Toshkent shahrida “Vakillik hokimiyati organlari tizimini modernizatsiya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy muammolari: Oʻzbekiston uchun xalqaro tajriba” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi

23:39 18 Aprel 2025 Siyosat
237 0

2025-yil 17-18-aprel kunlari Toshkent shahrida “Vakillik hokimiyati organlari tizimini modernizatsiya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy muammolari: Oʻzbekiston uchun xalqaro tajriba” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.

Mazkur anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjumandan kutilayotgan maqsad – yangilangan Konstitutsiya sharoitida Parlament va mahalliy xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish, shuningdek, mahalliy va xorijiy mutaxassislar oʻrtasida fikr almashishdan iborat.

Xalqaro anjumanda Oliy Majlis deputatlari va senatorlari, mahalliy xalq deputatlari Kengashlari raislari, vazirlik va idoralar, tahliliy markazlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirok etdilar. Shuningdek Buyuk Britaniya, Sloveniya, Fransiya, Polsha, Yaponiya, Xitoy, Turkiya, Qozogʻiston va Tojikiston kabi 9 mamlakatdan davlat arboblari, ekspertlar va olimlar qatnashdilar. Bular bilan bir qatorda, mazkur tadbirda Venetsiya komissiyasi, YEXHT va GIZ kabi xalqaro tashkilotlardan ham vakillar qatnashdi.

Anjuman 2023-yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan keyin amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar doirasida oʻtkazildi. Asosiy yoʻnalishlardan biri vakillik hokimiyati organlarini shakllantirish va ularning faoliyatiga oid yondashuvlarni qayta koʻrib chiqish boʻldi. Anjuman davomida qonunchilik faoliyati, parlament nazorati, vakillik va ijro hokimiyati organlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik, shuningdek, siyosiy partiyalar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining roli masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ushbu anjuman Toshkentda shahridan oʻtkazilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasidan koʻp oʻtmay oʻtkazilishi unga alohida ahamiyat kasb etdi. Shunday muhim xalqaro anjumanning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlarning jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilganini anglatadi. Bu, oʻz navbatida Oʻzbekistonning global muloqot va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maydoni sifatidagi nufuzi oshganidan dalolat beradi.

Shu nuqtayi nazardan, anjuman ishtirokchilari Oʻzbekiston bugungi kunda xalqaro hamjamiyatda samarali, inklyuziv va shaffof davlat hokimiyati tizimini barpo etishga qaratilgan demokratik islohotlar mamlakati sifatida tan olinayotganini taʼkidladilar. Bunday yuksak baho davlat va jamiyat qurilishining siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini belgilab bergan “Oʻzbekiston-2030” strategiyasining bosqichma-bosqich amalga oshirilishi tufayli erishilmoqda. Ushbu Strategiya doirasida mamlakatimiz Prezidenti tomonidan demokratik institutlarni yanada mustahkamlash, xalq hokimiyati mexanizmlarini takomillashtirish va fuqarolik jamiyatining rolini oshirish boʻyicha keng qamrovli vazifalar belgilangan.

Anjuman ishtirokchilari 2023-yilgi Referendumda qabul qilingan yangilangan Konstitutsiyaning alohida ahamiyatini taʼkidladilar. Ushbu Konstitutsiya Oʻzbekiston milliy davlatchiligi rivojlanishida yangi bosqichni belgilab berdi hamda demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat qurishning poydevori boʻldi. Uning asosiy maqsadi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, shuningdek mamlakat farovonligi va xavfsizligini kafolatlashdan iborat.

Anjumanda taʼkidlanishicha, 2024-yilda ilk bor aralash saylov tizimi asosida oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi mamlakatimizda konstitutsiyaviy oʻzgarishlarni amalga oshirishda muhim qadam boʻldi. Vakillik organlarini shakllantirishga oid yangicha yondashuvlar Oʻzbekistonning ilgʻor demokratik vositalarni joriy etish, hokimiyat shaffofligini va hisobdorligini taʼminlash, siyosiy partiyalar hamda fuqarolik institutlarining erkin rivojlanishini kafolatlashga boʻlgan qatʼiyatini koʻrsatmoqda.

Shu bilan birga, hokimiyatning vakillik organlarini samarali modernizatsiya qilish xalqaro tajribani har tomonlama oʻrganishni, eng ilgʻor xorijiy amaliyotlarini tahlil qilishni hamda mamlakatning milliy xususiyatlari va manfaatlari inobatga olgan holda ulardan foydalanish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishni taqozo etadi.

Xalqaro anjuman olti sessiyadan iborat boʻlib, har biri sessiya hokimiyatning vakillik organlarini tizimini modernizatsiya qilishning asosiy yoʻnalishlarini muhokama qilishga bagʻishlandi: xalq hokimiyati asoslarini mustahkamlash sharoitida hokimiyatning vakillik organlarining yangi konstitutsiyaviy qiyofasi; Parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirishning ustuvor yoʻnalishlari.

Muhokama markazida shuningdek, parlament nazoratini tashkil etish va amalga oshirishda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillarini va normalarini implementatsiya qilish masalalari; hokimiyatning vakillik tizimini zamonaviylashtirishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish masalalari ham boʻldi. Anjumanda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini takomillashtirish va parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning siyosiy-huquqiy masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Anjuman yakunida yangi konstitutsiyaviy islohotlar sharoitlarda Parlament va hokimiyatning vakillik organlarini faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Mazkur tavsiyalar yangi konstitutsiyaviy voqelik sharoitida parlament va deputatlik faoliyatini samarali tashkil etish, shuningdek, vakillik va ijro etuvchi hokimiyatlarning oʻzaro hamkorligi boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar hamda tashkiliy-huquqiy modelni ishlab chiqish uchun asos boʻlib xizmat qilishi koʻzda tutilgan.

Mazkur Anjuman Oʻzbekistonning demokratik islohotlarni amalga oshirish va hokimiyatning vakillik organlari tizimini takomillashtirish yoʻlida xalqaro hamjamiyat bilan muloqotga, tajriba almashishga va xalqaro aloqalarni mustahkamlashga ochiqligini tasdiqlovchi yana bir misol boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер