Mahalla raisi saylovlari: demokratik tamoyillar asosida yangi bosqichga chiqmoqda

Foto: Davronbek Ernazarov / «Xalq so‘zi»
2025-yil 19-aprel kuni Yoshlar ijod saroyida joriy yilning may-iyul oylarida bo‘lib o‘tadigan mahalla raisi saylovlarini tashkil etish va o‘tkazishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘nggi yillarda mahalla institutining jamiyatdagi roli tobora oshib borayotgani, mazkur tizimning bosqichma-bosqich rivojlantirilayotgani, uning moliyaviy imkoniyatlari kengaytirilayotgani ta’kidlab o‘tildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mahallaga qo‘shimcha vakolat va mas’uliyat yuklatilib, uning samarali faoliyati uchun aniq mexanizmlar belgilab berilgani qayd etildi.
Hozirgi kunda mamlakat bo‘ylab 9 452 ta mahallada 57 132 nafar “Mahalla yettiligi” a’zolari faoliyat yuritmoqda. Ular aholini ish bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, jinoyatchilikning oldini olish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, oilalarda totuvlikni ta’minlash kabi yo‘nalishlarda keng qamrovli ishlar amalga oshirmoqda.
Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi Qonuniga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq, mahalla raislarining vakolat muddati 5 yilga uzaytirildi. Shu bilan birga, mamlakat tarixida ilk bor saylovlar yangicha demokratik tamoyillar asosida, ochiqlik va oshkoralikda, fuqarolarning xohish-irodasi erkin ifoda etiladigan sharoitda o‘tkaziladi.
Qonunga ko‘ra, saylov o‘tkazish muddatlarini belgilash vakolati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlariga o‘tkazildi. Bu esa mahallalarning mahalliy vakillik organlari bilan hamkorligini yanada mustahkamlaydi.
Matbuot anjumanida Mahallalar uyushmasi tomonidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar ham muhokama qilindi. Ayni paytda mamlakatdagi mahallalar zamonaviy talablarga javob beradigan faoliyat yuritmoqda va islohotlar jarayonida lokomotiv bo‘g‘inga aylangan.
“Mahalla yettiligi”ning bir yillik natijalariga ko‘ra, 4 901 ta mahalla jinoyatchilikdan, 2 930 ta mahalla oilaviy ajrimdan, 1 795 ta mahalla esa ishsizlikdan xoli hududga aylangan. Aholi murojaatlarining qariyb 80 foizi mahallaning o‘zida hal etilmoqda.
Shuningdek, aholiga xizmat ko‘rsatish maqsadida 208 ta tuman (shahar)da “Mahalla servis kompaniyalari” tashkil etildi. Mahallalarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni xalqaro miqyosda ham e’tirof etildi – O‘zbekistonda “Aholining turmush darajasini oshirishda mahallaning o‘rni” mavzusida I xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Saylovlarga tayyorgarlik doirasida Respublika shtabi, 14 ta hududiy va 208 ta tuman (shahar) komissiyalari qoshida maxsus shtablar tashkil etildi. 9 452 ta mahallada ishchi guruhlar (85 150 nafar a’zo) faoliyat olib boradi. Ular uchun tegishli qo‘llanmalar, uslubiy tavsiyalar, banner va plakatlar tayyorlanib, hududlarga yetkazildi.
Saylovda jami 2 591 823 nafar vakil ishtirok etishi kutilmoqda. Matbuot anjumanida saylov kampaniyasining rasmiy logotipi va shiori ham namoyish etildi. Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan jamoatchilik va OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Bu galgi mahalla raislari saylovi – xalqimiz xohish-irodasiga asoslangan, demokratiya va faol fuqarolik jamiyati tamoyillariga muvofiq o‘tadigan tarixiy jarayon sifatida yurtimiz siyosiy hayotida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.
Foto: Davronbek Ernazarov / «Xalq so‘zi»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring