Uchquduqning firuza toshlari tayvanlik investor diqqatini tortdi

15:01 07 Mart 2025 Jamiyat
92 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimiz rahbari Navoiy viloyatiga oʻtgan yilgi tashrifi doirasida hududning investitsiyaviy jozibadorlik imkoniyatlaridan keng foydalanish va qoʻshimcha qiymat hamda yangi ish oʻrinlari yaratish vazifalarini belgilagan edi.

Shu asosda hududlarda bir qator xorijlik investorlar bilan muzokaralar olib borilib, istiqbolli loyihalarni amaliyotga joriy etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Chunonchi, tayvanlik investor Rey Xung va uning hamkorlari firuza toshlarini qazib olish va qayta ishlashga doir loyihani amalga oshirish maqsadida Uchquduq tumanida boʻlib, tuman adliya boʻlimi davlat xizmatlari markazida “JU SHI XING CHENG” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonani davlat roʻyxatidan oʻtkazishdi.

— Qiymati 5 million AQSH dollariga teng ushbu loyiha doirasida dastlab 10 ta yangi ish oʻrni yaratiladi, — deydi tuman hokimi Uchqun Yelmurotov. — Keyinchalik qimmatbaho toshni qayta ishlashning yoʻlga qoʻyilishi ortidan mahalliy aholi uchun yaratiladigan ish oʻrinlari soni yanada ortadi.

Ayni kunlarda Xitoyning “Gansu Construction Investment” kompaniyasi vakillari Navoiy viloyati Normat Tursunov tomonidan qabul qilindi.

— Viloyat hokimi rahbarligidagi delegatsiyaning oʻtgan yilgi Xitoy davlatiga safarida ushbu Qurilish-investitsion korporatsiya(xolding) rahbariyati bilan hamkorlik memorandumi imzolangandi, — deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Elyor Gʻafforov. — Unga koʻra, mazkur kompaniya vakillariga viloyatimizga tashrif buyurib, Navoiy viloyati hokimi va korporatsiya vakillari viloyatda yirik qurilish-bunyodkorlik ishlari, Yangi Navoiy shaharchasi barpo etilishi, zamonaviy va sifatli avtomobil yoʻllarining qurilishi, choʻllanishning oldini olish, mavjud choʻllarni obodonlashtirishda ishtirok etish masalalari boʻyicha muzokaralar olib bordi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, “Gansu Construction Investment” kompaniyasi 1953-yilda tashkil etilgan boʻlib, u dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlarida oʻz filiallariga ega va 40 dan ziyod mamlakatlarda qurilish ishlarini olib boradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?