pul sarflaganman. Oʻtgan yilning oktyabrida shu uyga koʻchib oʻtganmiz. Uy egasi “Koʻpi bilan bir oyda hamma sharoitni qilib beraman”, degandi. Ammo uch oyni gazsiz oʻtkazdik. Qishning sovuq kunlarida oʻzimdan nima oʻtganini oʻzim bilaman. Endi uyimiz nima boʻladi? Ana shuni oʻylab oʻyimga yetolmayapman...
Jabrdiydalarga tezroq tuzalib ketishlarini tilab, baxtsiz hodisa roʻy bergan koʻp qavatli uy tomon yoʻl oldik. Juda kuchli portlash asoratlari shundoq koʻrinib turibdi. Lekin bizni boshqa bir jihat oʻyga toldirdi. Bu koʻcha Buxoroning eng serqatnov, tirband joylaridan sanaladi. Shunga qaramay, bu va boshqa koʻp qavatli turarjoylar shundoq yoʻl yoqasida qurilyapti. Yoʻl bilan oraliq masofa juda qisqa. Bu shaharsozlik meʼyorlariga nechogʻli mos keladi? Qolaversa, bugunni emas, ertani oʻylab ish tutishimiz kerak emasmi? Shusiz ham tor koʻchada oradan besh-oʻn yil oʻtib tirbandlik ikki-uch hissa oshmaydi, deb kim kafolat beradi? Qolaversa, uy bilan yoʻl oʻrtasidagi oraliq masofa uzoqroq boʻlganida avtobus yoki yengil avtomashinada ketayotganlar jabr koʻrmasmidi, degan xayolga ham borasan, kishi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring