Uchqoʻrgʻonlik fermer maktab ochdi

17:27 03 Sentyabr 2025 Jamiyat
107 0

Uchqoʻrgʻon tumanining Yangiyer mahallasi hududida faoliyat olib borayotgan koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi rahbari Gulhumor Togʻayeva koʻplab xayrli ishlarning tashabbuskori. Kuni kecha uning xoʻjaligi tomonidan qurib bitkazilgan maktab internat foydalanishga topshirildi.

“International School Gulxumor” deb nomlangan yangi muassasa oddiy maktab emas, xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashgan. Bu yerda barpo etilgan 360 oʻrinli binoda zamonaviy taʼlimning barcha sharoitlari yaratilgan. Oʻquv xonalari, 12 turdagi sport yoʻnalishlariga moʻljallangan kompleks mavjud. Yoshlarni jismoniy chiniqtirish barobarida yirik musobaqalar oʻtkazish imkoniyatiga ega.

– Ushbu loyihamiz ijrosi umumiy qiymati 21 milliard soʻmni tashkil etadi, – deydi G.Togʻayeva. – Endi qishlogʻimiz yoshlari tilni mukammal oʻrganish uchun uzoqqa bormaydi. Ularga jahon andozalarida saboq berish uchun eng malakali mutaxassislarni taklif etganmiz.

Yangi xususiy maktabning ochilishi “Bilimlar kuni” tantanasiga ulandi. Marosimda Namangan viloyati hokimi “International School Gulxumor” nafaqat Uchqoʻrgʻon tumani, balki butun viloyatda taʼlim-tarbiya sifatini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiluvchi muhim loyihaligi, kelajak avlodni xalqaro talablarga mos mutaxassislar qilib tarbiyalashga oʻz hissasini qoʻshishini taʼkidladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?